O‘zbekiston | 15:50 / 15.10.2024
17112
5 daqiqa o‘qiladi

“Bu katta miqdor emas” – Diniy qo‘mita raisi Umra litsenziyasining 1 million dollarlik sharti haqida

Biz monopoliya qilayotganimiz yo‘q, tanlov e’lon qilib, shartlarni bajargan hamda salohiyati bor barcha turfirmalarni ajratib olamiz, dedi Sodiqjon Toshboyev. Qo‘mita raisiga ko‘ra, 1 million dollar rekvizit – Saudiya Arabistonida qolib ketishi mumkin bo‘lgan faqat ming kishining xarajatlariga yetadi. Shu bilan birga, Toshboyev fuqarolar mustaqil viza olib, Umra qilib kelishiga hech qanday to‘siqlar yo‘qligini aytdi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev 15 oktyabr kuni Toshkentda xalqaro konferensiya doirasida Kun.uz muxbirining Umra litsenziyasi yangi shartlariga doir savollariga javob berdi.

Nima uchun Umra ziyoratini ko‘rsatuvchi firmalarga litsenziya uchun katta mablag‘ – 1 million dollarni (12,8 milliard so‘m) rekvizitga qo‘yish sharti joriy qilindi?

– Endi, bu katta miqdor emas. Xabaringiz bo‘lsa kerak, bunga qadar 100 ming dollar qo‘yish [majburiyati] bor edi. O‘shanda 15 mingga yaqin fuqarolarimiz Saudiya Arabistonida qolib ketdi, ularning hammasi hukumat tomonidan olib kelindi. Bu haqda biror marta yoritmadingiz…

Demoqchimanki, agar 1 million dollar rekvizitga qo‘yiladigan bo‘lsa, havo yo‘llarini 600 dollardan hisoblaydigan bo‘lsak, u yerdagi mehmonxonalar va boshqa xizmatlarning hisobini olsak bu ham [1 million dollar] ming kishiga yetyapti. O‘sha 15 ming kishi bilan muammo bo‘lganida, qo‘yilgan 100 ming dollarga 100 kishini ham qaytarib olib kelishga imkoniyatimiz yo‘q edi.

1 million dollar rekvizitga qo‘yilganidan keyin ham faqat bir dona firma tanlab olinib, shunga litsenziya beriladimi?

– Hozir ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinyapti. Biz monopoliya qilayotganimiz yo‘q, bu yerda [shartlarni bajarishga] salohiyati bor 10 ta bo‘ladimi yoki 15 tami, turfirmalarning hammasi o‘tadi. Bu degani bitta Musulmonlar idorasi yoki 4-5 ta firma qoladi degani emas. Bugun tanlovni e’lon qilyapmiz, 15 kun ichida turfirmalarni ajratib olamiz. Balki 15 ta bo‘lar, balki 20 ta kimning imkoniyati bo‘lsa, o‘shalarni qo‘yamiz. Qimmatlashish bo‘lmaydi, sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘ladi.

Agar 1 million dollar rekvizitga qo‘yilsa, turfirmalar foydasini chiqarish uchun narxni oshirishga majbur bo‘lmaydimi?

– Harakat qiladi, to‘g‘ri. Lekin oldingi safar 77 firmaga litsenziya bergan bo‘lsak, yana qanchasi noqonuniy faoliyat yuritgan. Na litsenziyasi bo‘lgan, faqat turfirma ochib qo‘ygan. Uyoqqa olib borganda sharoitlarni o‘zingiz ko‘ryapsiz. Maqsadimiz monopoliya qilish yoki boshqa emas. Rahmat deyishimiz kerak, oldinlari faqat bir yilda 2 marta fuqarolarimiz Umra qilolgan. Hozirgi kunda 560 mingga yaqin fuqarolarimiz Umraga borib keldi. Borsin, hamma borsin, lekin u yerda sifatli xizmat ko‘rsatishimiz kerak. Tibbiyoti bo‘lsin, ellikboshisi ham. U yerga borgan fuqarolarimizni kimga topshiryapmiz? O‘zimiz ellikboshi berayotgan edik. Keyingi vaqtda, mana, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ryapmiz, u yerga borganlarning g‘oyaviy “ishlovi” qanaqa bo‘ladi? Bizning “umrachi“larimizga kim xizmat ko‘rsatyapti? Agar ularga o‘qigan, diniy soha xodimlari [hamrohlik qilib] boradigan bo‘lsa… qaytib kelganidan keyin g‘oyaviy jihatidan ham to‘g‘rilashning imkoni qiyin bo‘lib boryapti. Faqat moliya bilan bog‘liq narsa emas-da bu.

Bu qaror bilan – fuqarolar Saudiya Arabistoni vizasi hamda biletini mustaqil olib, Umra qilib kelishiga to‘sqinlik qilinmaydimi?

– Bu bemalol, hech qanday to‘sqinlik yo‘q. Nusuk degan Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligining dasturi bor, [yoki onlayn turistik viza] uydan o‘tirib, olib boraversin, xohlasa. Xohlasa, Dubay yoki Turkiya orqali, xohlasa to‘g‘ridan to‘g‘ri reysda borsin. Bunga hech qanday qarshilik yo‘q. Uyingizdan o‘tirib bemalol olaverasiz, Saudiya Arabistoni ham buni bemalol ochib qo‘ygan. Faqat fuqarolarimizda tushuncha noto‘g‘ri bo‘lyapti.

Farrux Absattarov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid