«Urush harakati»: Bayden Eronni Trampga suiqasd oqibatlari haqida ogohlantirdi
Vashington Eronning AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp hayotiga har qanday suiqasdga urinishini urush harakati sifatida baholaydi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Milliy xavfsizlik kengashiga Eron hukumatini Vashington Tehronning AQSh sobiq prezidenti va bu lavozimga qayta nomzod Donald Tramp hayotiga bo‘lgan har qanday suiqasdga urinishini urush harakati sifatida ko‘rishi haqida ogohlantirishni topshirdi. Bu haqda 11 oktyabr, juma kuni The Washington Post nashri xabar berdi.
Xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Shon Savettning aytishicha, Bayden «barcha resurs»ni Trampni himoya qilish va razvedka idoralari unga tahdidlar haqida ma’lumot berishini ta’minlashga yo‘naltirdi. «Biz buni milliy xavfsizlik masalasi deb hisoblaymiz va Eronni bu shafqatsiz tahdidlar uchun qattiq qoralaymiz», dedi u. «Agar Eron bizning fuqarolarimizdan biriga, jumladan, AQShga xizmat qilishda davom etayotgan yoki ilgari xizmat qilganlarga hujum qilsa, jiddiy oqibatlarga duch keladi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Avgust oyi boshida AQSh rasmiylari Eron bilan muvofiqlashtirgan amerikalik siyosatchilarga suiqasd uyushtirish fitnasi fosh etilganini e’lon qilgan edi. Fitna ishtirokchilarining nishonlaridan biri Donald Tramp bo‘lishi kerak edi. Tehron Trampga qarshi fitnaga aloqadorlik va AQShdagi saylov kampaniyasiga aralashish kabi ayblovlarni rad etdi.
AQSh va Isroil TsAHALning Erondagi ehtimoliy nishonlarini muhokama qilmoqda
AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx 3 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qo‘shma Shtatlar hukumati Isroil bilan Eronning yirik raketa hujumiga ehtimoliy javob choralarini muvofiqlashtirayotganini ma’lum qildi. «Ammo men ehtimoliy nishonlar qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi tafsilotlarni muhokama qilishni o‘rinsiz va unchalik foydali emas deb hisoblayman», dedi Pentagon vakili Isroil Eron neft obektlarini nishon sifatida ko‘radimi, degan savolga javob berar ekan.
Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z ma’muriyati Isroilning Eron neft sanoatiga ehtimoliy hujumini «muhokama qilayotganini» aytdi. Siyosatchining izohi neftning jahon narxlarida sakrashga sabab bo‘ldi. Londonning ICE birjasida Brent markali neft narxi sentabr boshidan beri birinchi marta 5,04 foizga oshdi va bir barrel uchun 77,63 dollargacha ko‘tarildi.
Bir kun avval Amerika yetakchisi Vashington Isroilning Erondagi yadroviy inshootlarga zarba berishiga qarshi ekanini ta’kidladi.
Mavzuga oid
21:37 / 31.10.2024
Germaniyada Eronning barcha bosh konsulliklari yopiladi
15:50 / 31.10.2024
Germaniya kansleri Eronni Isroil zarbalaridan so‘ng «vaziyatni keskinlashtirmaslikka» chaqirdi
14:01 / 31.10.2024
«Bu Kamala va Bayden sharafiga». Tramp chiqindi tashuvchi mashinaga minib oldi
21:25 / 30.10.2024