Jahon | 13:10 / 28.09.2024
3227
10 daqiqa o‘qiladi

BMT minbaridagi Mahmud Abbos, «Hizbulloh» shtabiga hujum va Floridaga yopirilgan to‘fon - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Mahmud Abbos BMT minbarida

Falastin prezidenti Mahmud Abbos 26 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida dunyo yetakchilariga murojaat qilib, Falastin xalqi o‘z vatanini, ajdodlari zaminini tashlab ketmasligini ta’kidladi. 

U Isroilni G‘azo sektoridagi urushini qoralab, xalqaro hamjamiyatni «genotsid»ni to‘xtatishga chaqirdi, shuningdek, urushdan keyingi anklav holati bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etdi.

Mahmud Abbos nutqini «Biz ketmaymiz» iborasini uch marta takrorlash bilan boshladi. U Isroilni G‘azoni vayron qilib, yashash uchun yaroqsiz qilib qo‘yganlikda aybladi.

«Falastin — vatanimiz, ota-bobolarimiz zamini. U bizniki bo‘lib qoladi, agar kimdir ketishi kerak bo‘lsa, bu o‘zboshimcha bosqinchilar bo‘ladi», — dedi Abbos.

Falastin rahbari Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning armiyasi G‘azoda tinch aholini o‘ldirmayapti, degan da’vosini rad etdi.

«Sizdan so‘rayman, u holda 15 mingdan ortiq bolani kim o‘ldirgan?» dedi Abbos.

U G‘azo sektoridagi urush va genotsidni to‘xtatishga, Isroilga qurol yuborishni to‘xtatishga chaqirdi.

«Xalqimiz bilan sodir bo‘layotgan voqealar uchun butun dunyo javobgar», deb ta’kidladi Falastin prezidenti.

Mahmud Abbos o‘z nutqida Isroildan ko‘chib kelganlar zo‘ravonligi va ularning manzilgohlari kengaytirilayotganiga to‘xtalib, G‘arbiy Sohilning Isroil tajovuziga muntazam duchor bo‘layotganini qayd etdi.

«Shafqatsiz ko‘chirib keltirish faoliyati kuzatilyapti. Ular butun Falastin bo‘ylab uy qurmoqda, go‘yo Falastin ularnikidek», dedi u.

«Falastin ozod bo‘ladi. Bunga e’tiroz bildirganlarga qaramay, baribir ozod bo‘ladi», deb yakunladi Abbos BMT Bosh Assambleyasidagi nutqini.

«Hizbulloh» qarorgohiga zarba

Isroil mudofaa kuchlari — TsAHAL Livan poytaxti Bayrutning janubiy chekkasidagi Dahiya shahrida joylashgan «Hizbulloh»ning bosh qarorgohiga zarba berdi.

TsAHAL vakili Daniel Hagari so‘zlariga ko‘ra, qarorgoh turar joy binolari ostida joylashgan. Hujum nishoni «Hizbulloh» yetakchisi Hasan Nasrulloh bo‘lgan. Isroil armiyasi o‘z maqsadiga erisha olmagani, biroq ko‘plab tinch aholi vakillarining o‘limiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

AFP «Hizbulloh»ga yaqin manbalarga tayanib, havo hujumi oqibatida Bayrutdagi oltita bino vayron qilingani haqida xabar berdi.

Zelenskiy va Tramp uchrashuvi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp bilan uchrashdi. Uchrashuv Nyu York shahridagi «Tramp-tauer» majmuasida tashkillashtirildi.

«Men agar g‘alaba qozonadigan bo‘lsam, biz juda adolatli yakunga erishamiz deb o‘ylayman. Chindan ham bu juda tez kelishuv bo‘ladi. Buni to‘xtatish kerak. Prezident [Zelenskiy] ham bu yakunlanishini istamoqda, va ishonchim komilki, prezident Putin ham bu yakunlanishini istaydi. Va bu yaxshi kombinatsiya. Shunday ekan, biz barcha uchun adolatli kelishuvga erishmoqchimiz», — degan Tramp muzokaralardan so‘ng Zelenskiy bilan yonma-yon turib.

Tramp Ukrainadagi urushga bir kun ichida barham berishini aytayotgan bo‘lsa-da, bunga aynan qanday erishmoqchiligiga aniqlik kiritmaydi. Ayrim siyosatchilar va ekspertlar u Ukrainani Moskvaga hududiy yon berishga majbur qilishi yoki mojaroni muzlatib qo‘yishidan xavotir bildirgan. Kiyevdagilar bir necha bor ikkala variantni ham qabul qilib bo‘lmaydigan variant deb atagan.

Juma kuni jurnalistlar Trampdan Ukraina urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga o‘zining ayrim hududlarini berishga rozi bo‘lishi kerakmi, deya so‘rashganda Tramp «ko‘ramiz, voqealar rivoji qanday rivojlanarkan» deb javob bergan.

«Bu davlat hech bir mamlakatda, hech qayerda bo‘lmagan do‘zaxni boshidan o‘tkazdi. Bunaqasini hech kim ko‘rmagan. Bu dahshatli holat», — degan Tramp.

Ukrainadagi urush

Ukrainada harbiy safarbarlik darajasi oyiga taxminan 30 ming kishini tashkil etadi — bu Rossiya hukumati o‘z armiyasiga jalb qilayotgan shartnoma bo‘yicha askarlar soniga teng.

Ukraina hukumati safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qilishni qariyb bir yil cho‘zdi. Shunga qaramay, may oyidagi safarbarlik frontdagi vaziyatni yaxshilamadi. Yangi askarlar jang qilishni bilmaydi, ularning yarmidan ortig‘i halok bo‘lmoqda yoki yaralanyapti. Bu haqda Financial Timesʼga o‘nlab askar va komandirlar ma’lum qildi.

Yuqori martabali ukrain amaldorining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari (UKQ) harbiy xizmatchilarining motivatsiyasi past, ular jismoniy va ruhiy jihatdan yaxshi tayyorlanmagan.

«Ularning ayrimlari dushmanga o‘q otishga qo‘rqqanidan shunchaki qotib qoladi va qopda yoki og‘ir yaralangan holda ortga qaytadi», — deydi Donetsk oblasti mudofaasida ishtirok etayotgan bo‘linma komandirlaridan biri.

Gazeta suhbatlashgan komandirlarning baholashicha, yangi xizmatga kelgan askarlarning 50-70 foizi frontga kelganining birinchi kundayoq halok bo‘lmoqda yoki yaralanmoqda. Shuningdek, ularning bir qismi dezertirlik sodir etadi. «Ular pozitsiyaga tushib qolganida aksariyati birinchi snaryad portlashi bilan qochib ketadi», — deydi 72-mexanizatsiyalashgan brigadadagi harbiy qism komandiri o‘rinbosari.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi razvedkasiga ko‘ra, aynan shu kabi vaziyatlar Rossiya armiyasiga kuniga 1000-1200 nafar askaridan ayrilib bo‘lsa-da, Donetsk oblastida oldinga siljishga yordam bermoqda.

Armaniston-Ozarboyjon munosabatlari

Armaniston Ozarboyjon bilan tinchlik bitimini imzolash uchun Konstitutsiyani o‘zgartirishga tayyor. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda Armaniston va Ozarboyjon tinchlik bitimini imzolasa, ushbu hujjat Armaniston Konstitutsiyaviy sudiga uning mamlakat asosiy qonuniga mos kelish-kelmasligini o‘rganish uchun yuboriladi.

«Agar bizning Konstitutsiyaviy sudimiz hujjatni Armaniston Konstitutsiyasiga zid deb topsa, bu holatda biz tinchlikni o‘rnatish uchun konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni talab etadigan aniq bir vaziyat qarshisida qolamiz. Agar sud bitim Konstitutsiyaga mos keladi desa, hujjatni ratifikatsiya qilishga hech qanaqa to‘sqinlik bo‘lmaydi», — deydi Pashinyan.

Avvalroq Nikol Pashinyan Armaniston noyabr oyida Bokuda o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiyada tinchlik bitimini imzolashga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.

Ozarboyjon tinchlik bitimi doirasida Armaniston o‘z Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishini talab qilmoqda. Unda Armaniston Oliy kengashi 1990 yil 23 avgustda qabul qilgan mamlakat mustaqilligi deklaratsiyasiga havola bor. Ushbu deklaratsiya boshida o‘z navbatida, Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi «Birlashuv to‘g‘risida»gi qo‘shma rezolyutsiyasiga havola keltirilgan.

«Ularning Konstitutsiyasidagi bunday band bilan tinchlikning imkoni yo‘q, chunki Konstitutsiya har qanday boshqa hujjatdan, jumladan, xalqaro bitimlardan ham ustun. Shuning uchun ular yana qachondir fikridan qaytadigan va biz sentabrdagi ishlarimizni takrorlaydigan vaziyatga tushib qolishimizni istamayman», — degan edi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev.

Floridaga Helen to‘foni yopirildi

Yo‘lida barchaga halokatli xavf tug‘dirayotgan «Helen» to‘foni jumaga o‘tar kechasi Meksika ko‘rfazidan chiqib, Amerikaning Florida shtatiga yetib keldi.

Quruqlikka kirib kelishi arafasida «Helen» keskin kuchaygan: AQShning Dovullarni o‘rganish bo‘yicha milliy markazi uning toifasini to‘rtinchi darajaga — «favqulodda xavfli to‘fon» darajasigacha ko‘targan.

«Helen»ning asosiy zarbasi yetib kelmasidan kuchli yomg‘ir tufayli Florida sohillari suv ostida qoldi.

Florida gubernatori Ron de Santis dovul markazida shamol juda kuchli ekani va bu odamlar uchun tornadoniki kabi xavfli ekanini aytgan.

«Floridaliklar tongda uyg‘onganida, katta ehtimol bilan yangi qurbonlar haqida xabar topishadi. Yana shunisi aniqki — moddiy yo‘qotishlar ham bo‘ladi», — degan de Santis.

Meteorologlar «Helen» quruqlikka chiqqanidan keyin doimiy shamol tezligi soatiga 215 kilometrga chiqishini prognoz qilishgan. Yevropa uchun xos bo‘lgan Bofort shkalasiga ko‘ra bundan ikki barobar «kuchsizroq» — 117 km/h tezlikdagi shamolni ham dovul deb atashadi.

Sinoptiklar ogohlantirganidek, okean sohilida suv sathi ayrim joylarda olti metrgacha ko‘tarilishi mumkin, mamlakatning ko‘plab hududlari kuchli yomg‘ir tufayli suv ostida qoladi.

Butun Floridada, shuningdek, dovulning keyingi manzili bo‘ladigan qo‘shni Jorjiyada dovulning asosiy zarbasi kelmasidan 800 mingdan oshiq uy va korxonalar elektr ta’minotisiz qolgan.

Mavzuga oid