Iqtisodiyot | 13:57 / 16.10.2024
6545
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 1 gramm oltin bahosi 1,1 mln so‘mdan oshdi. Narxlar qimmatlashishiga sabab nima?

16 oktyabr kungi kotirovkalarda 5 grammli quyma oltin narxi 5 mln 625 ming so‘mni tashkil qildi. Jahon bozorida esa bir unsiya oltinning narxi 2677 dollarga yetdi. So‘ngi 20 yil ichida 534 foizga qimmatlashgan oltin jamg‘arish vositasi sifatida foydalimi?

Markaziy bank 16 oktyabr kuni oltin quymalar va esdalik oltin tangalar narxlarini yangiladi. Qimmatbaho metallning 1 grammi narxi 1 mln 125 ming so‘mdan oshdi.

Ayni paytda 5 grammli oltin quymalar narxlari 5 mln 625 ming so‘mni, 10 grammli esdalik tanga narxi 11 mln 249 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Qimmatbaho metallning joriy narxlari yil boshidagi narxlardan 32,5 foizga, 2023 yilning mos davridagi narxlardan esa 45,3 foizga yuqori.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Markaziy banki oltin va kumushdan tayyorlangan esdalik tangalarni 2018 yilda muomalaga chiqargan. 2020 yil noyabridan boshlab esa o‘zbekistonliklarda jamg‘armalarini quyma oltin shaklida saqlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi: Markaziy bank 5, 10, 20 va 50 grammli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqardi.

Oltin quymalari narxlari xalqaro qimmatbaho metallar bozori kon’yunkturasidan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan kun davomida qayta ko‘rib chiqiladi. Shunga ko‘ra, narxlar doimiy o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi.

Nega oltin narxi qimmatlashmoqda?

Joriy yil boshida oltinning bir bir troya unsiyasi narxi 2068 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 2677 dollarni tashkil etmoqda yoki 29,4 foizga qimmatlashgan. Qimmatbaho metall narxlarining keskin darajada oshishiga bir qancha omillar ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy beqarorlik. Geopolitik vaziyatning yomonlashishi yoki iqtisodiy beqarorlik, masalan, urushlar, siyosiy yoki moliyaviy inqirozlar oltin narxini oshiradi. Oltin ko‘pincha "xavfsizlik yostiqchasi” sifatida ko‘riladi, shuning uchun beqaror davrlarda unga talab ortadi. Yaqin Sharqdagi qurolli mojaroning keskinlashib ketgani va Rossiya-Ukraina urushining qachon tugashi bo‘yicha aniq prognozlarning mavjud emasligi oltin narxining oshishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Sodda qilib aytganda, kelajak haqidagi prognozlar mavhumlashsa, investorlar uchun oltin asosiy aktivga aylanadi va unga pul tikish ko‘payadi.

Dollar kursi va FZTning foiz stavkasini pasaytirish bo‘yicha kutilmalar. Oltin narxi asosan AQSh dollarida belgilanadi. Foiz stavkalari pasayganda, odatda, dollarning kursi ham pasayadi. Shuning uchun, agar dollar kursi pasaysa (boshqa valutalarga nisbatan zaiflashsa), oltin narxi oshadi, chunki u boshqa valutalar bilan solishtirganda arzonroq bo‘ladi va shu sababli talab ortadi. Qo‘shma Shtatlarda inflatsiya bosimining yumshayotgani fonida 18 sentabr kuni AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) bazaviy foiz stavkasini 50 punktga — yillik 4,75–5,25 foizgacha pasaytirdi. Ushbu omil ham oxirgi bir oydagi oltin narxlarining oshishida asosiy jihatlardan biri bo‘ldi. Ayni paytdagi noyabr oyidagi FZTning navbatdagi yig‘ilishida foiz stavkalarining yana pasayishi mumkinligi haqida bozor ishtirokchilari orasida ijobiy kutilmalar mavjud. Bunda investorlar kam daromad keltiradigan qimmatli qog‘ozlarni xarid qilishdan ko‘ra, xavfsiz va inflatsiya ta’siridan himoyalangan oltin xarid qilishga ko‘proq urg‘u bera boshlaydi.

Markaziy banklar tomonidan olib boriladigan siyosat. Yirik Markaziy banklar tomonidan oltin zaxiralarini oshirish yoki kamaytirish bo‘yicha qarorlar ham narxga ta’sir qiladi. Masalan, yil davomida Turkiya, Hindiston, Polsha, Xitoy Markaziy banklari tomonidan katta miqdorda oltin xarid qilinayotganligi bozordagi talabni qo‘llab-quvvatlayapti.

2024 yilning yanvar-iyul oylarida oltin sotib olish va sotish ko‘rsatkichlari

Umuman olganda, oltin narxining kelgusida qanday bo‘lishi jahondagi geosiyosiy vaziyat, dollar kursi, inflatsiya va FZT stavkalariga bevosita bog‘liq.

Oltin narxining qimmatlashishi O‘zbekiston uchun foydali

Joriy yilning 1 oktyabr holatiga, O‘zbekiston rasmiy zaxiralarining qariyb 77,5 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Oltin narxining qimmatlashishi mamlakat xalqaro aktivlarining qiymatini oshiradi.

O‘zbekiston eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biri ekanligini ham alohida ta’kidlash lozim. Xususan, o‘tgan yilda O‘zbekistonda 100 tonna oltin qazib olgan va 8,2 mlrd dollar qiymatida oltin sotgan. Oltin narxining oshishi eksportdan tushadigan daromadlarni ko‘paytirib, yildan yilga yomonlashib borayotgan tashqi savdo balansiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va budjet taqchilligining kamayishiga yordam berishi mumkin.

Shuningdek, oltin narxining oshishi dollar va boshqa valutalarga nisbatan so‘mning qadrsizlanishini to‘xtatadi yoki sekinlashtiradi.

Oddiy o‘zbekistonliklar uchun oltinga pul tikish foydalimi?

Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar jamg‘armalarini dollarda saqlaydi yoki ko‘chmas mulk xarid qilishni afzal ko‘rishadi. Oltin jamg‘arish vositasi sifatida qanchalik foydali? Masalan, 5 gramm o‘lchovli oltin quymasi ilk bor 2020 yil noyabrda sotuvga chiqqanida 3 mln 426 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda 5 mln 625 ming tashkil etyapti. To‘rt yil davomida narxlar 64 foizga oshgan.

Goldprice.com ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi 16 yillikning 11 yilida oltin bahosi dollarda hisoblaganda, yilni o‘sish bilan yakunlagan. Shu o‘rinda, oltinning 5 yillikda 78 foiz, 20 yillikda esa 534 foizga qimmatlaganini ham ta’kidlash lozim.

Oxirgi 20 yillikda oltin qimmatli qog‘ozlar va obligatsiyalarga qaraganda yaxshiroq jamg‘arish vositasiga aylandi. Shu jihatdan ko‘pchilik mutaxassislik bugungi kundagi narxlarni qimmatbaho metallning eng yaxshi davrlaridan biri sifatida baholayapti. Oltin narxlarining kelajakda qanday dinamikada shakllanishini oldindan taxmin qilish juda qiyin, bu kelajakdagi iqtisodiy va geosiyosiy o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi.

Mavzuga oid