O‘zbekiston | 09:12 / 28.09.2024
2752
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va BAA mudofaa sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Prezident BAA mudofaa vaziri bilan uchrashuvda iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni ilgari surish, mudofaa sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, strategik tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri o‘rinbosari, mudofaa vaziri, Dubay amirligi valiahdi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish, iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni ilgari surish, mudofaa sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

BAA delegatsiyasi tarkibida uchrashuvda hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy, energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy, iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marriy, sun’iy intellekt masalalari va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha davlat vaziri Umar bin Sulton al-Olama ham qatnashdi.

Uchrashuvda investitsiyalar, innovatsion rivojlanish, "yashil" energetika, infratuzilma, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, raqamli transformatsiya, turizm va boshqa muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kecha kunning birinchi yarmida o‘tkazilgan o‘zaro manfaatli hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shma forum hamda ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo muzokaralarning samarali yakunlari yuksak baholandi.

Strategik tarmoqlarda keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.

Mavzuga oid