Jahon | 21:08 / 30.09.2024
1210
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko hukumatining belaruslarga qarshi jinoyatlari to‘g‘risidagi materiallar XJS prokuroriga yuborildi

Muxolifat tomonidan to‘plangan hujjatlar Litva hukumatiga topshirildi. O‘z navbatida Litva ushbu hujjatlarni Xalqaro jinoiy sudga yubordi.

Foto: Reuters

Litva hukumati Belarus hukumati tomonidan o‘z fuqarolariga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar haqidagi materiallarni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokuraturasiga yubordi. Bu haqda Belarus muxolifatining telegram kanali xabar berdi.

«Tegishli jinoyatlar Belarus hududida ham, Rim statutiga a’zo davlatlar hududida ham sodir etilganligi sababli, Xalqaro jinoiy sud potensial yurisdiksiyaga ega», deyiladi bayonotda.

Materiallar Belarusning «Narodnoye antikrizisnoye upravleniye» (NAU) mutaxassislari tomonidan to‘plangan va Litva hukumatiga topshirilgan. Litva tomoni taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, Aleksandr Lukashenko va Belarus harbiy-siyosiy rahbariyatining boshqa vakillari insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etayotganiga ishonish uchun yetarli asoslar bor degan xulosaga keldi.

«Litva Rim statuti bo‘yicha o‘z huquqidan foydalangan va Belarusdagi rejim tomonidan sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlarni tergov qilish uchun Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilgan birinchi davlat bo‘ldi. Biz Litva hukumatidan prinsipial qarori va xatti-harakatlari uchun minnatdormiz», dedi Belarusning muxolifatdagi Vazirlar Mahkamasi rahbari Svetlana Tixanovskaya.

«[Lukashenko] rejimi tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, majburan deportatsiya qilishdan tortib, noqonuniy hibsga olish va qiynoqlargacha jazosiz qolishi mumkin emas. <...> Belarus demokratik kuchlari tomonidan to‘plangan dalillar shubhasizdir», dedi Tixanovskaya.

Litva Aleksandr Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olmaydi. Litva Belarusning saylangan prezidenti deb hisoblaydigan Svetlana Tixanovskayaning ofisi Vilnyusda joylashgan.

Mavzuga oid