O‘zbekiston | 08:30
2015
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston harakatga 2027−2029 yillarda raislik qilishi mumkin.

Foto: Telegram / bakhtiyor_saidov

O‘zbekiston 2027−2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilish rejasini e’lon qildi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lumot berdi.

«Qo‘shilmaslik harakatining vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdik. Ugandani 2024−2026 yillarga yangi tayinlangan rais sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va Ozarboyjonning avvalgi muvaffaqiyatli raisligi uchun minnatdorlik bildiramiz», — deydi vazir.

U O‘zbekistonning 20-sammitga mezbonlik qilishi va 2027−2029 yillarga mo‘ljallangan harakatga rahbarlik qilishi rejalarini e’lon qilinganini bildirdi.

«Bunda energiya xavfsizligi, barqaror rivojlanish va global savdo tizimlarini mustahkamlash kabi asosiy ustuvorliklarga e’tibor qaratamiz. Tinchlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va ta’lim orqali kelajak avlodni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Birgalikda zamonamiz chaqiriqlarini hal qilishimiz va Global janubning ovozini kuchaytirishimiz zarur», — deya qayd etdi vazir.

Qo‘shilmaslik harakati har ikki yilda bir marta sammit o‘tkazadi va navbatdagi raislik boshqa bir mamlakatga topshiriladi.

Mavzuga oid