Metroga yaqin korxonalar ish vaqti o‘zgarishi mumkin
Poytaxtdagi metro bekatlariga yaqin bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarining ish vaqtini o‘zgartirish taklifi ilgari surilmoqda. Unga ko‘ra, ish soat 08:00 da emas 09:00 da boshlanadi.
Xalqaro press-klubda Toshkent metropoliteni rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bekatlardagi tirbandliklar va ularning yechimlari ham qizg‘in muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz muxbiri.
Metropoliten bosh muhandisi Mirhokim Mirhusanovning aytishicha, poytaxtda joylashgan yirik ishlab chiqarish tashkilotlari va o‘quv muassasalarida bir vaqtning o‘zida (soat 08:00 va 09:00 oralig‘ida) ish kuni va darslarning boshlanishi ayni shu vaqt oralig‘ida metropolitenda bir qator tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda.
U yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yuklamalarni kamaytirish maqsadida metro bekatlariga yaqin bo‘lgan 27 OTMda darslarning boshlanish vaqti differensial tartibda o‘zgartirilganini ta’kidlarkan, yechim sifatida yirik ishlab chiqarish korxonalarida ham ish vaqtini o‘zgartirish taklifi ilgari surilayotganini aytdi.
Toshkent metropoliteni rejim xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Abdutohir Abduqodirov ham OTMlarda o‘qishning boshlanish vaqti o‘zgartirilgani ancha ijobiy o‘zgarishlarga olib kelganini qayd etdi. U hukumat, Transport vazirligi hamda tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda yirik korxonalarda ish boshlanishi vaqtini qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi.
«Toshkent shahrida 1 ming, 10 ming nafardan ortiq ishchi ishlaydigan korxonalar bor, ularning ayrimlarida ish vaqti soat 08:00 da boshlanadi. O‘zimizning ham ishimiz xuddi shunga o‘xshash. Korxonalarning ham ish vaqtini ko‘rib chiqishni reja qilganmiz. Masalan, soat 08:00 da emas 09:00 da qilish taklifini bildirmoqchimiz, agar ularga ham ma’qul kelsa, sal bo‘lsa-da, bekatlardagi tirbandliklar kamayishiga erishgan bo‘lamiz», — dedi u.
Mavzuga oid
16:53 / 24.10.2024
Saylov munosabati bilan Toshkent metrosi ish faoliyatini vaqtli boshlaydi
10:30 / 20.10.2024
2024 yil 9 oyda metroda qancha yo‘lovchi tashilgani ma’lum qilindi
21:29 / 12.09.2024
Toshkent metropoliteni donasi 100 ming dollarga teng eskalatorlar o‘rnatyapti. Bu qimmat emasmi?
14:20 / 07.09.2024