O‘zbekiston | 20:37 / 18.10.2024
4656
6 daqiqa o‘qiladi

18 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

2030 yilgacha iqtisodiyot oldiga qo‘yilgan ulkan vazifalar, vazir o‘rinbosarining yangi lavozimi, gaz va elektr o‘g‘irlagan metan zapravkalar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston eng tez o‘sayotgan uch iqtisodiyotdan biri 

Jahon banki 2024 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan mamlakatlar Gurjiston, Tojikiston va O‘zbekiston ekanini qayd etdi

2025 yil bo‘yicha prognozlar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotning 5,8 foizga o‘sishi orqali mintaqada iqtisodiy o‘sish bo‘yicha yetakchi o‘ringa chiqib olishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Masalan, Rossiyada iqtisodiy o‘sish sur’atlarining 2024 yilda 3,2 foizgacha va 2025 yilda 1,6 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Mintaqaning Rossiyadan keyingi eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Turkiyada iqtisodiy o‘sish 2023 yildagi 5,1 foizdan 2024 yilda 3,2 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.

2030 yilgacha YaIM 200 mlrd dollarga yetkaziladi

Prezident yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yil yakunlariga ko‘ra 160 mlrd emas, 200 mlrd dollarga, jon boshiga YaIMni esa 4000 emas, 5000 dollarga yetkazish imkoniyatlari borligini ta’kidladi, deya ma’lum qildi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhom Norqulov.

Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi 6 yilda o‘rtacha 10 foizdan o‘sishi kerak.

Norqulovning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiya bo‘yicha prognozlar ham qayta ko‘rib chiqilgan.

«Prezidentimiz tomonidan davlat budjeti taqchilligini 3 foizgacha tushirish, inflatsiya darajasini 7 foizdan oshirmaslik vazifasi qo‘yildi. Inflatsiya 2026 yilda 5-6 foiz darajasida saqlanishi va 2027 yildan boshlab 5 foiz va undan past bo‘lishi kutilyapti», — dedi vazir o‘rinbosari.

Norqulov 2024 yil yakunlari bo‘yicha YaIM hajmi 111 mlrd dollarga yetishi kutilayotganini aytdi.

2030 yilga borib O‘zbekiston 200 mlrd dollarlik YaIMga ega bo‘lish uchun YaIM yiliga taxminan 10,3 foizdan o‘sishi kerak. Bu Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlarning yaqin yillar uchun eng optimistik kutilmalaridan ham ancha yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

O‘zbekiston harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi

O‘zbekiston hech qanday harbiy tuzilmalarga qo‘shilmaydi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat sifatida qoladi.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi ochilishida ma’lum qildi.

«Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston suveren davlat ekani qayd etilgan. Agar biz har qanday harbiylashtirilgan mudofaa tuzilmalari va tashkilotlariga qo‘shilish haqida gapiradigan bo‘lsak, unda yo‘q, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Biz yigitlarimizni hech qachon harbiy missiyalarni, shu jumladan tinchlikparvarlik missiyalarini bajarish uchun xorijga yubormaymiz. Hududimizda xorijiy harbiy bazalar bo‘lmaydi», — dedi vitse-spiker.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga integratsiyaga kelsak, bu tashkilotda O‘zbekiston uchun kuzatuvchi davlat maqomi ko‘proq mos keladi, dedi Saidov.

Usmon Sharifxo‘jayev boshqa ishga o‘tdi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlandi.

U 2020 yildan xalq ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari, 2023 yilgi «adminreforma»dan keyin maktabgacha va maktab ta’limi vaziri birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Usmon Ulfatovich Sharifxo‘jayev 1986 yil 9 iyul kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2007 yilda Toshkent moliya instituti va 2011 yilda Xalqaro Vestministr universitetini tamomlagan.

Gaz va elektr o‘g‘irlagan metan zapravkalar aniqlandi

Toshkent shahri va Samarqand viloyatida 4,8 milliard so‘mlik energiya resurslarini o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari aniqlandi.

Bosh prokuratura huzuridagi departament xabariga ko‘ra, «B» MChJ rahbari T.A. va boshqalar MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan gaz hisoblagichga tashqi ta’sir o‘tkazib, jami 1,5 million metr kub tabiiy gazni o‘g‘irlab, davlat va jamiyat manfaatlariga 2,7 milliard so‘m zarar yetkazgani aniqlangan.

Shuningdek, Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi «M.G.» MChJ rahbari S.R. gaz to‘ldirish shoxobchasida o‘rnatilgan elektr hisoblagichning ulanish sxemasini o‘zgartirib, tijorat maqsadida 2,1 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Nazorat tadbirlarida Samarqand tumanida joylashgan «D.» MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasining manifold qurilmasiga tashqi ta’sir o‘tkazilib, gaz ta’minoti korxonasiga 6,6 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani ham aniqlangan.

Mavzuga oid