O‘zbekiston | 16:15
1616
2 daqiqa o‘qiladi

Muzrabot tumaniga yangi hokim tayinlandi

So‘nggi ikki yil davomida tumanga rahbarlik qilib kelgan Abdurashid Ismoilov o‘rnini fermer xo‘jaligi rahbari egalladi.

Foto: Muzrabot tumani hokimligi

Xalq deputatlari Muzrabot tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov sessiyada ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Abdurashid Ismoilov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilganini bildirib, Alisher Qurbonovich Qurbonov nomzodini Muzrabot tumani hokimi etib tayinlash taklifini bildirdi. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Alisher Qurbonov 1973 yilda Muzrabot tumanida tug‘ilgan. 1995 yilda Toshkent qishloq xo‘jaligi institutini, 2005 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi-tashkilotchi, yurisprudensiya.

Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda hamda xususiy sektorda mehnat qilgan. Tayinlovga qadar A.Qurbonov «Amirqulbobo KAA» fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Viloyat rahbari yangi hokimga tumanda aholi turmush farovonligi oshirish, mavjud imkoniyatlarni ishga solish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida yangi vazifalarni belgilab berdi hamda faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, tuman faollari hamda mutasaddilaridan yangi hokim boshchiligida tuman rivoji uchun mehnat qilishni so‘radi.

Ma’lumot uchun, Abdurashid Ismoilov tumanga 2022 yil sentabridan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. 

Mavzuga oid