Zelenskiy Nyu Yorkda Tramp bilan uchrashdi
AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp Volodimir Zelenskiy bilan Nyu Yorkda kechgan uchrashuvdan keyin Ukraina rahbari ham, Vladimir Putin ham urush tugashini istashi haqida gapirdi. Tramp yana bir marta prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, urushni tezda to‘xtatishini aytdi, ammo bunga qanday erishmoqchi ekaniga oydinlik kiritmadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp bilan uchrashdi. Uchrashuv Nyu Yorkda, AQSh sobiq prezidentiga tegishli bo‘lgan «Tramp-tauer» majmuasida tashkillashtirildi.
«Men agar g‘alaba qozonadigan bo‘lsam, biz juda adolatli yakunga erishamiz deb o‘ylayman. Chindan ham bu juda tez kelishuv bo‘ladi. Buni to‘xtatish kerak. Prezident [Zelenskiy] ham bu yakunlanishini istamoqda. Va ishonchim komilki, prezident Putin ham bu yakunlanishini istaydi. Va bu yaxshi kombinatsiya. Shunday ekan, biz barcha uchun adolatli kelishuvga erishmoqchimiz», — degan Tramp muzokaralardan keyin Ukraina prezidenti bilan yonma-yon turib.
Uchrashuvdan oldin Zelenskiy jurnalistlar bilan suhbatda Trampga urushdagi «G‘alaba rejasi» haqida aytib bermoqchiligini bildirgan, u avvalroq bu hujjatni Jo Bayden hamda demokratlarning prezidentlikka nomzodi, vitse-prezident Kamala Harrisga ham taqdim etgandi.
Tramp Ukrainadagi urushga bir kun ichida barham berishini aytayotgan bo‘lsa-da, bunga aynan qanday erishmoqchiligiga aniqlik kiritmaydi. Ayrim siyosatchilar va ekspertlar u Ukrainani Moskvaga hududiy yon berishga majbur qilishidan yoki mojaroni muzlatib qo‘yishidan xavotir bildirgan. Kiyevdagilar bir necha bor ikkala variantni ham qabul qilib bo‘lmaydigan variant deb atagan.
Juma kuni jurnalistlar Trampdan Ukraina urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga o‘zining ayrim hududlarini berishga rozi bo‘lishi kerakmi, deya so‘rashdi, Tramp esa shunday javob berdi: «Ko‘ramiz, voqealar rivoji qanday rivojlanarkan».
Tramp uchrashuvni u Zelenskiy bilan ham, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham yaxshi aloqalarga egaligi haqidagi gap bilan boshladi. «Bizning [Zelenskiy bilan] munosabatlarimiz juda yaxshi, va bilasizki, men prezident Putin bilan ham yaxshi munosabatlarga egaman. Va men o‘ylaymanki, agar biz g‘alaba qozonsak, unda barchasini juda tez hal qilamiz.
Bu davlat hech bir mamlakatda, hech qayerda bo‘lmagan do‘zaxni boshidan o‘tkazdi. Bunaqasini hech kim ko‘rmagan. Bu dahshatli holat», — degan Tramp.
Tramp Zelenskiy bilan «a’lo darajadagi munosabatda» ekanligiga isbot sifatida u 2019 yilda demokratlar tomonidan boshlangan o‘zini impichmentga bo‘lgan urinish Zelenskiy ularning yo‘liga yurmagani tufayli ham muvaffaqiyatsiz yakunlanganini eslatdi.
«Biz osonlik bilan g‘alaba qozonishimizning sabablaridan biri shundaki, Zelenskiydan so‘ralganda, u prezident Tramp mutlaqo noto‘g‘ri ish qilmaganini aytdi. U buni baland ovozda va aniq aytdi va shu bilan uydirmaga barham berildi. Bu juda olijanoblik edi», dedi Tramp.
BBC’ning AQShdagi muxbiri xabar berishicha, Tramp ham, Zelenskiy ham o‘zaro munosabatlari yaxshiligi to‘g‘risida tasavvur qoldirishga uringan. Ammo ularning yuz ifodasi uchrashuv aslida keskin ruhda kechganini aytib turardi.
«Zelenskiy o‘zining «G‘alaba rejasi»ni muhokama qilish istagi haqida gapirdi, ammo Tramp urg‘uni boshqacha qo‘ydi. U doimo Ukraina do‘zaxni boshdan kechirgani va mojaroni yakunlash lozimligini aytdi. U Ukraina g‘alabasi haqida biror so‘z demadi», deya davom etadi muxbir.
Tramp 5 noyabr kuni o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish uchun yaxshi imkoniyat saqlab turibdi.
So‘rovlarga ko‘ra, vitse-prezident Kamala Harris uni faqat ikki-uch foiz punktga ortda qoldirmoqda, bu farq esa statistik xatolik bo‘lishi ham mumkin. G‘alaba uchun 270 nafar saylovchi delegat ovozini qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan nomzodlarning ikkilanuvchi shtatlardagi imkoniyatlari esa teng baholanmoqda.
Shuning uchun, o‘tgan hafta oxiridan buyon AQShda tashrif bilan bo‘lib turgan Zelenskiy prezidentlikka har ikki nomzod bilan ham uchrashishdan manfaatdor edi.
Bundan oldinroq Harris Zelenskiy bilan yonma-yon turgan holda Trampning nomini keltirmasdan, uning manziliga tanqid yog‘dirdi: «Mening mamlakatimdagi ayrimlar [...] Ukrainani o‘z suveren hududining katta qismini berishga majburlamoqchi». Bu taklif Vladimir Putinning pozitsiyasiga mos keladi va u tinchlikka emas, kapitulyatsiyaga olib boradi, deya qayd etgan u.
O‘zaro munosabatlarning murakkab tarixi
Ukraina prezidenti AQShning ehtimoliy bo‘lajak prezidenti bilan muloqot o‘rnatish oson bo‘lmasligiga ko‘plab dalillar mavjud.
U AQShga tashrifi doirasida Pensilvaniya shtatining Skranton shahridagi qurol-yarog‘ zavodiga bordi. Shundan so‘ng Tramp Zelenskiyga ommaviy hujumlar kampaniyasini boshladi.
Gap shundaki, Skranton Jo Baydenning ona shahri hisoblanadi. Pensilvaniya esa hozir AQSh prezidentlik saylovida nomzodlar o‘rtasida asosiy kurash olib boriladigan asosiy shtatlardan biridir. Zelenskiyning zavodga tashrifidan keyin Tramp u bilan uchrashishdan bosh tortdi. Kecha Zelenskiy Trampni uchrashishga ko‘ndirish uchun unga xat yozgani ma’lum bo‘ldi.
Ikki kun muqaddam Donald Tramp Vladimir Zelenskiyga hujum qilishni boshlab, kinoya bilan uni tez-tez AQShga pul uchun keluvchi va maqsadiga erishuvchi dunyodagi eng olg‘ir savdogar deb atagandi.
Keyingi kuni esa Tramp Ukraina endi mavjud emasligi, chunki u jiddiy darajada vayron bo‘lganini, Zelenskiy esa kelishishni istamayotgani va faqat Amerika budjetidan millionlab dollar olib ketayotganini aytdi.
Kamala Harris bilan debatda Tramp Ukrainaning g‘alabasini qanchalik xohlashi to‘g‘risidagi savolga javob berishdan qochgandi.
Trampga Zelenskiyning o‘tgan haftada New Yorker jurnalida chiqqan intervyuda aytgan gaplari yoqmagani tayin, o‘shanda u respublikachilar yetakchisi «aslida urushni qanday to‘xtatishni bilmasligi»ni aytgandi.
Payshanba kuni, bu gaplarga munosabatini so‘rashganida, Tramp shunday javob qaytardi: «Men chindan ham u bunga rozi emas deb o‘ylayman. U meni bilmaydi».
Tramp va Zelenskiy joriy yil iyulida telefon orqali muloqot qilgandi, ammo ularning o‘zaro munosabatlari tarixi avvaldan silliq emas. Ularning 2019 yilgi telefon muloqoti Trampga qarshi ilk impichment ishini boshlab bergandi.
O‘shanda hali prezident bo‘lgan Tramp endigina hokimiyatga kelgan Zelenskiydan «yordam» so‘ragandi: uning 2020 yilgi saylovlarda asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan Jo Baydenga nisbatan tergov e’lon qilishni. U aks holda Ukraina va’da qilingan harbiy yordamni olmasligini ochiq qilib aytgandi va kongressmenlarning surishtiruvi ko‘rsatdiki, o‘shanda yordam yuborish chindan ham ortga surilgan.
Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi demokratlar impichment uchun ovoz berishgan, ammo respublikachilar ko‘proq bo‘lgan Senat 2020 yil boshiga kelib Trampni hokimiyatdan chetlatishdan bosh tortgandi. O‘sha yil oxiridagi saylovlarda esa baribir Bayden g‘alaba qozonadi (Tramp esa haligacha mag‘lubiyatini tan olmagan).
Britaniyaning yangi bosh vaziri ham Tramp bilan uchrashdi
26 sentabr kuni kechqurun Tramp ilk bor Buyuk Britaniyaning yangi bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashgandi. Nyu Yorkda ikki soat davom etgan kechki ovqat vaqtida Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ham hozir bo‘lgandi.
Starmerning hukumati Ukrainani faol qo‘llamoqda va qator masalalarda, xususan, Rossiya hududiga g‘arbning uzoq masofali raketalari bilan zarba berish masalasida AQShdan ko‘ra qat’iyroq pozitsiya tanlamoqda.
Jurnalistlarning Trampning ehtimoliy g‘alabasi Britaniyani yanada zaifroq holatga solib qo‘ymaydimi, deya berilgan savolga Starmer shunday javob qaytargan: «Azaldan AQSh bilan alohida munosabatlarimiz bor, bu munosabatlar eng og‘ir sharoitlarda shakllangan. Bu esa doimo AQSh yoki Buyuk Britaniyada u yoki bu lavozimni egallaydiganlarning shaxsiyatidan yuqoriroq turadi».
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024