JSST: dunyoda har o‘ninchi o‘smir ijtimoiy tarmoqlar va kompyuter o‘yinlariga qaram
Tadqiqotga ko‘ra, qizlarda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik yuqori, o‘g‘il bolalar esa har kuni o‘yin o‘ynashga ko‘proq moyil.
Dunyodagi har o‘nta o‘smirdan biri ijtimoiy tarmoqlar va kompyuter o‘yinlariga berilib ketish oqibatida ruhiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisobotida e’lon qilindi.
Hisobotda o‘smirlar orasida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning keskin o‘sishi — 2018 yildagi 7 foizdan 2022 yilda 11 foizgacha ko‘tarilgani qayd etilgan. Bu raqamli texnologiyalarning yoshlar ruhiy salomatligiga ta’siri haqidagi tashvishlarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu ma’lumotlar “Maktab yoshidagi bolalarning salomatlikka munosabati” tadqiqoti doirasida to‘plandi. Unda 2022 yilda Yevropa, Markaziy Osiyo va Kanadada yashovchi 11, 13 va 15 yoshli 280 mingga yaqin bola va o‘smir ishtirok etdi.
Tadqiqotning asosiy xulosalariga ko‘ra, o‘smirlarning 11 foizida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik belgilari kuzatiladi, bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalarga (9 foiz) nisbatan qizlarda (13 foiz) yuqoriroq. O‘cmirlarning 36 foizi do‘stlari bilan muntazam onlayn muloqot qiladi, taxminan 34 foizi har kuni raqamli o‘yinlar o‘ynaydi, 22 foizi esa bu mashg‘ulotga kuniga to‘rt soatdan ortiq vaqt sarflaydi.
Ularning 12 foizida o‘yinlarga nisbatan muammoli xulq-atvor kuzatiladi, bu qizlarga qaraganda o‘g‘il bolalar orasida ko‘proq uchraydi.
“O‘smirlarning raqamli o‘yinlarga bo‘lgan munosabatidagi gender farqlar hayratlanarli darajada. O‘g‘il bolalar nafaqat har kuni o‘yin o‘ynashga ko‘proq moyil, balki ularda onlayn o‘yinlarga nisbatan muammoli xulq-atvor ham tez-tez shakllanadi. Bu esa, motivatsiya va xavf omillarining gender jihatlarini hisobga olgan holda maqsadli choralar ko‘rish zarurligini anglatadi”, — deb ta’kidlaydi Paduya universitetidan hisobot hammuallifi Klaudiya Marino.
Mavzuga oid
14:06 / 11.10.2024
Ruldagi bola qamalar, Gentra’ni ijaraga bergan-chi? Noqonuniy mashina ijarasi o‘smirlar o‘limiga sabab bo‘lmoqda
21:49 / 17.09.2024
Instagram ota-onalarning o‘smir farzandlari akkauntlari ustidan nazoratini kuchaytiradi
18:05 / 15.07.2024
Qishloqliklarni «jirkanch maxluqot» deb atagan qiz jarimaga tortildi
23:00 / 09.01.2024