O‘zbekiston | 17:09
7492
5 daqiqa o‘qiladi

“Hamma fermer imzo qo‘yib berishi kerak” - paxta yetishtiruvchilar narxni tushirishga majburlanmoqda

Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforov tuman hokimiga hamma fermerlarni majlisga yig‘ib, “birja tomonidan tashlab berilgan blanka”ga muhr va imzo qo‘ydirishni topshirdi. Bu bilan, fermerlar va klasterlar o‘rtasida 8-9 mln so‘mdan tuzilgan shartnomalarning hammasi o‘zgartirilib, paxta narxi tushiriladi.

Rahmatullo G‘afforov

Paxta-to‘qimachilik klasterlari fermerlarga yetishtirilgan paxta uchun yil boshida tuzilgan shartnomalardagi narxda to‘lov qilishni istamayapti. Bunga jahon bozorida paxta xomashyosi arzonlashgani vaj qilib ko‘rsatilmoqda. Joylarda fermerlar klaster bilan tuzgan shartnomalarni o‘zgartirish bo‘yicha “ixtiyoriy-majburiy” tarzda qo‘shimcha shartnomalar tuzishga majburlanmoqda.

Kun.uz'ga kelib tushgan audioyozuvda Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforov tumanlardan birining hokimiga shu mazmunda topshiriq berganini eshitish mumkin. Amaldor Toshkentdan “blanka” tashlab berilganini aytib, fermerlar unga imzo qo‘yib berishi zarurligini ta’kidlagan.

Hokim buva, hozir Toshkentdan, birja tomonidan blanka tashlab berildi. Ertaga 100 foiz fermer xo‘jaliklari yig‘ilishda qatnashishi shart. Hamma fermer yig‘ilganida, shu blankaga pechat bostirib, bir tarafiga imzo qo‘ydirib berishi kerak. Vazirlar Mahkamasining yangi chiqqan 574-sonli qarori ijrosi mana shu bilan bo‘lib ketadi. Qaytadan 6800 so‘mdan bo‘ladi, ustiga davlat subsidiya beradi, 1000 so‘m qo‘shilganidan keyin 7800 so‘m bo‘ladi.  Oldingi tuzilgan, 8000-9000 so‘mdan sotilgan hammasi 100 foiz bekor bo‘ladi”, – degan QXB boshlig‘i.

Kun.uz muxbiri Telegram'da bu ovozli xabarni yo‘llagan “Gapparov Raxmatulla” nomli akkauntga biriktirilgan +998 9x-xxx-22-26 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni Rahmatulla G‘afforov ko‘tardi va o‘zini tanishtirgan muxbirga “G‘aniyevning videoyig‘ilishida o‘tirgani”ni, “undan chiqib bog‘lanishi”ni aytdi. U katta ehtimol bilan davlat rahbarining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyevni nazarda tutgan.

Rahmatullo G‘afforov audioda aytib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining 574-sonli qarori bilan O‘zbekistonda fermerlar va klasterlar o‘rtasida paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha yil boshida tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha kelishuvlar tuzilmoqda.

Yil boshida 2024 yil hosilidan birinchi nav ikkinchi sinf bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi, jahon bozoridagi oxirgi 12 oylik o‘rtacha kotirovkalardan kelib chiqib, 7 mln 800 ming so‘m deb e’lon qilingan edi. Shunga muvofiq, fermerlar va klasterlar o‘rtasida fyuchers shartnomalari tuzish bo‘yicha birjadagi savdolarga shu boshlang‘ich narx asos bo‘lgandi.

Biroq shundan keyin o‘tgan davrda jahon bozorida paxta xomashyosi narxi arzonlashdi. Vazirlar Mahkamasining 16 sentabr kuni qabul qilingan “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ayni paytda jahon bozorida paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxlari tonnasiga 6 mln 800 ming so‘m atrofida shakllanmoqda.

Hukumat bu vaziyatda paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xomashyosi (paxta-to‘qimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi hamda urug‘lik paxta bundan mustasno) uchun 1 mln so‘m miqdorida subsidiya ajratgan holda, 2024 yil uchun paxta yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar o‘rtasida birja savdolarida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha narxni pasaytirishga, minimal 6 mln 800 ming so‘m deb belgilashga qaror qildi.

Hukumat qarori fermerlarda e’tirozlar uyg‘otmoqda. Kun.uz'ga murojaat qilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari arzon narxda qo‘shimcha kelishuvlar tuzish uchun ularga bosim qilinayotgani, yangi shartlarga ko‘nmaguncha, ayrim klasterlar terilgan paxtani olmayotganini ma’lum qilgan.

Kun.uz suhbatlashgan mutaxassislarning fikricha, bu harakatlar bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mutlaqo zid bo‘lib, soha qatnashchilari o‘rtasida sog‘lom iqtisodiy aloqalar muhiti yuzaga kelishiga, haqiqiy bozor munosabatlarini shakllantirish yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.

Mavzuga oid