Jahon | 20:21
1010
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp saylovda yutqazsa, yana prezidentlikka nomzodini qo‘ymasligini aytdi

«Menimcha, shu bilan hammasi tamom bo‘ladi», dedi 78 yoshli Tramp.

Foto: Getty Images

AQSh sobiq prezidenti va prezidentlikka nomzod Donald Tramp noyabr oyidagi saylovda mag‘lub bo‘lsa, yana prezidentlikka nomzodini qo‘ymasligini aytdi.

«Full Measure» ko‘rsatuvi boshlovchisi undan intervyu olib, noyabr oyida Kamala Harrisga yutqazib qo‘ysa, 2028 yilda prezidentlik uchun yana bir bor nomzodini qo‘yishi haqida so‘radi.

«Yo‘q. Menimcha, shu bilan hammasi tamom bo‘ladi. Men o‘zimni yana bir marta nomzod sifatida ko‘rmayapman», dedi 78 yoshli Tramp va saylovda yutib chiqishiga umid qildi.

AQSh qonunlariga ko‘ra, bir kishi ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lishi mumkin emas, shuning uchun u g‘alaba qozonsa, 2028 yilda yana o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.

Ilgari Tramp saylovlarda mag‘lub bo‘lish ehtimoli haqida kamdan-kam gapirar edi – u deyarli har doim o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishlarida va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida yaqinlashib kelayotgan g‘alabasini ishonch bilan e’lon qilgan. Ammo so‘nggi to‘rt kun ichida u ikki marta mag‘lub bo‘lish ehtimolini tan oldi.

Birinchi marta 19 sentabr kuni Isroil-Amerika kengashining tadbirida bo‘ldi. Tramp, agar yutqazsa, amerikalik yahudiylar qisman aybdor bo‘lishini aytdi. Bu bayonot Kamala Harrisning saylovoldi shtab-kvartirasi va partiyasiz tashkilotlar: Amerika yahudiy qo‘mitasi va Tuhmatga qarshi liga tomonidan qoralandi.

AQSh prezidenti saylovi 5 noyabr kuni o‘tkaziladi.

Mavzuga oid