Sobiq MXX binosi hududidan ko‘chirilgan daraxtlarga oid tergov ishi natijasi ochiqlanmayapti. Sukut ortida nima bor?
Bosh prokuratura sobiq MXX binosi hududidagi ko‘p yillik daraxtlarni noqonuniy tarzda ko‘chirish bilan bog‘liq jinoyat ishi natijasini jamoatchilikdan yashirmoqda. Mahkamaning bunday “jim”ligi qurilishlar sabab daraxtlaridan ayrilayotgan poytaxtning kelajagi haqidagi xavotirlarni yanada oshiradi.
Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasida daraxtlarni noqonuniy ko‘chirish bilan bog‘liq holatga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi qumga tomgan tomchi kabi mavhumlik ichiga “singib” ketdi: ishning natijasi, ko‘rilgan chora yoki qo‘llangan jazo oshkor etilmayapti. Go‘yoki jinot ishi qonunchilikni ta’minlash emas, daraxtkushligi ortidan jamoatchilik ta’qibida qolganlarni “qutqarib qolish” uchun qo‘zg‘atilgandek.
Joriy yil 22 may kuni Toshkent shahri markazidagi Sayilgoh ko‘chasidan ustiga yashil mato yopib olib chiqib ketilayotgan daraxtlar videosi tarqaldi. Daraxtlar sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi hududidan olinib, Toshkent viloyatining Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasidagi anhor bo‘yiga ko‘chirib o‘tqazilgan.
Voqea ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgach, Ekologiya partiyasi Bosh prokuratura va atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul davlat tashkilotlaridan zudlik bilan holatga chora ko‘rishni so‘radi. Shundan keyin Ekologiya vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi o‘rganish boshlaganini ma’lum qildi.
Ikki haftadan so‘ng esa ushbu daraxtlar noqonuniy ko‘chirib ketilgani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Prokuraturaning tasdiqlashicha, Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko‘chasi 1-uy manzilida olib borilayotgan qurilish loyihasi doirasida “Muna Mag” MChJ tomonidan sog‘lom o‘sib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli ko‘p yillik daraxtlar (eman, qarag‘ay, aylantus va boshqalar) belgilangan talablarga zid ravishda noqonuniy ravishda ko‘chirib olib ketilgan.
“Holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt mas’ullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan”, deyilgandi Bosh prokuratura axborotida.
Jinoyat protsessual kodeksiga ko‘ra, dastlabki tergov jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim. Bu vaqt ichida tergov organi ishni ayblov xulosasi bilan yakunlab sudga oshirish, ayblilik masalasini hal qilmay turib tugatish yoki tergovni to‘xtatish to‘g‘risida qaror (lardan birini) qabul qilishi lozim.
Kun.uz sobiq MXX binosidan tegishli ruxsatnomasiz ko‘chirilgan daraxtlar bo‘yicha tergovi natijasi bilan qiziqib, Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinovdan izoh so‘radi. Biroq mahkama mas’uli tahririyatning qayta-qayta qilingan so‘rovlarini javobsiz qoldirdi.
Bosh prokuraturaning bunday sukuti “delo” imi-jimida yopib yuborilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni yuzaga chiqarmoqda. Bu esa qurilishlar sabab daraxtlari tobora kamayib borayotgan poytaxt kelajagi uchun xavotirli, albatta.
Ma’lumot uchun, sobiq MXX binosini 2021 yil iyulida “Metropol Group” kompaniyasi 210 mlrd so‘m evaziga xususiylashtirib olgandi. Bu kompaniyaning 100 foizi ulushi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli ekani ko‘rsatilgan. Kompaniya xususiylashtirib olgan joyda – 2,2 gektarlik maydonda 22 qavatli hashamatli mehmonxona qurilishini e’lon qilgan.
Mavzuga oid
14:20 / 24.10.2024
Xohish bo‘lsa bas: tashlandiq yerlarni bo‘stonga aylantirganlar
11:07 / 24.10.2024
Farg‘ona markazida ko‘p yillik daraxtlar ko‘chirish yo‘li bilan quritildi. Mas’ullar yolg‘on ma’lumot bermoqda
18:52 / 14.10.2024
Toshkentda 800 tup daraxt nobud qilingani yuzasidan tergovga qadar tekshiruv tayinlandi – Bosh prokuratura
18:43 / 12.10.2024