The Guardian: Rossiya armiyasi Ukrainaning Kursk oblastidagi rejalari haqida oldindan bilgan
Kursk oblastidagi bo‘linmalar qo‘mondonlari 2024 yil yanvar oyi boshidan beri Ukraina qurolli kuchlarining bo‘lajak hujumi haqida ogohlantirilgan. Rossiya razvedkasi Sudjaning qo‘lga olinishi va Seym daryosi ustidagi ko‘prik portlashini taxmin qilgan, bu haqda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qo‘lga kiritilgan hujjatlarda aytilgan.
Britaniyaning The Guardian gazetasi 20 sentabr, juma kuni ukrainalik harbiy qo‘lga kiritgan Rossiya ichki ishlar vazirligi, FSB va armiya hujjatlariga tayanib, Rossiya harbiy rahbariyati Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Kursk oblastiga hujum uyushtirish ehtimoli yuqori ekanligini oldindan bilgani to‘g‘risida xabar berdi.
Ushbu hujjatlarga ko‘ra, Kursk oblastidagi bo‘linmalar qo‘mondonligi 2024 yil yanvar oyining boshidan boshlab yaqinlashib kelayotgan hujum haqida ogohlantirilgan. Fevral oyi o‘rtalarida Rossiya razvedkasi Ukraina qurolli kuchlari Ukrainaning asosiy bo‘linmalari kelishidan oldin to‘rt kunlik «yo‘lak» yaratish uchun Sumi viloyati hududidan 80 kilometr chuqurlikka kirib borishga harakat qiladi, deb taxmin etgan. Mart oyida mahalliy harbiy xizmatchilarga mudofaa chizig‘ini mustahkamlash va qo‘shimcha mudofaa mashg‘ulotlarini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Iyun oyining o‘rtalarida Ukrainaning avgust oyida sodir bo‘lgan Sudja shahrini nazorat qilish rejalari haqida aniqroq ogohlantirish paydo bo‘ldi. Hujjatlarda, shuningdek, Rossiyaning mintaqadagi ta’minot liniyalarini buzish uchun Seym daryosi ustidagi ko‘prik portlatilishi ehtimoli haqida so‘z boradi.
Rossiya armiyasi safida ruhiy holat va o‘z joniga qasd qilishlar
Bundan tashqari, Ukraina harbiylari tomonidan qo‘lga kiritilgan qo‘lda yozilgan jurnallarda Kursk oblastidagi bo‘linmalarning ruhiy holati pastligi va shaxsiy tarkib yetishmasligi haqida gapiriladi. Rossiya armiyasining front chizig‘i yaqinida joylashgan bo‘linmalarining 60-70 foizi zaif tayyorgarlikka ega bo‘lgan zaxiradagi askarlardan iborat bo‘lib, Rossiya qurolli kuchlari saflarida ruhiy tushkunlik tufayli harbiylar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilgan, deb yozadi The Guardian.
Komandirlarning qo‘l ostidagi bo‘linmalarda ma’naviy-ruhiy holatni saqlash uchun shaxsiy tarkibni har kuni siyosiy tayyorgarlikdan o‘tkazish, shuningdek, askarlar orasidan «deviant xulq-atvorga moyil» shaxslarni aniqlash, keyinchalik ularni harbiy tibbiyot muassasalariga yuborish bo‘yicha ko‘rsatmalari berilgan.
The Guardian ta’kidlashicha, u barcha bu hujjatlarni ukrainalik harbiylardan olgan va ularning haqiqiyligini mustaqil tasdiqlay olmaydi. Uning ixtiyoridagi qog‘ozlarning aksariyati 488-motoo‘qchilar polkining bo‘linmalariga tegishli.
Ukrainaning Kursk oblastidagi hujumi
Ukraina qurolli kuchlari 6 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Kursk oblasti hududiga hujum boshladi. Prezident Zelenskiy operatsiyani Rossiya hududida «bufer zona» yaratish zarurati bilan izohladi. Uning fikricha, Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumi Ukraina shimoli-sharqida faol harbiy harakatlar zonasini kengaytirish maqsadiga ega bo‘lgan rus qo‘shinlarining rejalashtirilgan hujum operatsiyalarini to‘xtatdi.
Shu bilan birga, Kiyev Kursk oblasti aholisiga gumanitar yordam yetkazilishi, Ukraina va Rossiya Federatsiyasiga evakuatsiya qilinishi haqida bir necha bor ma’lumot bergan. Sentyabr oyida Rossiya qurolli kuchlari mintaqada qarshi hujum boshladi.
Mavzuga oid
08:36
AQSh Helsinki komissiyasi Rossiyada nomaqbul deb tan olindi
00:31
Apple o‘zining onlayn do‘konidan mustaqil OAV ilovalarini o‘chirib tashlayotganiga izoh berdi
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
21:53 / 25.12.2024