O‘zbekiston | 17:08 / 24.09.2024
5097
4 daqiqa o‘qiladi

Moliyaviy piramida targ‘ibotiga yo‘l qo‘ygan maktab direktori va bog‘cha mudirasi ishdan olindi

Kun.uz surishtiruvidan keyin HNK mediakompaniyasining ta’lim maskanlaridagi targ‘iboti yuzasidan Bolalar ombudsmani hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rganish o‘tkazdi. Natijada ta’lim va tarbiya maskanida ushbu kompaniya targ‘ibotiga yo‘l qo‘ygan maktab direktori va bog‘cha mudirasi lavozimidan ozod etilgan. Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, voyaga yetmaganlardan tijoriy maqsadlarda foydalanish bola ekspluatatsiyasining bir shakli hisoblanadi.

Foto: Kun.uz

HNK mediakompaniyasining ta’lim maskanlaridagi targ‘iboti yuzasidan Kun.uz surishtiruvidagi holatlar Bolalar ombudsmani hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘rganildi. Bu haqda Kun.uz’ga Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, holatlardan biri Chust tumanidagi 69-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan. Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ta’lim maqsadlariga zid ravishda maktabda ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlar tashkil etgani uchun maktab direktori J.T.ga intizomiy chora qo‘llanib, u lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, yana bir holat Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida kuzatilgan. Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan bunga yo‘l qo‘ygan maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi v.v.b. A.Z.ga ham tegishli intizomiy chora ko‘rilib, u vazifasidan ozod qilingan.

“O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 32-moddasida davlat bolaning iqtisodiy ekspluatatsiyadan hamda uning sog‘lig‘i uchun xavf-xatar yetkazishi mumkin bo‘lgan yoki ta’lim olishiga to‘sqinlik qiladigan yoxud sog‘lig‘i, jismoniy, aqliy, ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishiga zarar keltiradigan har qanday ishlardan himoya qilinish huquqini e’tirof etadi deb belgilangan.

Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida turli media tijorat kompaniyalari targ‘ibotining o‘tkazilishi ta’lim muassasalarning maqsad va vazifalariga nomuvofiq bo‘lishi bilan birgalikda, qonunchilik talablariga ham ziddir.

Xususan, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 17-moddasida voyaga yetmaganlarni tovarlarni olishga da’vat qilish yoki reklama qilinayotgan tovarlarni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga undash taqiqlanishi belgilangan. Bolalardan bu kabi tijoriy maqsadlarda foydalanish - bola ekspluatatsiyasining bir shaklidir”, deyiladi Bolalar ombudsmani munosabatida.

Ta’lim bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tashviqot tadbirlariga bolalarning jalb etilishiga nisbatan qat’iy murosasiz bo‘lish va bunday nomaqbul holatlarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli qonuniy choralar ko‘rish shartligi yuzasidan Bolalar ombudsmani tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga tegishli xulosa kiritilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda vazirlik rahbariyati tomonidan ta’lim muassasalarida bunday nomaqbul holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish bo‘yicha respublikaning barcha hududiy maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmalariga tegishli topshiriqlar berilgan.

Kun.uz HNK mediakompaniyasi targ‘iboti bilan mahalla raislari ham shug‘ullanayotganini aniqlagandi. Xususan, Buxoro shahridagi To‘qimachi mahallasiga 2,5 yildan beri raislik qilib kelayotgan Sherzod Jumayev ushbu moliyaviy piramidaga uning o‘zi ham qo‘shilganini ma’lum qilgandi.

“Tekshirib ko‘rdim, bu ishonchli ekan, O‘zbekiston bilan 2021-2031 yillarga shartnoma qilgan ekan. Guvohnomalarini ko‘rdim. O‘zim ham 360 ming so‘m bilan kirdim. Hali birinchi bosqichdaman”, degan edi mahalla raisi.

Tahririyat ushbu holat yuzasidan Mahallalar uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Biroq boshqarma vakili Sherzod Jumayevga biror chora ko‘rilgan yoki ko‘rilmaganini ochiqlamadi. 

Mavzuga oid