Jamiyat | 16:51 / 06.10.2024
4543
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida soxta dollar va so‘mlarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Toshkent viloyatida 3 200 dollar, Sirdaryoda 1,3 mln so‘m qalbaki pullarni o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan. 

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida qalbaki pullarni o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda

Ma’lum qilinishicha, departamentning Bo‘ka tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida Qibray tumani, “Yuqori yuz” MFY hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.S. 100 dollarlik kupyuradagi qalbaki 3 200 dollarni fuqaro A.I.ga haqiqiy 1 000 dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Departamentning Sirdaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro S.Z. va boshqalar tadbirkor Sh.N.ning savdo do‘konidan xarid qilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun qalbaki 100 ming so‘mlik kupyurani bergan vaqtida ushlanib, ularning yonidan jami 1,3 mln so‘m qalbaki pullar ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid