Jamiyat | 14:13 / 26.09.2024
38452
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda o‘quvchini urgan o‘qituvchi boshqa maktabda hamkasbiga hujum qildi. U 7 sutkaga qamaldi

Toshkentdagi 188-maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchi keyingi kuni o‘z qizi o‘qiydigan 204-maktabda janjal ko‘tardi. U Milliy gvardiya va IIO xodimlari talablariga ham bo‘ysunmagan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchiga boshqa maktabdagi huquqbuzarligi uchun jazo chorasi ko‘rildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

2024 yilning 24 sentabr kuni 44 yoshli o‘qituvchi ayol Yashnobod tumanidagi, o‘zining 14 yoshli qizi o‘qiydigan 204-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib qolgan. Tortishuv davomida maktab direktorining MMIB bo‘yicha o‘rinbosariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan.

Ayoldan jamoat joyida tartibga rioya qilishi so‘ralganida, maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan g‘ayriijtimoiy munosabatda bo‘lib, ularining qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatgan. Ushbu noqonuniy harakatlarini ayol ko‘plab maktab o‘quvchilari ko‘z o‘ngida sodir etgan.

25 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Ayol sud tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 194-moddasining 1-qismi (Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik) va 197−5-moddasi (Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) bilan aybdor deb topilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 020 000 so‘m) va BHMning 7 baravari (2 380 000) so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Ombudsman xabarida aytilishicha, ayolning Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabda 6-sinf o‘quvchisiga nisbatan sodir etgan harakati hozirda tergovga qadar tekshiruvda.

«️Pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. Nomunosib xulqli, bola sog‘lig‘i uchun xavfli shaxslar ta’lim-tarbiya muassasalarida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 25 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bu holat 23 sentabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabdagi rus tili darsida ro‘y bergan.

Bolaning ota-onasi mojaroga o‘quvchi dars o‘zbek tilida olib borilganiga e’tiroz bildirgani sabab bo‘lgani haqida aytgan.

Huquq-tartibot idoralari holat yuzasidan surishtiruv ishlarini boshlagan.

Mavzuga oid