Jahon | 15:43
7531
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda to‘rt ming yillik aravalar topildi

Ulardan ham jangovar harakatlar uchun, ham hokimiyat transporti sifatida foydalanilgan.

Foto: Aditya Bakshi

Hindiston arxeologiya xizmati (ASI) olimlari Shimoliy Uttar-Pradesh shtatidagi Sinauli shahrida topilgan noodatiy buyumlar davrini aniqladi. U yerdagi aravalar va boshqa mohirlik bilan yasalgan buyumlarning yoshi 4 ming yildan oshadi, buni radiouglerod tahlili tasdiqlaydi. Bu Hindiston subkontinentidagi birinchi shunday topilmalardir. Ular qadimda mahalliy jamoa ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lganidan dalolat beradi.

Sinaulidagi qazishmalar 2005 yildan beri olib borilmoqda. O‘shandan buyon 120 dan ortiq qabrga ega boy nekropol topilgan. Ularning ba’zilari oddiy askarlarga, boshqalari katta boshliqlarga tegishli. Eng hayratlanarli topilma uchta jang aravasi bo‘ldi. Xuddi shu joydan arxeologlar qilich, ko‘plab mash’alalar va nafis bezatilgan tobutlar, dubulg‘alar hamda turli xil mayda mis buyumlarni ham topdi.

Topilmalar shuni ko‘rsatadiki, bundan to‘rt ming yil avval mahalliy jamoa faol urush harakatlarini olib borgan va harbiy san’atda rivojlangan texnologiyalarga ega bo‘lgan. Bu hind madaniyatini o‘sha davrda jangovar aravalardan foydalangan Mesopotamiya va Yunoniston kabi sivilizatsiyalar bilan bir qatorga qo‘yadi.

Yog‘och buyumlarning aksariyati mis elementlar bilan qoplangan yoki bezatilgan bo‘lib, bu nafaqat ularni chirishdan saqlagan, balki bugungi kunda topilmalarning yoshini aniqlashga imkon bermoqda. Mahalliy ustalar yog‘och va misga ishlov berishda yuksak mahoratga ega bo‘lgan.

Bundan tashqari, aravalardagi geometrik shakllar va boshqa dekorativ elementlar ulardan hokimiyat va obro‘ni ifodalovchi tantanali transport sifatida ham foydalanilganini ko‘rsatadi.

Yana bir muhim topilma hashamatli bezatilgan tobut bo‘ldi. Qabrda kichik haykalchalar va naqshli dubulg‘alar ham joylashtirilgan. Shuningdek, u yerdan ikkita mis hassa, qamchi, oltin va steatit munchoqlar hamda ko‘plab sopol buyumlar topildi. Bundan kelib chiqib qabr yuqori martabali harbiy sarkardaga tegishli bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.

Mavzuga oid