Jamiyat | 19:41 / 27.09.2024
8266
3 daqiqa o‘qiladi

Sergelida avtopoyga uyushtirib, piyoda o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 4 oyda ozodlikka chiqdi

May oyida Sergelidagi avtotyuning ustaxonasi qarshisida ikki mashina ishtirokida uyushtirilgan poygada Kia haydovchisi 27 yoshli piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan edi. Avgust oyida birinchi instansiya sudi uni 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. Apellyatsiya sudi esa uning jazosini shartli deb belgilab, 2 yil sinov muddati bergan va sud zalidan ozod qilgan.

Foto: Videodan kadr

Joriy yil 9 may kuni Sergeli tumanidagi avtotyuning ustaxonasi qarshisida ikki mashina ishtirokida uyushtirilgan poygada yuqori tezlikda harakatlangan Kia haydovchisi 27 yoshli piyodani urib yubordi. Keyinroq, YTHda olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan shaxs avtobloger, Instagram'dagi avtotuning_uz kanali asoschisi Doniyor bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

O‘shanda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi 24 yoshli A.X. JIB Sirg‘ali tuman sudining 14 avgustdagi hukmi bilan 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Sudda haydovchi bir qator yo‘l harakati qoidalarini buzib, yuqori tezlikda harakatlangani va piyodani urib yuborgani tasdiqlangan. Piyoda YTHda olgan jarohatlari natijasida vafot etgan.

Ochiq manbalarda e’lon qilingan sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchining advokati hukm yuzasidan apellatsiya shikoyatini kiritgan. 12 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili B.K. aybdorning oila a’zolari tomonidan moddiy va ma’naviy zararlar to‘liq qoplangani, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, unga yengilroq jazo tayinlashni so‘rab, sudga ariza taqdim qilgan.

Sud majlisida qatnashgan Toshkent shahar prokuraturasining bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari M.Komilovning apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslikni so‘ragan.

Sudlov hay’ati esa sudlanuvchining shaxsi, muqaddam sudlanmagani, aybiga iqror va qilmishidan pushaymonligi, oilaviy va moddiy ahvoli, jabrlanuvchi qonuniy vakilining unga nisbatan da’vosi yo‘qligi kabi jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, A.X.ga nisbatan tayinlangan jazoni O‘zbekiston Respublikasi JKning 72-moddasiga asosan shartli hisoblab, sinov muddati belgilashni lozim topgan.

Sud ajrimi bilan A.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksi 266-moddasining 2-qismi bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilgan. Xususan, A.X.ningdastlabki qamoqda saqlangan 4 oy 2 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 7 oy 28 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan. Bu asosiy jazo JKning 72-moddasiga asosan shartli hisoblanib, 2 (ikki) yil sinov muddati belgilangan va sud zalidan ozod qilingan.

Sinov muddatida A.X.ga xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ ruxsatisiz O‘zbekiston hududidan chiqmaslik, yashash, o‘qish yoki ish joyi o‘zgarib qolsa, bu haqda xulqi ustidan nazorat qiluvchi organga xabar berib turishi, vaqti-vaqti bilan kelib bu organlarda ro‘yxatdan o‘tib turishi majburiyatlari yuklatilgan.

Mavzuga oid