Sport | 17:00 / 26.09.2024
1462
5 daqiqa o‘qiladi

Chempionlik kurashiga ta’sir qiluvchi jarohat - Rodrisiz «Siti»ning titul poygasidagi imkoniyatlari qancha?

«Manchester Siti» Rodrisiz o‘tkazgan har uch o‘yinining birida mag‘lubiyatga uchraydi. Opta nashri «shaharliklar»ning tayanchdagi asosiy futbolchisisiz o‘yinlari statistikasini e’lon qildi va raqamlar xavotir olishga arzirli.

Foto: Getty Images

«Arsenal»ga qarshi bahsning 19-daqiqasida Tomas Partiga to‘qnashgan Rodri maydonga quladi va o‘sha soniyalarda «Etihad»dagi hech kim bu holatni «Manchester Siti»ning mavsumini o‘zgartirib yuborishi mumkinligini taxmin qilmagandi. 24 soatdan keyin esa tibbiy xulosa taqdim etilib, xochsimon payning yuqori qismida uzilish holati aniqlandi va ispaniyalik yarimhimoyachi butun mavsumni o‘tkazib yuborishi oydinlashdi. Manchester «moviylar»ining usiz qanday kuchsizlanishi esa shubhasizdir. Gvardiola hamyurtidan o‘tgan mavsumda eng ko‘p foydalandi, hatto Ederson ham Rodri o‘tkazgan o‘yinlar soniga yeta olmagan. O‘tgan mavsumning 50ta uchrashuvida ishtirok etgan Rodrigo Ernandez 4325 daqiqani maydonda o‘tkazdi. Keyin esa Yevroda Ispaniyaning 7 uchrashuvidan 6tasini asosiy tarkibda boshladi va finalning birinchi taymidan so‘ng jarohat olib maydonni tark etdi. O‘sha jarohat sabab dastlabki 3 turni o‘tkazib yuborgan futbolchi 4-turda «Brentford»ga qarshi zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi. Muxlislar «Inter»ga qarshi Chempionlar Ligasi 1-turini 90 daqiqa maydonda o‘tkazgan Rodrining jarohati ortda qolganiga katta ishonch bildirgan edilar, ammo hafta oxirida hech kutilmagan tarzda ular yetakchilarini butun mavsumga yo‘qotishdi.

2019-2020 yilgi mavsumda Manchesterga kelganidan beri Rodri klubi o‘tkazgan 195 uchrashuvning 21tasini o‘tkazib yuborgan. Barcha musobaqalarda u Premer-liganing istalgan futbolchisidan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan — 260ta (238tasi boshlang‘ich tarkib). Maydonda o‘tkazilgan daqiqalar soni (20555) bo‘yicha undan faqat Brunu Fernandesh (20727) oldinda. Va bularning barchasiga milliy jamoa safidagi 50ta bellashuvni ham qo‘shib qo‘ysangiz, 28 yoshli futbolchining qanchalik ulkan masshtabdagi ishni amalga oshirganini anglab yetasiz.

O‘tgan haftada Rodri Chempionlar Ligasi 1-turi avvalidan tashkil qilingan matbuot anjumanida o‘yinlar sonining ko‘pligi boisidan futbolchilar «ish tashlashga majbur bo‘lishi mumkin»ligi haqidaogohlantirgan edi. Uning o‘sha hafta oxiridayoq bu taxlit jiddiy jarohatga yo‘liqishi so‘zlari ta’sirini karrasiga oshirib yubordi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, «Siti» 2019 yil avgustidan beri Rodrisiz 21ta bahsda ishtirok etdi va ularning 7tasida mag‘lubiyatga uchradi. Ularning uchtasi o‘tgan mavsumning birinchi yarmida kuzatilgani («Arsenal», «Vulverhempton» va «Aston Villa»ga qarshi) bugungi Gvardiola jamoasining ushbu yarimhimoyachiga naqadar bog‘lanib qolganini ko‘rsatishi mumkin.

Umuman olganda, «Manchester Siti»ning g‘alaba ko‘rsatkichlari Rodri maydonda bo‘lganida u yo‘q paytlardagidan 12 foizga yuqori. U bor o‘yinlarda «shaharliklar» o‘rtacha 1,70 ta gol ursalar, u maydonda bo‘lmagan vaqtda bu ko‘rsatkich 1,29 ni tashkil etadi. Rodrisiz o‘yinlarda klub 1,9 ochkodan qo‘lga kiritgan va bu ko‘rsatkich 38 tur davom etgan taqdirda, Gvardiola shogirdlari 76 ochko to‘plagan bo‘lar edilar. Amalda esa ular 91 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritishdi.

Bu statistikalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Rodri «Manchester Siti»ning so‘nggi mavsumlardagi muvaffaqiyatlarida asosiy element hisoblanadi. O‘tgan mavsumda faqat u har bir uchrashuvda o‘rtacha hisobda 100tadan ortiq aniq uzatmalar amalga oshira oldi — 103. O‘rtacha hisobda har 90 daqiqada 126 marta to‘pga tegingan ispan bu borada jamoasidagi eng yaqin ta’qibchisidan 24ta ko‘rsatkichga oldinda. Hujumkor harakatlardagi ishtiroki borasida ham u Premer-liga reytingini boshqarib turibdi. Har 90 daqiqa hisobida Rodri 8,4 marotaba hujum tashkillashtirishda qatnashgan.

«Arsenal»ga qarshi o‘yinda ham u maydonda ekan «Manchester Siti» 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandi. Uning jarohat olib maydonni tark etishida 43 soniya o‘tib, Rikardo Kalafiori hisobni tenglashtirdi.

Ha, «Manchester Siti» Rodrisiz ham Premer-liganing asosiy favoritlaridan biri bo‘lib qolaveradi. Biroq shunday o‘yinlar keladiki, tayanchda o‘ynab «Oltin to‘p» da’vogariga aylanishga erishgan bu qadar sifatli futbolchining qadri bilinadi va hal qiluvchi bellashuvlarda uning yo‘qligi «shaharliklar»ga qimmatga tushishi mumkin.

Opta ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid