Fan-texnika | 18:07 / 15.10.2024
16386
3 daqiqa o‘qiladi

Konditsioner o‘rnini bosuvchi mato yaratildi

Mato quyosh nuri va issiqlikni 97 foizgacha bloklab, inson tanasini salqinlatadi.

Foto: AP

Jyengjou universiteti (Xitoy) va Janubiy Avstraliya universiteti (UniSA) muhandislari tana hamda shahar muhiti obektlarining haroratini pasaytirishga qodir matoni ishlab chiqdi.

“Gazlamaning haroratni passiv tarzda pasaytirish qobiliyati konditsionerlar uchun barqaror muqobil variant bo‘lib, energiya sarfini tejash va anomal issiq paytlarda elektr tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish imkonini beradi”, — deydi Science Bulletin jurnalida chop etilgan tadqiqot mualliflaridan biri, UniSA mutaxassisi Yangjye Hou.

Uch qavatli salqinlik

Sinovlar mato quyosh nuri va issiqlikni 97 foizgacha bloklashini ko‘rsatdi. Houning aytishicha, unda radiatsion sovitish tamoyili qo‘llanilgan — bu tabiiy jarayon bo‘lib, materiallar issiqlikni atmosferaga chiqarib yuboradi.

“Issiqlikni ushlab turadigan oddiy matolardan farqli o‘laroq, uch qatlamdan iborat bo‘lgan ushbu mato teskari ta’sirni namoyon qiladi”, — deb tushuntirdi u.

Yuqori qatlam issiqlikni samarali tarqatadigan polimetilpenten tolalaridan iborat. O‘rta qatlam kumush nanoo‘tkazgichlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, ular matoning qaytarish qobiliyatini oshiradi va tanaga issiqlik o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Pastki qatlam esa jundan tashkil topgan, u hatto eng kuchli jaziramada ham issiqlikdan himoya qiladi.

O‘lchash jarayonida, yangi mato harorati an’anaviy to‘qimachilik matolarining haroratidan 2,3 gradus pastroq, atrof-muhit haroratidan esa 6,2 gradus salqinroq bo‘lib chiqdi.

Tadqiqotchilar o‘z ishlanmalarining keng qo‘llanishi istiqbolini ko‘rmoqda. Ular yangi texnologiya kiyim-kechak, qurilish materiallari va ko‘cha mebellarida o‘z o‘rnini topishiga umid qilmoqda.

Hozircha asosiy to‘siq ishlab chiqarish jarayonining qimmatligida. Olimlar ta’kidlashicha, texnologiyani tijoratlashtirish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar va ideal holatda davlat ko‘magi zarur.

“Odamlarning mato uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor yoki yo‘qligi uning sovitish samaradorligi, chidamliligi, qulayligi hamda insonlardagi ekologik ong darajasiga bog‘liq bo‘ladi”, — deb qo‘shimcha qildi ular.

Mavzuga oid