Jahon | 14:24
7046
5 daqiqa o‘qiladi

«Qurbonlar ko‘p bo‘lishi mumkin». «Helen» to‘foni Floridaga yopirildi

70 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Sinoptiklarning prognozlari shu qadar jiddiyki, evakuatsiyadan bosh tortgan odamlardan qo‘llariga o‘z ismi-sharifi va tug‘ilgan kunini siyoh bilan yozib olishi talab qilinmoqda, bu ular vafot etgan taqdirda shaxsini aniqlash uchun kerak bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Rasmiylar va sinoptiklar o‘z yo‘lidagi barchaga halokatli xavf tug‘dirayotganini aytayotgan «Helen» to‘foni jumaga o‘tar kechasi Meksika ko‘rfazidan chiqib, Amerikaning Florida shtatiga yetib keldi.

Quruqlikka chiqishi arafasida «Helen» keskin kuchaygan: Amerikadagi Dovullarni o‘rganish bo‘yicha milliy markaz uning toifasini to‘rtinchi darajaga — «favqulodda xavfli to‘fon» darajasigacha ko‘targan.

Floridadagi ko‘plab okruglar va aholi yashash manzillarini dovul sohilga chiqishidan oldinroq suv bosdi hamda elektr va aloqa uzildi.

Florida gubernatori Ron Desantis mahalliy vaqt bilan tunda o‘tkazilgan matbuot anjumanida hozircha faqat bir qurbon haqida ma’lumot borligini aytdi — bu o‘lim Tampa shahri hududida ro‘y bergan. Shu bilan birga, dovulning «ko‘zi» Tampadan 150 kilometr g‘arbroqdan o‘tgan.

«Helen»ning asosiy zarbasi yetib kelmasidan kuchli yomg‘ir tufayli Florida sohillari suv ostida qoldi

Desantis dovul markazida shamol juda kuchli ekani va bu odamlar uchun tornadoniki kabi xavfli ekanini aytgan.

«Floridaliklar tongda uyg‘onganida, katta ehtimol bilan yangi qurbonlar haqida xabar topishadi. Va shunisi aniqki — moddiy yo‘qotishlar haqida ham», — degan gubernator Desantis.

Meteorologlar «Helen» quruqlikka chiqqanidan keyin doimiy shamol tezligi soatiga 215 kilometrga chiqishini prognoz qilishgan. Yevropa uchun xos bo‘lgan Bofort shkalasiga ko‘ra bundan ikki barobar «kuchsizroq» — 117 km/s tezlikdagi shamolni ham dovul deb atashadi.

Sinoptiklar va mahalliy rasmiylar ogohlantirganidek, okean sohilida suv sathi ayrim joylarda olti metrgacha ko‘tarilishi mumkin, mamlakatning ko‘plab hududlari kuchli yomg‘ir tufayli suv ostida qoladi.

Dovullarni o‘rganish bo‘yicha milliy markaz direktori o‘rinbosari Jyeymi Roum CNN telekompaniyasi efirida «Helen» quruqlik ichkarisida bemisl suv toshqinlari keltirib chiqarishi va katta ehtimol bilan ko‘pchilikni hayotdan olib ketishi mumkinligini aytgan.

«Tarixiy nuqtayi nazardan o‘lim holatlarining 50 foizi aynan shunday vaziyatlarda sodir bo‘lgan. Bunday suv toshqinlari odatda ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘ladi», — degan Roum.

Minglab floridaliklar evakuatsiya qilingan hamda maktablar va boshqa binolarga joylashtirilgan

Dovullarni o‘rganish bo‘yicha milliy markaz direktori Maykl Brennan dovul quruqlikka chiqishidan bir necha soat oldin ayrim joylarda yashab bo‘lmaydigan holat yuzaga kelishi mumkinligini aytgandi.

Floridaning sohilga yaqin okruglaridan birining sherifi ofis evakuatsiyadan bosh tortganlar uchun qat’iy ohangdagi murojaat yo‘lladi: sherif bunday odamlar halok bo‘lganidan keyin shaxsiga aniqlik kiritishda oson bo‘lishi uchun qo‘l yoki oyog‘iga siyoh bilan ismi-sharifi va tug‘ilgan kuni haqidagi ma’lumotlarni yozib olishni talab qilgan.

«Agar siz yoki sizning tanishlaringizdan kimdir evakuatsiya qilmaslikka qaror qiladigan bo‘lsa, marhamat qilib ismingiz, tug‘ilgan kuningiz va boshqa muhim ma’lumotlarni o‘chmaydigan marker bilan qo‘l yoki oyog‘ingizga yozib oling, bu keyinchalik shaxsingizga aniqlik kiritish va qarindoshlaringizga xabar berish uchun kerak bo‘ladi», — deyiladi Teylor okrugi sherifi ofisi murojaatida.

Bu okrug Florida shimolida, Meksika ko‘rfazining «katta burilish» deb ataladigan sohil qismida joylashgan — «Helen» aynan shu joyda sohilga chiqqan.

Floridadagi yonilg‘i quyish shoxobchasi ishchilari dovulga tayyorgarlik ko‘rib, barcha narsani imkoni boricha himoyalashgan

«Helen» qamrab olgan maydoni bilan ham ajralib turadi: bir necha yuz kilometrlik diametri bilan u so‘nggi yuz yillikda Meksika ko‘rfazida yuzaga kelgan eng yirik dovullardan biriga aylandi.

Dovul markazidan 150 kilometr masofada bo‘lgan Tampa shahrida okean suvi rekord darajada ko‘tarilishi qayd etilgan — normadagidan qariyb ikki metr yuqoriga.

Agentliklar xabar berishicha, butun Floridada, shuningdek, dovulning keyingi manzili bo‘ladigan qo‘shni Jorjiyada dovulning asosiy zarbasi kelmasidan 800 mingdan oshiq uy va korxonalar elektr ta’minotisiz qolgan.

Floridadan keyin «Helen» trayektoriyasi Jorjiya va boshqa shtatlar bo‘ylab o‘tadi va bu hududlarda ham jiddiy vayrongarchiliklar ro‘y berishi kutilmoqda.

Mavzuga oid