27 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Isloh qilinayotgan pensiya tizimi, Andijonda sel qulagan ko‘prik qurilishi, soliq va bojxona imtiyozga ega korxonalar hisoboti, «Imtiyozxo‘r» korxonalar, O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara shartnomasi BMT Kotibiyatida — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Pensiya tizimi isloh qilinadi
2025 yil 1 martga qadar davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining «Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligini ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlashga mas’ul ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruh 2025 yil 1 martga qadar davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishi va kiritishi lozim.
Ishchi guruhga belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, ilmiy va ta’lim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish huquqi berilgan.
Islohotlar natijasida pensiya yoshi O‘zbekistonda erkaklar uchun 65 yoshga, ayollar uchun 60 yoshgacha ko‘tarilishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar yangramoqda. Hozir O‘zbekistonda pensiya yoshi mos ravishda 60 va 55 yoshni tashkil etadi.
Andijonda sel qulatgan ko‘prik
2024 yil 13-14 iyul kunlari kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Farg‘ona vodiysi va Qirg‘izistonning O‘sh viloyatlarida kuchli sel keldi. Oqibatda Andijon viloyati Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari o‘rtasidagi Yorqishloq qishlog‘ida soy ustiga qurilgan ko‘prik qulab tushgan edi.
Natijada, ikki tumanning yirik aholi punktlari o‘rtasidagi avtomobil qatnovi to‘xtab qoldi. Hokimlik qurib bergan vaqtinchalik – suvga tashlangan yirik quvurlar ustidan shag‘al tashlab yasalgan ko‘prik esa juda xavfli bo‘lib, yoz oylarida bir necha marta oqib ketgan.
Kun.uz'ga murojaat qilgan mahalliy aholi vakillarining ma’lum qilishicha, oradan 2 oydan ziyodroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qulab tushgan ko‘prikni tiklash ishlari amalga oshirilmagan.
Viloyat hokimligi qurilish to‘xtab qolganini rad etdi.
Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov mazkur ko‘prik masalasida Kun.uz'ga ma’lumot berdi. Uning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda ko‘prikni tiklash ishlari davom etmoqda.
“Oqbo‘rasoy” ustidan o‘tgan ko‘prikni to‘liq ta’mirlash ishlari 21 oktyabrga qadar tugatiladi hamda foydalanishga topshiriladi.
«Imtiyozxo‘r» korxonalar
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Soliq va Bojxona qo‘mitalari tomonidan ochiq e’lon qilingan ma’lumotlar asosida soliq to‘lovchilarning 2024 yil 1 yarim yillik yakuni bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish holatlarini tahlil qildi.
2024 yilning yanvar-iyun oylarida UzAuto Motors 25 mln dollardan ortiq, BYD Uzbekistan Factory 22 mln dollardan ortiq, ADM Jizzakh 14 mln dollardan ortiq imtiyozlardan foydalangan.
Bu vaqt mobaynida Enter Engineering kompaniyasi bahramand bo‘lgan imtiyozlar qiymati 45 mln dollardan oshadi.
Shuningdek, hisobot davrida UzAirways 1,08 trln so‘m, O‘ztemiryo‘llar 558 mlrd so‘mlik soliq imtiyozidan foydalangan. Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurlari tarmog‘ining O‘zbekistondan o‘tgan qismi operatori – Asia Trans Gas esa 462,7 mlrd so‘mlik imtiyozlardan foydalangan.
Ta’kidlanishicha, yilning birinchi yarmida umumiy soliq va bojxona imtiyozlari qiymati 63,4 trln so‘mni tashkil etgan.
O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara shartnomasi BMTda
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish va e’lon qilish uchun zarur hujjatlar BMT Kotibiyatiga topshirildi.
Bitim O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan 2022 yil 22 dekabr kuni Qozog‘iston rahbarining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan va 2023 yil 4 iyul kuni kuchga kirgan.
Ushbu hujjat O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini xalqaro huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlikdagi ishlarning natijasidir.
O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomaning BMT Kotibiyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani Markaziy Osiyo davlatlari uchun misli ko‘rilmagan tajriba ekanini ta’kidladi.
Hujjatning tarixiy ahamiyati e’tirof etilib, ushbu voqea ikki mamlakatning yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tamoyillariga sodiqligini, ittifoqchilik munosabatlari ruhini, umumiy farovonlik manfaati uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini yana bir bor tasdiqlashi qayd etildi. Shuningdek, mazkur hujjat Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga urg‘u berildi.
Mavzuga oid
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024
20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:30 / 19.12.2024