Jahon | 15:46 / 18.10.2024
8413
6 daqiqa o‘qiladi

Janubga yo‘llarni portlatish va Ukrainaga qo‘shin yuborish: Pxenyanda nimalar bo‘lyapti?

KXDR o‘z konstitutsiyasida Koreya Respublikasini “dushman davlat” deb belgilab qo‘yishini e’lon qildi. Ayni paytda, shimolliklar RFni qo‘llash uchun Ukrainaga askar yuborishi ham mumkin. Kun.uz Koreya yarimorolidagi vaziyat bo‘yicha savollar bilan Uzoq Sharq mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis Hikmatilla Kazakbayevga murojaat qildi.

Ikki koreys davlati 1950-1953 yillardagi urushdan keyin tinchlik kelishuvi imzolamagan, vaqti-vaqti bilan o‘zaro aytishuv va harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Shimol va Janub 1953 yilda BMT aralashuvi bilan 38-parallel chiziqni chegara deb olib, otashkesim sulhini tuzadi, lekin bu tinchlik shartnomasi emasdi. Hozirgi kunda ham yuridik tomondan ikki davlat urush holatida.

2024 yil 15 oktyabr kuni Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga olib boruvchi yo‘llarni portlatib yubordi. Bunga sabab qilib Seulning Shimol hududiga razvedka dronlari uchirgani ko‘rsatilmoqda. Janub esa avvaliga buni rad etdi, keyin qo‘shimcha savollarni javobsiz qoldirdi.

“3, 5, 10 oktyabr kunlari Janub tomonidan Shimolga dronlar orqali targ‘ibot-tashviqot materiallari yuborilgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Shimol tomoniga ko‘ra, bir hafta ichida 3 ta dron Pxenyangacha yetib borgan. Janubiy Koreya mudofaa vaziri avvaliga buni yolg‘on dedi. Lekin keyinachlik, Shimol tomon bunga aniq dalillar borligini aytganidan keyin, Janub tomon jurnalistlar savollarini ochiq qoldirib, na rad etdi, na tasdiqladi. Bundan ko‘rish mumkinki, Shimol tomondan keskin harakatlar qilishga asoslar bor.

Bu yo‘llarning Janubiy Koreya tomonidan qurilishi va ularni bog‘lab turadigan ko‘priklar ikki davlatning keyinchalik birlashishining asosiy ramzlaridan biri edi. Mana shu ramzlarning yo‘q qilinishi muammo haqiqatan jiddiyligini bildiradi”, – deydi Hikmatilla Kazakbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyada Janub bilan birlashuvga mas’ul hukumat tashkilotlari bor. Pxenyan ana shu tashkilot butunlay tugatilishi, hatto konstitutsiyadan “tinch yo‘l bilan birlashish” degan so‘zlar olib tashlanishini bildirdi.

“Shunga parallel ravishda boshqa voqea ham yuz berdi. Ma’lumki, iyun oyida Putinning Pxenyanga tashrifi davomida strategik sheriklik to‘g‘risida shartnoma imzolangan edi. 14 oktyabr kuni Putin bu shartnomani ratifikatsiya qilish uchun Dumaga yubordi. Bu shartnomada bir tomonga harbiy hujum bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchi tomon zudlik bilan yordamga kelishi kerakligi belgilangan. Voqealar rivojidan ko‘rish mumkinki, hozirgi keskinlik – shunchalik axborot urushi emas, haqiqatan ham yuqori keskinlik va bunga yetarlicha sabablar bor”, – deydi tahlilchi.

Kim Chen Inning bot-bot mediada ko‘rinib turuvchi singlisi Kim Yo Chjon Janubiy Koreya yana dronlarini Pxenyan tomon uchirgudek bo‘lsa, bu “dahshatli halokat”ga olib kelishini, “shaxsan o‘zi bunday bo‘lishini xohlamasligi”ni bildirdi.

Kazakbayevga ko‘ra, Shimol yaqin orada Janub bilan murosaga kelmoqchi emasligini aniq ko‘rsatmoqda.

Avvalroq bir nechta nashrlar KXDR Rossiyaga sovet davridagi millionlab snaryadlarni yuborayotgani haqida xabar tarqatgan edi. So‘nggi kunlarda esa hatto shimollik askarlar Ukraina frontida ham borligi haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

“2024 yil iyundagi strategik sheriklik shartnomasiga ko‘ra, Rossiya Shimoliy Koreyaga kosmik texnologiyalar, plutoniy va boyitilgan uran berishi ko‘zda tutilgan, lekin Shimol buning evaziga Rossiyaga nima berishi ochiqlanmagan. Shimoliy Koreya katta ehtimol bilan Rossiyaga Ukraina urushi uchun qurol yetkazib berishi (bu jarayon boshlangani haqida ishonchli ma’lumotlar bor) va askarlar bilan ta’minlash majburiyatini olgan bo‘lishi mumkin.

Ayrim manbalarda 10 ming nafardan 100 ming nafargacha shimoliy koreyalik askar Ukraina frontiga yuborilishi mumkinligi qayd etilgan. Bunga birinchi sabab – Rossiya bilan hamkorlik bo‘lsa, ikkinchi sabab – shahar sharoitida urush olib borishni mashq qilish. Hozirgi kunda KXDRning askarlari asosan dala sharoitida mashg‘ulot olib borishadi. Suriya, Ukrainadagi urushlar ko‘rsatdiki, qo‘shinlar shahar sharoitida urush olib bora olishi muhim ahamiyatga ega”, – deydi Hikmatilla Kazakbayev.

2024 yil yanvar holatiga ko‘ra, KXDRda 50 ta yadroviy jangovar kallak va 60-80 kilogramm plutoniy, shuningdek, 280 kilogrammdan 1500 kilogrammgacha yuqori boyitilgan uran borligi taxmin qilinadi. Biroq odatda bosiqlik bilan siyosat yurituvchi Koreya Respublikasi ham harbiy jihatdan zaif emas: Global Fire Power reytingida Janubiy Koreya 5-, Shimoliy Koreya esa 36-o‘rinda ko‘rsatilgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov tayyorladi.

Mavzuga oid