O‘zbekiston | 22:10 / 26.09.2024
5274
6 daqiqa o‘qiladi

26 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Poytaxt havosini ifloslantiruvchi mazutdan voz kechiladi, Samarqandda quritilgan bog‘lar prokuratura nazoratida, O‘zbekistonda tibbiyot turizmi rivojlantiriladi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Poytaxt havosini ifloslantiruvchi mazutdan voz kechiladi

2030 yildan Toshkent shahri va uning atrofida mazutdan foydalanish taqiqlanadi. Poytaxt atrofidagi ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalarga esa filtrlar o‘rnatiladi.

2028 yilgacha kuchli chang bo‘ronlarini hozirgiga nisbatan 50 foizga kamaytirish vazifasi qo‘yildi.

“Yevro–4” standartidan past yoqilg‘ilarni bosqichma-bosqich cheklashni boshlash 2028 yilga qoldirildi.

2025 yil 1 yanvardan Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o‘rnatish ishlari boshlanadi.

2026 yil 1 yanvardan poytaxtda o‘rnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.

Bu choralarning barchasi «Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida aks etgan.

Shuningdek, 2025–2030 yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyati hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbog‘” va “yashil bog‘lar” tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Qurigan bog‘lar masalasi prokuratura nazoratiga olindi.

Toshkentda yashil bog‘lar tashkil qilingan bo‘lsa, Samarqandda tashkil qilingani quritildi. Kun.uz’da e’lon qilingan lavhaga ko‘ra, Samarqandda xalqaro tadbirlar doirasida katta tantana bilan ochilgan ikkita bog‘ quritilgan.

«CRIC-21 yashil bog‘i» degan tantanali nom bilan 2023 yilning 13 noyabrida Samarqand shahrida BMTning Cho‘llashishga qarshi kurashish konvensiyasini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida barpo etilgan edi.

Ikkinchi bog‘ 2024 yilning fevralida Samarqandda o‘tkazilgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya tomonlarining 14-konferensiyasi — COP14 yig‘ilishi doirasida barpo etilgan va «COP-14 Yashil jamoat parki» deb atalgandi.

Holatni o‘rganish uchun viloyat prokuraturasi tomonidan viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda ishchi guruh tuzilgan.

Samarqand viloyati prokuraturasining xabar berishicha, maqolada ko‘rsatilgan holatlarni o‘rganish uchun Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda ishchi guruh tuzilgan.

«Ishchi guruhi a’zolari joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlarini amalga oshirmoqda. O‘rganish natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi», deyiladi xabarda.

Yana ikki tumanda hokim o‘zgardi

Kecha Toshkent shahrida ikkita va Surxondaryoning bir tumanida hokim o‘zgargani xabar berilgan edi. Poytaxt va Surxondaryoda yana bittadan tumanlarga yangi hokimlar tayinlangani ma’lum bo‘ldi.

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida 2023 yilning yanvaridan buyon tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Ulug‘bek Zokirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.

Uning o‘rniga Akbarali Ishmurzoyev Sho‘rchi tumani hokimi etib tayinlandi. Tayinlovga qadar Ishmurzoyev 2023 yildan buyon Denov tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Asli bankir bo‘lgan va 1997-2022 yillarda turli banklarda ishlagan Ulug‘bek Zokirov 2023 yil yanvarida Sho‘rchi tumani hokimligiga tayinlangandi.

Toshkent shahrining Uchtepa tumaniga Bunyod Baxtiyorovich Mamajonov hokim etib tayinlandi.

U 2020 yildan shu kunga qadar «Asakabank» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

2019 yil mayidan buyon Uchtepa tumaniga Farhod Abdullayev rahbarlik qilib kelayotgan edi. Uning keyingi faoliyati haqida hozircha ma’lumot berilmadi.

O‘zbekistonda tibbiyot turizmi rivojlantiriladi

Turizm qo‘mitasiga yuklatilgan qo‘shimcha vazifalarga ko‘ra, O‘zbekistonning chegara bojxona postlari hududida xorijiy fuqarolar uchun respublikadagi tibbiyot, sog‘lomlashtirish muassasalari imkoniyatlari to‘g‘risida targ‘ibot kampaniyalari tashkil qilinadi.

Bu «O‘zbekistonda tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida aks etgan.

Qarorga ko‘ra, shuningdek, «Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi» (Medical service hospitality) dasturi amalga oshiriladi, «Avitsenna» nomi ostida O‘zbekistonning tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi brendi ishlab chiqiladi va boshqa chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Avvalroq Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-avgust oylarida 74,7 ming nafar chet el fuqarolari davolanish maqsadida O‘zbekistonga kelganini ma’lum qilgan edi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 34 ming nafarga yoki 83,6 foizga oshgan.

O‘zbekistonga davolanish maqsadida kelgan chet el fuqarolari orasida Tojikiston (57 ming 380 nafar) va Qozog‘iston (8542 nafar) yetakchilik qilmoqda.

Mavzuga oid