Jahon | 16:59 / 03.10.2024
5211
3 daqiqa o‘qiladi

Marburg virusi: JSST yangi global epidemiya xavfidan ogohlantirdi

Ruandada davolab bo‘lmaydigan Marburg virusi tarqaldi. Hozircha virusga qarshi vaksina yo‘q.

Foto: Mirror

Ruanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat hududidagi 30 ta tumandan yettitasida kasallik holatlari aniqlangandan so‘ng mamlakatda ushbu kasallik ilk bor avj olganini tasdiqladi, deya xabar bermoqda Mirror.

Kasallanish holatlarining 70 foizdan ortig‘i Kigali shahridagi ikkita tibbiyot muassasasi xodimlarida kuzatilgan. Vafot etganlar soni 10 kishiga yetgan. Mamlakatda jami 29 ta kasallanish holati qayd etildi. Mirror qo‘shimcha qilishicha, shifokorlar kasallangan shaxslar bilan aloqada bo‘lgan 300 nafar odamni kuzatishga harakat qilmoqda. Hozircha Marburg virusi uchun davo yoki vaksina mavjud emas.

JSST virus tarqalish xavfini mintaqaviy darajada yuqori, ammo global miqyosda past deb baholamoqda. Shu bilan birga mutaxassislar kasallikka chalingani gumonlanayotgan bir kishi Raundani tark etganidan tashvishda.

2 oktyabr kuni Germaniyada Ruandadan kelgan tibbiyot fakulteti talabasi va uning do‘sti Marburg virusini yuqtirganlik belgilari tufayli Hamburg markaziy vokzalidan zudlik bilan evakuatsiya qilindi. Ular keyingi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Hamburg-Eppendorf universiteti kasalxonasiga olib ketildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, poyezdda virus tashuvchisi bo‘lgan 200 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Politsiya karantin choralari uchun ularning aloqa ma’lumotlarini to‘pladi.

Marburg virusi gemorragik isitmani keltirib chiqaradi, bu kasallikdan o‘lim darajasi 88 foizgacha yetishi mumkin. Virus to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa natijasida yuqadi. Kasallik belgilari orasida yuqori tana harorati, kuchli bosh og‘rig‘i va holsizlik, shuningdek ich ketishi, qorin og‘rig‘i va ko‘ngil aynishi kuzatiladi.

Marburg virusi Ebola virusi bilan bir oilaga mansub. Kasallik o‘z nomini 1967 yilda Germaniyaning Marburg shahrida yuz bergan epidemiya tufayli olgan. O‘shanda Germaniyaning Frankfurt, Serbiyaning Belgrad shahrida ham kasallanish holatlari qayd etilgan.

Yevropada kasallikning tarqalishi Ugandadan laboratoriya tadqiqotlari uchun keltirilgan Afrika yashil maymunlari tufayli boshlangan. Laboratoriya xodimlari maymunlarni yorib ko‘rish paytida uni yuqtirib olgan.

Mavzuga oid