Jamiyat | 18:41 / 01.10.2024
8546
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda baliqchilik uchun ruxsatnoma olgan shaxs qum-shag‘al qazib olib, tabiatga katta zarar yetkazdi

Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Surxondaryo viloyati prokuraturasiga taqdim etilgani aytilmoqda. 

Foto: Ekologiya vazirligi

Surxondaryoda fuqaro qum xomashyosini noqonuniy ravishda olishi oqibatida ekologiyaga 1 mlrd 50 mln 543 ming so‘m zarar yetkazgan. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar bermoqda

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Ekologiya hamda Milliy gvardiya boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor nazorat tadbirlari davomida Angor tumani Kattaqum massivi hududidan fuqaro B.Sh. noqonuniy qum xomashyosini olish holati qayd etilgan. 

Fuqaro B.Sh. joriy yilda Surxondaryo viloyati davlat o‘rmon xo‘jaligidan baliqchilik xo‘jaligini tashkil etish maqsadida Angor tumanidagi Kattaqum massivi hududidan ijara asosida yer olgan. 

U o‘ziga ajratilgan yerda baliqchilik ko‘lini tashkil etish o‘rniga shartnoma shartlarini buzgan holda noqonuniy ravishda qum xomashyosini qazib olish bilan shug‘ullanib kelgan. Hududda marksheyderlik o‘lchovi o‘tkazilganda 14 550,46 metr kub qum olingani qayd etilgan. 

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq baholanganda fuqaro B.Sh. tomonidan noqonuniy tosh-qum olishi natijasida tabiatga keltirilgan zarar 1 milliard 50 million 543 ming so‘mni tashkil qilgan.        

Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Surxondaryo viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan.

Mavzuga oid