Jahon | 21:42 / 23.09.2024
2486
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda yashin urishi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi

Yashin urishi oqibatida halok bo‘lganlarning 6 nafari o‘quvchilar bo‘lib, ular yomg‘ir yog‘ayotganida uyiga qaytayotgan bo‘lgan.

Foto: Getty Images

Hindistonning Chxattisgarx shtatida yashin urishi oqibatida sakkiz kishi, jumladan, olti nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat rasmiylariga tayanib Ani agentligi xabar berdi.

«Yomg‘ir vaqtida Jorataray qishlog‘ida sakkiz kishini yashin urdi. Ularning olti nafari maktabdan qaytayotgan o‘quvchilar bo‘lsa, uch nafari esa daraxt ostida panada turgan. Yashin urishi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan. Amaldorlar hodisa joyiga yetib kelgan. Bir kishi tabiiy ofat oqibatida jarohat olgan», — deydi okrug mas’uli Sanjay Agarval.

Qayd etilishicha, sentabr boshida ham ushbu shtatda yashin urishi oqibatida yetti kishi halok bo‘lgan va uch kishi jarohat olgan. Politsiya superintendanti Abxishek Singxning so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngilsiz hodisa jarbrlanuvchilar kuchli yog‘ingarchilik vaqtida, daladan uyga qaytayotganida sodir bo‘lgan.

Marhumlarning eng kichi 18 yoshda, eng kattasi esa 40 yoshda bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning iyun oxirlarida Qozog‘istonning Atirau viloyati Miyali qishlog‘ida O‘zbekiston fuqarosi yashin urishi oqibatida halok bo‘lgandi. Tergov jarayonida u Qozog‘istonga bir oy avval kelgani va Miyali qishlog‘ida yashovchi fuqaroning uyida vaqtincha ro‘yxatga olingani aniqlangan. Uning jasadi ko‘zdan kechirilganda, tan jarohatlari aniqlanmagan, u sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazish uchun tuman shifoxonasi o‘likxonasiga yetkazilgan.

Mavzuga oid