Jamiyat | 16:27 / 27.09.2024
9623
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “tosh tagidan xazina topgan” xavfli retsividist yana uzoq yilga qamaldi

Mazkur shaxs shu paytgacha turli yillarda to‘rt marta giyohvand moddalar iste’moli va oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani uchun qamalib chiqqan.

Foto: Getty Images

Toshkent shahrida geroin giyohvand moddasini sotayotganda qo‘lga olingan shaxs uzoq muddatga qamaldi. Bu haqda shahar IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 16 oktyabr kuni fuqaro M. Eski jo‘va bozori hududida eski tanishlaridan biri bilan ketayotganda IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, shaxsi tekshirilayotganda o‘zini juda shubhali tutadi.

Tekshiruv paytida M.ning yonidan kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop dorisi va 0,34 gramm geroin moddasi topiladi.

Shundan so‘ng M. bo‘limga olib borilib so‘roq qilinganda u shunday deydi:

Men ustachilik qilib har xil qurilish ishlarida yollanma ishchi bo‘lib ishlab, pul topaman. 2023 yilning 15 oktyabrida O‘zbekiston bog‘iga ish qidirib bordim. Ozgina ishladim ham. Kun kech bo‘la boshlaganda piyoda yo‘lga chiqdim. Yo‘limda katta bir tosh uchradi. Uni bir tepgan edim, tagida qora izolentaga o‘ralgan narsaga ko‘zim tushdi. Bunday narsalar menga tanish bo‘lgani uchun uni olib uyga olib keldim. Bu geroin giyohvand moddasi edi”.

Tergovchi M. haqida ma’lumot olinganda uning avval 2004, 2007, 2010 va 2020 yillarda giyohvand moddalari iste’moli va oldi-sotdisi bilan shug‘ullangani uchun sudlanib, qamalib chiqqani ayon bo‘ladi.

Tergov jarayonida mazkur shaxs “tosh tagidan topib olgan” narsasining giyohvand modda ekanini bilib uyga olib kelgani va 13 bo‘lakka bo‘lgani, so‘ng uning bir bo‘lagini sotish uchun bozorga borgani ashyoviy dalillar bilan isbotlanadi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida M.ni Jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan aybdor deb topgan. Unga 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid