Jahon | 21:48 / 24.09.2024
1142
2 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi sun’iy intellekt dunyoni bo‘lib yuborishi xavfidan ogohlantirdi

Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, boshqaruvning global yondashuvisiz sun’iy intellekt barcha sohalarda sun’iy bo‘linishga olib kelishi mumkin.

Foto: UN Photo

Sun’iy intellektni (SI) boshqarish bo‘yicha global yondashuv ishlab chiqilmasa, ushbu yangi texnologiya dunyoni ikki lagerga bo‘lib yuborishi mumkin. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Bosh Assambleyaning 79-sessiyasidagi chiqishida ma’lum qildi.

«Sun’iy intellekt atrofimizdagi barcha narsani, ish, ta’lim, muloqotdan boshlab, madaniyat va siyosatgacha o‘zgartirib yuboradi. SI tez rivojlanayotganini bilamiz, ammo u bizni qayerga olib boradi: katta ozodlikkami yoki ko‘plab mojarolargami?» — deydi Guterrish.

BMT bosh kotibining ta’kidlashicha, boshqaruvning global yondashuvisiz sun’iy intellekt barcha sohalarda sun’iy bo‘linishga olib kelishi mumkin. «Ikkita internet, ikkita bozor, ikkita iqtisodiyot paydo bo‘lib, har bir davlat jiddiy oqibatlarga olib keladigan tomonlarning birini tanlashga majbur bo‘ladi», — deydi Guterrish.

Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta kompaniya va «hatto alohida insonlar ham» hozirda biror nazoratsiz «SIning rivojlanishi bo‘yicha ulkan hokimiyatni» qo‘lga kiritgan.

Avvalroq BMT Bosh kotibi ayni vaqtda Global raqamli shartnomani imzolash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotgani — u Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan sammitda qabul qilinishi rejalashtirilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

Mavzuga oid