Jahon | 20:34 / 01.10.2024
13241
9 daqiqa o‘qiladi

“Eron o‘z pozitsiyasini kardinal o‘zgartirdi” - ekspertlar Yaqin Sharqdagi yangi muhit haqida

Isroil 7 oktyabr voqealari bahonasida qarshilik o‘qidagi Erondan boshqa barcha dushmanlaridan birato‘la qutulmoqchi. Tehron esa ittifoqchilarini himoya qiladigan ahvolda emas. Prezident Pizishkiyon G‘arb bilan kelishish orqali iqtisodiyotni qutqarish va’dasi bilan kelgan va parda ortidagi geosiyosiy savdo allaqachon boshlangan, deydi siyosatshunoslar Farhod Karimov va Kamoliddin Rabbimov.

G‘azoda “Hamas” harakatining hujum qilish qobiliyatiga jiddiy putur yetkazgan Isroil endilikda “Hizbulloh”, husiychilar va Eron homiyligidagi yana ayrim guruhlarga asosiy e’tiborini qaratmoqda. Kuni kecha TsAHAL Livan janubida quruqlik operatsiyasini boshladi.

Kun.uz muxbiri Isroilning maqsadlari va mintaqada Eronning pozitsiyasi o‘zgarganini sharhlab berish uchun “Geosiyosat” dasturiga siyosatshunoslar Farhod Karimov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.

Xo‘sh, Isroil uchun Yaqin Sharqdagi muvozanatni o‘zgartirishga “yashil chiroq” yoqildimi? Farhod Karimovning so‘zlariga ko‘ra, bu aniq ko‘rinib turibdi.

“Butun dunyo hamjamiyati tanqid qilib turgan bo‘lsa ham, Amerikadan moliyaviy yordamlar to‘xtamayapti, AQSh flotining eng oldi texnikasi mintaqaga olib kelib qo‘yilgan va Isroilga nisbatan qandaydir harakatlar bo‘lsa, bu flot ishga tushishi mumkinligi e’lon qilinib, mintaqa davlatlari ogohlantirilgan”, deydi u.

Shu bilan birga, Farhod Karimovning aniqlik kiritishicha, Isroilga mintaqadagi vaziyatni “tartibga solish” uchun emas, birinchi navbatda o‘z dushmanlarini birato‘la yo‘q qilish va o‘zini xavfsiz his qilishi uchun sharoit yaratib olishi uchun “yashil chiroq” yoqilgan. “G‘azo bahonasida husiylar, Livan, Suriya va Iroqdagi tashkilotlardan qutulishi uchun Isroilga imkoniyat berildi”, deydi tahlilchi.

Kamoliddin Rabbimov AQShning ikkiyuzlamachi tashqi siyosati haqida so‘zlarkan, Vashington G‘azoda judayam ko‘p qurbonlar bo‘lyapti deb Isroilni tanqid qilgani, lekin shu bilan bir paytda o‘nlab milliard dollarga Isroilga eng oxirgi zamonaviy qurol-aslahalarni berishda davom etayotganini qayd etdi.

“7 oktyabrdan keyin Isroil o‘zini bamisoli qurbon bo‘lgandek ko‘rsatdi. Va mana, “Hamas”dan keyin o‘zining e’tiborini qolgan davlatlarga qaratyapti, atrofini opponentlardan tozalab olishga harakat qilyapti. Isroil bu yerda katta manipulyatsiyani amalga oshirdi: 7 oktyabdagi “Hamas” hujumidan keyin “Hizbulloh”ga agar omon qolishni xohlasalaring, bu urushga aralashmaysizlar dedi va o‘tgan 10 oy davomida G‘azo bilan shug‘ullandi. Ana endi navbat qolganlarga keldi, ya’ni qolganlar aldandi”, – deydi u.

Isroil bir necha kun oldin Yamandagi husiylar harakatiga ham jiddiy raketa zarbalarini yo‘lladi. Farhod Karimovga ko‘ra, agar “yashil chiroq” o‘chib qolmasa, Isroil yo‘q qilishni azaldan niyat qilib yurgan atrofidagi dushmanlarini yo‘q qilish payiga tushadi va shunday bo‘lyapti ham. “Hizbulloh”dan keyin yoki parallel ravishda husiychilar hamda Suriya va Iroqdagi Eron islom inqilobi korpusi vakillari ham e’tibor markazida bo‘ladi.

Bundan tashqari, Suriya hududida ham Isroilga xayrixoh bo‘lmagan ayrim guruhlar bor. Bu guruhlarga Isroil “Arab bahori”dan beri, IShIDga qarshi kurash davomida ham, muntazam ravishda hujumlarni amalga oshirib borardi, koalitsiyaning IShIDga qarshi umumiy urushi fonida bular ko‘rinmasdi. Xuddi shunday, Isroil kabi Turkiya ham bir nechta guruhlarga hujumlarni amalga oshirib turgan. Isroil hozirda bunday guruhlarga ham manzilli zarbalar berishi mumkin. Masalan, kuni kecha Bashar Asadning qarindoshlariga tegishli uyga zarba berilgandi.

“Yaqinda AQSh Isroilga 30 mlrd dollarlik navbatdagi paketni taqdim etdi. Bu paketning nomi ham aytib turibdi: “Isroildan tashqari hududlarda o‘zini himoya qilish”. Bundan ko‘rish mumkinki, Suriya, Iroq va Yamandagi obektlarga zarba berish uchun ham qo‘llab-quvvatlov olindi. Lekin husiylar bilan to‘qnashuv quruqlikdagi janglar ko‘rinishida bo‘lmaydi, vaqti-vaqti bilan aniq koordinatalar olinib, juda jiddiy zarbalar berilishini kutish mumkin”, – deydi Farhod Karimov.

Shia guruhlariga qilinayotgan hujumlarga ularni qo‘llab-quvvatlovchi Eronning munosabati diqqatga sazovor. Rasmiy Tehron qarshilik o‘qidagi ittifoqchilaridan yuz o‘girgandek ko‘rinmoqda. Bayonotlarda avvalgidek olovli qasos va’da qilinmayapti. Yangi prezident Mas’ud Pizishkiyon BMT sammiti munosabati bilan AQShga borgan vaqtida bergan intervyularida Eron tinchlikni istashiga asosiy urg‘u berdi.

“Pizishkiyon saylovda G‘arb bilan kelishish g‘oyasi bilan hokimiyatga keldi. Albatta, tashqi siyosatni, xavfsizlikni imom belgilaydi, lekin nazarimda, imom Pizishkiyonga kart blansh bergan. “Mayli, harakat qilib ko‘r, G‘arb bilan kelishishga, chunki iqtisodiy vaziyatimiz juda ham og‘ir” deb, fotiha bergan bo‘lishi mumkin.

Mana shu fonda Yaqin Sharqda Isroil bilan, Kavkazda G‘arb bilan kurashish emas, ba’zi bir masalalarda yon berish va kelishish orqali Eron atrofidagi sanksiyalarni yechish va iqtisodiy muammolarni bartaraf qilish uchun savdo olib borayotgan bo‘lishi ehtimoli juda ham yuqori.

Bu – Eron uchun kardinal o‘zgarish. Pizishkiyon hokimiyatga kelganidan keyin, Rossiya sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu kelib, Putin bilan bo‘lgan kelishuvlarni eslatib ketdi. Lekin hozircha, Rossiya yoki Ozarboyjon bilan kelishuvlardan ko‘ra, G‘arb bilan kelishuvga ko‘proq ustuvorlik berilyapti, nazarimda”, – deydi Kamoliddin Rabbimov.

Uning fikricha, Eron Yaqin Sharqdagi qurolli guruhlarni qo‘llashni susaytirishi yoki to‘xtatishini G‘arb katta bonus sifatida ko‘radi va Tehron bilan kelishuvga harakat qiladi.

Farhod Karimovga ko‘ra, Isroil atrofidagi dushmanlardan xalos bo‘lishga uringani bilan, aynan Eronga qarshi urush ochishi ehtimoli juda kam, bunga AQSh yo‘l qo‘ymaydi.

“Avgust oyida Eronda o‘ttizdan ortiq namoyishlar bo‘ldi, sentabrda ham davom etdi. Shunday bir sharoitda Eron birinchi navbatda ichki muhitini yaxshilab, iqtisodiyotini barqarorlashtirmasa, tashqi siyosatda mag‘lub bo‘lishi aniq. Pizishkiyon bayonotlar berishi mumkin, chunki xalqning ichki siyosiy irodasini ham inobatga olish kerak, lekin Eronning hozirgi mojaroga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi juda og‘ir oqibatlarga, hatto inqirozga ham olib kelishi mumkin.

Biz sobiq sovet ittifoqining Afg‘onistonga kirishi ortidan iqtisodiy inqiroz boshlangani, oxir-oqibat bu ittifoqni qulatganini yaxshi bilamiz. Bu tarixiy saboqni ko‘pchilik davlatlar hali ham eslaydi. Iqtisodiy shart-sharoit qiyin bo‘lib turganda, tashqi siyosatda urush olib borish mumkin emas.

Eron bu xatoni takrorlasa, vaziyat ichki bo‘linish yuzaga kelishgacha borishi mumkin. Chunki Eronda ham mustahkam siyosiy yakdillik bor deb bo‘lmaydi, milliy, diniy, siyosiy masalalar bor, 1979 yilgi inqilobgacha bo‘lgan davrni sog‘inadigan avlod bor hali ham.

Eronga berilayotgan va’da shundan iboratki, mintaqadagi balansni, o‘z o‘rnini saqlab qolgan holda, iqtisodiy sanksiyalarni yechish va bir qancha iqtisodiy muammolarini yechish imkoniyati beriladi. Buning evaziga Eron mintaqada Isroil va AQShning siyosatiga aralashmasligi, hech bo‘lmaganda qarshi chiqmasligi kerak”, – deydi Farhod Karimov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, G‘arb sanksiyalari ostida iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Erondan butun Yaqin Sharq va umuman musulmon dunyosi uchun qahramonga aylanishni kutmaslik kerak.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid