Iqtisodiyot | 16:02 / 23.09.2024
3236
5 daqiqa o‘qiladi

Gaz importi 5,7 barobarga oshdi, oltin sotish qayta tiklandi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

2024 yilning 8 oyida O‘zbekiston 1,15 mlrd dollarlik gaz sotib oldi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 5,7 barobarga ko‘p. Gaz importining oshib borayotgani fonida tashqi savdoda Rossiyaga bog‘liqlik kuchayib boryapti. Xususan, hisobot davridagi umumiy tashqi savdo aylanmasining 18,6 foizi Xitoy, 18,2 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bir necha oylik tanaffusdan keyin, avgust oyida oltin sotish qayta tiklandi. O‘tgan oydan qariyb 800 mln dollarlik qimmatbaho metall eksport qilingan.

Foto: Getty Images

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yil yanvar-avgust oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi 42,7 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 17,34 mlrd dollar, import hajmi esa 25,36 mlrd dollar. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport 5,5 foizga, import 7,4 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 8 mlrd dollarga yetgan.  

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa-da, bu borada Rossiyaning ulushi ham oshib boryapti. Hisobot davrida Xitoy bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 8 mlrd dollarga, Rossiya bilan 7,7 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining mos ravishda 18,8 va 18,2 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Qozog‘iston (6,2 foiz), Turkiya (4,6 foiz) va Janubiy Koreya (3,1 foiz) bilan qayd etilgan.

2024 yilning dastlabki 8 oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan Top-10 davlat:

  • Xitoy – 8 mlrd dollar;
  • Rossiya – 7,7 mlrd dollar;
  • Qozog‘iston – 2,6 mlrd dollar;
  • Turkiya – 1,9 mlrd dollar;
  • Koreya – 1,3 mlrd dollar;
  • Turkmaniston – 805 mln dollar;
  • Fransiya – 744 mln dollar;
  • Germaniya – 679 mln dollar;
  • Afg‘oniston – 668 mln dollar;
  • AQSh – 614 mln dollar.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan beshta mamlakat – Fransiya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Pokiston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 15 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

E’tiborga molik jihati yanvar-avgust oylarida o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, quyidagi davlatlarga eksport hajmi sezilarli darajada ko‘paygan: Rossiyaga (1,97 mlrd dollardan 2,46 mlrd dollarga), Fransiyaga (261 mln dollardan 497 mln dollarga), Afg‘onistonga (537 mln dollardan 646 mln dollarga), AQShga (90 mln dollardan 210 mln dollarga). Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasiga mahsulot yetkazib berish qisqargan:

  • Qozog‘istonga (950 mln dollardan 872 mln dollarga);
  • Qirg‘izistonga (491 mln dollardan 365 mln dollarga);
  • Tojikistonga (389 mln dollardan 329 mln dollarga);
  • Turkmanistonga (118 mln dollardan 78 mln dollarga).

Eksport

8 oy davomida oltinsiz eksport 14,4 foizga o‘sib, qariyb 12,35 mlrd dollarni tashkil etgan. Mazkur davrda oltinning umumiy eksportdagi ulushi 28,8 foiz yoki 4,9 mlrd dollargacha kamaydi. Iyul oyida O‘zbekiston Markaziy banki qariyb 791 mln dollar qiymatidagi oltin eksport qilgan. 

Shuningdek, 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 16,8 foizdan 16,3 foizga kamaygan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 7,1 foizdan 7,3 foizga, kimyoviy vositalarning ulushi 5,1 foizdan 6,2 foizga, mineral yoqilg‘ilarning ulushi 3,7 foizdan 5,1 foizga oshdi.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (35,5 foiz), sanoat tovarlari (15,1 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,3 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 1,15 mlrd dollarlik gaz import qildi, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,7 barobarga ko‘p. O‘z navbatida birgina iyul oyida 168,3 mln dollarlik gaz sotib olingan. Bu o‘tgan yilning iyuliga(0,8 mln dollar) nisbatan 210 barobarga ko‘p.

O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 7,1 foizga yoki 404,8 mln dollargacha oshgan. Xususan, iyun-iyul-avgust oylarida 344 mln dollarlik gaz eksport qilingan.

Shuningdek, 8 oy davomida 106 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,8 foizga kam. 

Yanvar-avgust oylarida 88 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 10,5 foiz) va 70,4 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 45,8 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti 2,3 barobarga oshib, 409 mln dollarni, importi esa 29,5 foizga ko‘payib, 1 mlrd 422 mln dollarni tashkil qilgan. 

Mavzuga oid