Jahon | 19:38
5196
7 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Yevropa poytaxtlarini aylandi. U ittifoqchilardan nima talab qildi? Va u nimaga erishishi mumkin? 

Politico jurnalistlari versiyasi.

Stephanie Lecocq / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 10-11 oktyabr kunlari birdaniga Yevropaning to‘rt asosiy davlati poytaxtlari — London, Parij, Rim va Berlinda bo‘ldi. Bu safar yo‘l-yo‘lakay amalga oshdi — avvaliga Zelenskiy faqat Germaniyaga, AQSh prezidenti Jo Bayden ishtirokidagi «Ramshtayn» formatidagi uchrashuvga borishi rejalashtirilgandi. Ammo «Milton» to‘foni tufayli Bayden Yevropaga tashrifini qoldirdi, shundan keyin «Ramshtayn» uchrashuvi ham bekor qilindi. Shundan keyin Zelenskiy Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Germaniya rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish uchun yo‘l oldi. Politico nashri ushbu uchrashuvlarda muhokama qilgani deyarli aniq bo‘lgan Kiyevning G‘arbdan asosiy so‘rovlari ro‘yxatini tuzdi — va ulardan har birining qanoatlantirilishi ehtimolini baholadi.

NATOga yo‘l

Politico Kiyevdagilar Ukraina NATOdan xavfsizlik kafolatini olishini Rossiyaning kelgusida qilishi mumkin bo‘lgan yangi hujumining oldini olishning yagona yo‘li deb bilishlarini eslatgan. Ammo, deydi nashr mualliflari, yaqin vaqtlar ichida taklif olish — «oddiy vazifa emas»: garchi NATOdagilar bir necha marta Ukraina kun kelib alyans a’zosi bo‘lishini aytgan bo‘lsa-da, hozircha aniq muddat yo‘q va kutilmayapti ham.

Bu fonda so‘nggi oylarda Kiyev turli davlatlar, jumladan, NATO a’zolari bilan xavfsizlik sohasida yanada qalin aloqalar o‘rnatishga qaratilgan yigirmaga yaqin ikki tomonlama kelishuvlar imzoladi — amo ular NATO xavfsizlik kafolatlari bilan taqqoslash mumkin bo‘lgan majburiyatlarni o‘z ichiga olmaydi.

Safar yakunlariga ko‘ra bu masalada muvaffaqiyatga erishish imkoniyati: 5 dan 1.

Ukrain osmoni himoyasi

Ukraina g‘arblik ittifoqchilarni — birinchi navbatda, Polsha va Ruminiyani — o‘z havo hujumidan mudofaa tizimlarini Ukrainaning g‘arbiy qismi ustidagi Rossiya dronlari va raketalarini urib tushirish uchun chegaraga yaqinroq joylashtirishga chaqirib keladi. Ammo NATOdagilar eskalatsiyadan xavfsirab, bunday yondashuv alyansning mojaroga «butunlay boshqa darajadagi aralashuvi» bo‘lishini bildiradi.

Kiyevdagilar AQSh Isroilga Eron raketalarini urib tushirishda yordam ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratib — o‘z ittifoqchilarini ham Ukrainani himoyalashda «shunday qat’iyat ko‘rsatish»ga chaqiradi.

Shuningdek, Ukraina o‘zining havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirishni — Amerikaning Patriot va Fransiya-Italiya mahsuloti bo‘lmish SAMP/T tizimlarini qo‘shimcha ravishda yetkazib berishni so‘raydi.

Muvaffaqiyat uchun imkoniyat: Polsha va Ruminiya havo hujumidan mudofaa tizimlaridan foydalanish — 5 dan 1, Ukraina HHM tizimlarini kuchaytrish — 5 dan 4.

Rossiya hududi bo‘ylab zarbalar

Londonda bosh vazir Kir Starmer hamda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda Zelenskiy Ukrainaning Rossiya ichkarisidagi nishonlarga G‘arb qurollari bilan zarba berishni taqiqlovchi cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini yana bir bor ta’kidladi.

Ryutte bu masalada amalda Zelenskiyni qo‘llashini bildirdi, ammo yakuniy qarorni alyans emas, balki muayyan qurolni yetkazib beruvchi alohida davlatning o‘zi qabul qilishini qayd etdi. «Alohida ittifoqchilar buni qilish-qilmasligi hamisha ularning o‘ziga bog‘liq», — degan u.

Sentyabr oyi boshida matbuotda bir necha marta AQSh va Buyuk Britaniya go‘yoki Ukrainaga shunday ruxsat bergani to‘g‘risida norasmiy xabarlar paydo bo‘lgandi, ammo bu xabarlar rasmiy darajada tasdiqlanmadi va bunday qurollardan Rossiya hududiga zarba berilishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilmadi. Ittifoqchilar bunga ruxsat berilishi nazorat qilib bo‘lmaydigan eskalatsiyaga olib kelishi — Rossiya yadroviy javob ham qaytarishi mumkinligidan xavotirda, deya yozadi Politico.

Muvaffaqiyat uchun imkoniyat: 5 dan 1 .

Taurus raketalari yetkazib berilishi

Politico nashri eslatganidek, G‘arbdagi asosiy ittifoqchilar (AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya) faqat Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlari va chegara hududlar bo‘ylab qo‘llash sharti bilan katta masofaga harakatlanuvchi raketalarni cheklangan partiyalarda yetkazib bergan — ammo faqat Germaniya hozirgacha bunday qilmagan.

Ukraina va ittifoqchilar tomonidan ham, Germaniyaning o‘zidagi ko‘plab siyosatchilar, jumladan, mamlakat TIV rahbari Annalena Berbok tomonidan ham kuchli diplomatik bosim o‘tkazilganiga qaramay, GFR kansleri Olaf Shols ko‘p oylar mobaynida bir necha marta bu boradagi so‘rovlarni qat’iyan rad etgan.

Germaniya Ukrainaning eng yirik harbiy donorlaridan biri bo‘lib qolmoqda — xususan, 9 oktyabr kuni Bundestag 2024 yil oxirigacha havo hujumidan mudofaa tizimlari, tanklar va o‘q-dorilar yetkazib berish uchun 400 million yevro ajratishni ma’qulladi. Ammo, rasmiy Berlinning Taurus raketalari bo‘yicha pozitsiyasi deyarli o‘zgarishsiz qoladi.

Muvaffaqiyat uchun imkoniyat: 5 dan 1.

Ukrainani «arsenal demokratiyasi»ga aylantirish

Tayyor qurollarning yangi yetkazib berilishidan tashqari, Ukrainaning maqsadlaridan biri — o‘z iqtisodiyotini mustahkamlaydigan va armiyani Rossiyaga qarshi erkin qo‘llashi mumkin bo‘lgan o‘q-dorilar bilan ta’minlay oladigan o‘z harbiy sanoatiga investitsiyalar jalb etishdir.

Politico nashri Rheinmetall, Nammo va Saab kabi ko‘plab yirik harbiy ishlab chiqaruvchilar allaqachon mahalliy korxonalar bilan birgalikda Ukraina hududida o‘q-dorilar va qurol ishlab chiqarish bo‘yicha dasturlarni yo‘lga qo‘yganini eslatgan.

Zelenskiy «Ramshtayn» bekor qilinishidan oldinroq ham ushbu uchrashuvda bu boradagi hamkorlikni kengaytirish masalasini ko‘tarmoqchi ekanini aytgandi.

Muvaffaqiyat uchun imkoniyat: 5 dan 5.

Mavzuga oid