Chita sudi ayolni pichoqlagan vagnerchini urushga qo‘yib yubordi
Qotillik uchun 22 yilga qamalgan shaxs "Vagner" XHKga qo‘shilganidan keyin ozod qilindi. Urushdan qaytgach, u ayol kishiga hujum qilib, unga og‘ir jarohatlar yetkazdi. U harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma imzolash orqali jazodan qutulib qoldi.
Chita sudi 2024 yil aprel oyida Ukrainadagi urushdan qaytib, mahalliy aholi vakilini o‘ldirishga uringan "Vagner" XHK sobiq yollanma askariga nisbatan jinoiy ishni to‘xtatdi. Sud matbuot xizmatining 15 oktyabr, seshanba kuni e’lon qilingan bayonotida aytilishicha, qotillikka suiqasd va talonchilik ayblovlari bo‘yicha ish yurituvi, jabrlanuvchining e’tirozlariga qaramay, ayblanuvchi "safarbarlik davomida harbiy xizmat uchun shartnoma tuzgani" munosabati bilan to‘xtatildi.
Harbiy xizmatga tanlab olish punkti rahbari oktyabr oyi boshida Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan Ukrainadagi urushga sudlanuvchilarni yuborishga ruxsat beruvchi yangi qonunlarga asoslanib, ishni to‘xtatib qo‘yishni so‘ragan.
Ayblanuvchi sud zalida hibsdan ozod qilindi va Mudofaa vazirligi vakiliga topshirildi, deb xabar berdi Chitaning Chernovskiy rayon sudi.
Matbuot xabarida, shuningdek, 2014 yilda ayblanuvchi Baykalorti o‘lka sudi tomonidan ikki kishini o‘ldirish, zo‘rlash va qotillikka urinishda aybdor deb topilib, 22 yilga ozodlikdan mahrum etilgani va keyinchalik "Vagner" XHK tarkibida Ukrainada jang qilganligi qayd etilgan. Aprel oyida urushdan qaytgan sobiq vagnerchi tomonidan ko‘krak, qorin, qo‘l va oyoq qismidan pichoqlangan ayol tirik qolgan, biroq uning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetgan, deb xabar berdi sud.
Oktyabr oyi boshida Putin ikki qonunni imzoladi, unga ko‘ra, agar sudlanuvchilar harbiy xizmatga chaqirilsa yoki Mudofaa vazirligi bilan "safarbarlik yoxud urush davrida" shartnoma tuzgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Putin urushda qatnashayotgan sudlanuvchilarni jazodan ozod qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2 oktyabr kuni safarbarlik paytida yoki urush vaqtida ishi birinchi instansiya yoki apellyatsiya sudida ko‘rib chiqilayotgan ayblanuvchilar bilan shartnoma tuzishga ruxsat beruvchi ikkita qonunni imzoladi. Har ikkala qonun ham huquqiy axborot rasmiy internet portalida e’lon qilingan.
Avvalroq, 24 sentabr kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi yig‘ilishida ikkala qonun loyihasi ham ikkinchi va uchinchi o‘qishda ma’qullangan edi. Qonun loyihalaridan birinchisi, agar sudlanuvchilar safarbarlik davrida yoki urush davrida harbiy xizmatga chaqirilgan bo‘lsa, jinoiy ish yuritishni to‘xtatib turish, keyin esa jinoiy javobgarlikdan ozod qilish imkonini beradi. Qonun shuningdek, safarbarlik davrida, harbiy holat yoki urush davrida RF Qurolli kuchlarida xizmat qilish paytida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan sud ishlarini to‘xtatib turish imkoniyatini nazarda tutadi.
Xuddi shunday huquqiy mexanizm hukm chiqarilgan, lekin qonuniy kuchga kirmagan mahkumlarga, shu jumladan apellyatsiya bosqichida ham qo‘llanadi.
Mavzuga oid
16:19 / 24.12.2024
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024