Sport | 22:07 / 09.10.2024
28876
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston so‘nggi marta bizga muammo tug‘dirganiga 12 yil bo‘ldi». Ozmun Shomurodovga javob qaytardi

O‘zbekiston – Eron uchrashuvi oldidan forslar hujumchisi Sardor Ozmun Eldor Shomurodovning so‘zlariga javob qaytardi.

Sardor Ozmun

Eldor Shomurodov seshanba kungi mashg‘ulot oldidan intervyu berib, «Eronga qarshi uchrashuv Qirg‘izistonga qarshi kechgan o‘yindan ko‘ra oson bo‘ladi», - deya fikr bildirgan edi.

Bugun o‘tkazilgan o‘yin oldi matbuot anjumanida Sardor Ozmun do‘sti Eldor Shomurodovning so‘zlariga javob qaytardi.

«O‘zbekiston milliy jamoasini hurmat qilamiz. Ularga qarshi ko‘p marotaba o‘ynadik. Bu safargi o‘yinda 3 ochkoni qo‘lga kiritish juda muhim. Ammo raqibga nisbatan hurmatni saqlagan holda aytaman, O‘zbekiston so‘nggi marta bizga jiddiy chaqiruv tashlab, muammo tug‘dirganiga 12 yil bo‘ldi, 2012 yildan buyon Eronni mag‘lub eta olmayapti», - dedi Eron milliy jamoasi hujumchisi.

Qayd etish joiz, Ozmunning bu so‘zlari matbuot anjumanidagi tarjimon orqali tarjima qilinmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi JCh-2026 3-saralash bosqich 3-turi doirasidagi o‘yin 10 oktyabr kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida soat 19:00da bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid