Jahon | 22:40 / 26.09.2024
2863
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Nyu York meriga nisbatan jinoiy ayblov e’lon qilindi

The New York Times’ning qayd etishicha, Erik Adams lavozimda o‘tirgan vaqtida federal ayblov e’lon qilingan Nyu York tarixidagi birinchi merga aylanadi.

Foto: The New York Times

Nyu York meri Erik Adamsga nisbatan korrupsiya ishi bo‘yicha federal tergov doirasida ayblov e’lon qilindi, deb xabar beradi The New York Times.

Nashrning yozishicha, ayblov xulosasi hozirda yopiq va Nyu York meriga qarshi aynan qanday ayblovlar ilgari surilayotgani noma’lum. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, federal tergov Adams turk hukumatiga bog‘liq insonlardan xayriya mablag‘larini olgan bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda.

2023 yil noyabrda federal hukumat 2021 yilda Adams kampaniyasining xayriyalarni to‘plashga mas’ul bo‘lgan xodimi Brianna Saggs xonadonida tintuv o‘tkazgan. CBS News manbalariga ko‘ra, Adams kampaniyasi soxta donorlar orqali Turkiyadan noqonuniy xayriya qabul qilganlik gumonida tekshirilgan. O‘shanda FQB Adamsning yana ikki sherigi — xalqaro ishlar bo‘yicha protokol direktori Rana Abbasova va Turkish Airlines’ning sobiq rahbari hamda merning o‘tish jamoasi a’zosi Jyenk Ojal xonadonlarida ham tintuv o‘tkazgan edi.

Merga nisbatan tergov 2021 yilda, Manxetten federal prokurorlari Adams o‘t o‘chiruvchilarning mansabdor shaxslariga bosim qilgan yoki qilmaganini tekshirgan vaqtda ochilgan. O‘z navbatida ular turk hukumati uchun yangi konsullik binosining ochilishini ma’qullagan edi. Shuningdek, tergovchilar Adams Turkish Airlines’dagi bepul parvozlarni amalga oshirgan-oshirmaganini tekshirmoqda.

The New York Times’ning qayd etishicha, ayblov ommaga e’lon qilinganida Adams lavozimda o‘tirgan vaqtida federal ayblov e’lon qilingan Nyu York tarixidagi birinchi merga aylanadi. Adamsning o‘zining so‘zlariga ko‘ra, u mer lavozimida faqat Isroil va Qatarga tashrif buyurgan. «Men doim nyu yorkliklarga nisbatan pozitsiyamda sobit tursam, nishonga aylanishimni bilardim — va shunday bo‘ldi ham», — deydi Adams o‘zining aybsiz ekanini ma’lum qilgan holda.

Avvalroq tekshiruv Adamsning nafaqat Turkiya, balki Isroil, Qatar, Xitoy, Janubiy Koreya va O‘zbekiston bilan aloqalarini ham qamrab olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zbekiston — Adams tashrif buyurmagan yagona mamlakat sifatida mazkur oltita davlat orasida alohida o‘rin tutadi.

Mavzuga oid