Jahon | 10:50 / 11.10.2024
4723
3 daqiqa o‘qiladi

AP: RF aldov yo‘li bilan afrikalik ayollarni Shahed'lar ishlab chiqarishga jalb qilmoqda

Afrikalik yosh ayollar Rossiyaga yaxshi maoshli ish va’dasi bilan jalb qilinadi. Ammo ular kamikadze dronlari ishlab chiqariladigan Alabuga maxsus iqtisodiy zonasida ishlashlari kerak.

Foto: Maxar Technologies/AP Photo/picture alliance

Rossiya Uganda, Ruanda, Keniya, Janubiy Sudan, Serra-Leone va Nigeriyadan yosh ayollarni hamda Shri-Lanka fuqarolarini aldab, Shahed kamikadze dronlarini ishlab chiqarishga jalb etmoqda. 10 oktyabr, payshanba kuni AP xabariga ko‘ra, afrikalik ayollarga yaxshi maoshli ish, bepul parvoz va yotoqxonada joy va’da qilingan, keyin esa Tataristonga Shahed dronlari ishlab chiqariladigan Alabuga maxsus iqtisodiy zonasiga olib ketilgan.

Jurnalistlarning aniqlashicha, hozirda Alabugada dron ishlab chiqarishda 200 ga yaqin, asosan, 18-22 yoshli ayollar mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarishda almashinuv talabalari ham ishlaydi, ularning ba’zilari endigina 16 yoshda.

Afrikalik ayollardan birining hikoyasi

AP materialida, o‘z so‘zlariga ko‘ra, Alabugada tuzoqqa tushib qolgan afrikalik ayollardan biri haqida hikoya qilinadi. O‘z vatanidan uchib ketar ekan, u sayohatini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan fotosuratlarda hujjatlashtirgan, ulardan biriga «Yevropa» so‘zi bilan imzo chekkan. Endi, dron ishlab chiqarish korxonasidagi ayol «bu narsalarni yig‘ishni boshlagan kunni la’natlayman», deydi.

Ishchilar yotoqxonada ham, ish joyida ham doimiy videokuzatuv ostida, ish smenalari uzoq — har biri 12 soat va ish haqi va’da qilinganidan sezilarli darajada past: 700 o‘rniga 500 dollar. Korxona rahbariyati ayollarni vataniga qaytmaslikka ko‘ndirmoqda, chunki ular hatto malakasiz ishlarga ham xodimlarni yollashda muammolarga duch kelishmoqda.

Qattiq munosabat

Yotoqxonalar va oshxonalar «24 soatlik xavfsizlik ostida» va xodimlarning telefonlari doimiy ravishda keraksiz xabarlar bo‘yicha nazorat qilinadi. Ishlab chiqarishda afrikalik ayollar dronlar fyuzelyajini qoplaydigan zaharli kimyoviy moddalar bilan tegishli himoyasiz ishlashlari kerak. Ayollar ularga «eshakdek, quldek» muomala qilinayotganidan nolishadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, Tatariston rahbari Rustam Minnixanov, shuningdek, Alabuga iqtisodiy zonasi bosh direktori Timur Shagivaleyev afrikalik ayollarning shikoyatlari bilan bog‘liq savollarga javob bermadi. Fuqarolari Alabugada ishlayotgan 22 mamlakatning aksariyati yo javob bermadi yoki «bu masala bilan shug‘ullanishga» va’da berdi.

O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi matbuot kotibi Ravina Shamdasani, agar qizlar firibgarlik yo‘li bilan ekspluatatsiya qilish maqsadida yollangan bo‘lsa, Rossiyaning xatti-harakatlari «odam savdosi mezonlariga potensial javob berishi» mumkinligini aytdi.

Aprel oyida Alabuga Ukraina dronlari tomonidan hujumga uchragan. Natijada olti kishi, jumladan, ikki o‘smir jarohatlangan. Maxsus iqtisodiy zona hududiga jami uchta dron uchib kelgan, ikkita yotoqxona binosining oynalari va eshiklari singan.

Mavzuga oid