Jahon | 19:33 / 09.10.2024
3297
7 daqiqa o‘qiladi

Eron Isroil bilan mojaroda Rossiyaning yordamiga umid qilishi mumkinmi?

Tehron va Moskva o‘rtasidagi harbiy-texnik va harbiy hamkorlik Rossiya 2022 yilda Ukrainada boshlagan urush, shuningdek, Eronning yaqin vaqtlar ichida keng ko‘lamli mojaroga olib kelishi mumkin bo‘lgan Isroil bo‘ylab zarbalari bilan bog‘liqdir.

Foto: Dimitar Dilkoff/AFP

Eron allaqachon Rossiyaga dronlar yetkazib bergan, rossiyalik harbiylar ular bilan Ukrainani o‘qqa tutmoqda. Boshqa yirikroq yetkazmalar ham bo‘lgan.

Ammo bu harbiy-texnik hamkorlik ancha jiddiylashishi ham mumkin. Masalan, Rossiya avvaliga Misrga sotish uchun (bu kelishuv muvaffaqiyatsizlikka uchragan) yig‘ilgan Su-35 qiruvchilari partiyasini Eronga sotishi mumkin.

Bunday qiruvchilarga ega bo‘lishi Eronga qarshi havo amaliyotlari o‘tkazilishini qiyinlashtirgan bo‘lardi. Hozirda Eron harbiy-havo kuchlarida faqat bir necha o‘nta jangovar samolyot bor — bular Rossiya samolyotlari hamda 1979 yilgi islom inqilobidan keyin Eronda qolgan Amerikaning eski modellaridir.

2023 yil bahorida Eronning IRIB teleradiokompaniyasi mamlakatning BMTdagi missiyasidagi xodimining anonim shakldagi so‘zlarini keltirgandi, u kelishuv amalga oshganini aytgandi, ammo shundan buyon OAVda Eronga Rossiya samolyotlari yetkazib berilgani haqida xabar chiqmagan.

Uzoq Sharqdagi KnAAZ aviatsiya zavodi aerodromi turargohida 20 dan ortiq yangi qiruvchi samolyotlar yaltirab turibdi, Rossiyadagi Harbiy strategiyalar va texnologiyalar tahlili markazi ularni «Misrga tayyorlangan» samolyotlar deb atagan. Ularni Gugl-xarita servisi orqali ham kuzatish mumkin.

Rossiya Eronga havo hujumidan mudofaa tizimlarini, masalan, qisqa radius bo‘ylab harakatlanuvchi «Pansir S1» tizimlarini ham berishi mumkin. Ular nisbatan katta masofadagi nishonlarni urib tushirishga mo‘ljallangan havo hujumidan mudofaa tizimlarini yoki boshqa obektlarni Isroil raketalaridan himoyalashda qo‘llanishi mumkin bo‘ladi.

Oq uydagilar 2023 yilda Rossiyaning «Vagner» guruhi bunday qurilmalarni yoki «Hizbulloh» guruhiga, yoki Eronga bermoqchiligi to‘g‘risida xabar qilgandi. O‘shanda Amerikaning Milliy xavfsizlik agentligi vakili Jon Kirbi amerikaliklar agar bunday yetkazma amalga oshirilsa, «Rossiya jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan aksilterrorchilik sanksiyalari» qo‘llashga tayyorlanayotganini aytgandi.

Shundan keyin bunday reja amalga oshirilgani to‘g‘isida xabar berilmagan.

O‘z navbatida, Eron Rossiyaga operativ-taktik yoki hatto kichik radiusda harakatlanuvchi ballistik raketalarni yetkazib berishi mumkin. Agar Rossiya armiyasida bunday raketalar paydo bo‘lsa, bu Ukrainadagi vaziyatni o‘zgartirib yuborgan bo‘lardi. Gap shundaki, ballistik raketalarni urib tushirish qiyin, Rossiyada esa ularning zaxirasi kamayib ketgan va ularni qanotli raketalarga qaraganda ancha kam ishlatishadi.

Isroil bilan urush chiqqan taqdirda ushbu mamlakatdan minglab kilometr uzoqlikda bo‘lgan Eron uchun o‘rta masofali raketalar zarur bo‘ladi, Rossiyaga esa 500 kilometr masofagacha boradigan, operativ-taktik raketalar ham yetarli. Shuning uchun Rossiyaga bunday raketalar yetkazib berish Eronning Isroilni o‘qqa tutish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Eron raketalari Rossiyaga yetkazib berilishi ehtimoli shu qadar xavfli bo‘lib ko‘rindiki, bu mavzu Moskva va Vashington o‘rtasidagi tashqi siyosatdagi keskinlashuv manbayiga aylandi — sentabr oyi boshida prezident Jo Bayden Ukrainaga Amerika raketalaridan Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berish haqida o‘ylayotgandi.

O‘shanda AQSh, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya rasman Eronni Rossiyaga ballistik raketalar yetkazib berishda ayblagandi. Matbuotga ma’lum bo‘lishicha, bu raketalar allaqachon Rossiyaga yetib borgan.

Kiyev baribir Rossiyadagi nishonlarga zarba berishga ruxsat ololmadi, ammo Moskva ham Ukrainada Eron raketalarini qo‘llagani yo‘q. Eron ularni Rossiyaga yetkazib bermagani haqida rasman bayonot berdi.

Bu haqda matbuotga ma’lumot sizib chiqqani tufayli qiruvchi samolyotlar va ballistik raketalar yetkazib berish amalga oshmay qoldi.

Ammo bu shuni ko‘rsatdiki, Eron va Rossiyaning harbiy-texnik hamkorligi salohiyati ulkan va bu mintaqadagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ammo bunday hamkorlik Rossiya bilan u qadar yaqin bo‘lmasa ham kamida G‘arbning boshqa davlatlaridan farqli o‘laroq ma’lum munosabatlarni saqlab qolgan Isroilning manfaatlariga ta’sir qiladi.

Ukraina rahbariyati bir necha marta so‘raganiga qaramay, Isroil shu vaqtgacha Ukrainaga o‘ldiruvchi qurollar yetkazib bermagan, hech bo‘lmaganda bu haqda ochiq e’lon qilinmagan.

Kiyev Isroilning «Temir gumbaz» kabi yuqori samaradorlikka ega havo hujumidan mudofaa tizimlariga qiziqish bildirgan. Isroil bunday tizimlarni o‘z armiyasidan olib berishi dargumon, lekin ular eksport uchun ham ishlab chiqariladi va bundan tashqari, AQShga ikkita batareya yetkazib berilgan — ularni isroilliklar roziligi bilan ukrainlarga yetkazib berish mumkin.

Isroil Ukrainaga jiddiy harbiy yordam bermaydi — u faqat insonparvarlik yordamlari yetkazishda ishtirok etadi.

2023 yil fevralida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytgandi. Ammo hozirgacha bu masalada o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Isroil va Rossiya munosabatlarini ikki mamlakat aviatsiyasi Suriyada yonma-yon harakatlanishi, harbiy samolyotlar tez-tez bir-biriga juda yaqin uchishi fakti ham murakkablashtiradi.

Ular 2018 yilda rossiyaliklarning razvedkachi samolyoti uchuvchisi o‘limiga olib kelgan holat takrorlanmasligi uchun o‘z harakatlarini muntazam ravishda muvofiqlashtirishiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda samolyotni Suriya havo hujumidan mudofaa tizimi xatolik tufayli urib tushirgandi, ammo Rossiyadagilar ma’lumotiga ko‘ra, uning yonida suriyaliklar nishoni bo‘lgan Isroil qiruvchi samolyoti ham uchgan.

Yaqin Sharqdagi davlatlarning xalqaro munosabatlari shunchalik qattiq to‘pga o‘ralganki, har qanday intensiv aralashuv boshqa davlatlar bilan muammolarga olib keladi.

Nima bo‘lganda ham Moskva va Tehron mintaqadagi vaziyat keskinlashuvidan oldin barcha tafsilotlarni muhokama qilishga harakat qilgani aniq.

30 sentabr kuni Tehronga Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin uchib keldi. Rossiyaning «Vedomosti» gazetasi yozishicha, tashrif vaqtida Rossiya-Eron hamkorligining barcha yo‘nalishlari muhokama qilinishi rejalashtirilgandi, ammo asosiy e’tibor transport, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yirik qo‘shma loyihalarga qaratilgandi.

Bu harbiy texnologiyalar almashinuvini ham anglatadimi yoki yo‘q, bunisi noma’lum.

Mavzuga oid