Jahon | 14:46
5456
8 daqiqa o‘qiladi

Sinvarning o‘limi - Hamasga jiddiy zarba, ammo bu urushning yakuni emas

Yahyo Sinvar o‘ldirilishi Isroilning G‘azo sektorida Hamasga qarshi urushdagi eng katta g‘alabasi bo‘ldi.

Isroil 1990-yillardan buyon Hamasning har bir yangi rahbarini o‘ldirib keladi, ammo hamisha uning vorisi topiladi

Uning o‘limi u Isroil davlatini tarixdagi eng katta mag‘lubiyatini qabul qilishga majbur qilgan jangovar kuchga aylantirgan tashkilot uchun jiddiy zarbadir. BBC xalqaro bo‘limi muharriri Jyeremi Bouen Sinvarning o‘limidan keyingi holatni tahlil qildi.

U maxsus topshiriqli bo‘linmaning rejalashtirilgan amaliyoti vaqtida emas, G‘azo janubidagi Rafah shahrida isroillik harbiylar bilan tasodifiy to‘qnashuv oqibatida halok bo‘lgan.

Voqea joyida olingan fotosuratlarda Sinvar harbiy libosda, isroilliklar tanki zarbasi vayron qilgan bino xarobalari orasida jonsiz yotganini ko‘rish mumkin.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu askarlarni maqtadi va bu g‘alaba qanchalik katta bo‘lmasin, hali urushning yakuni emasligini ta’kidladi.

«Bugun biz yana bir bor bizga zarar yetkazadiganlarga nima bo‘lishini ko‘rdik. Bugun biz yana bir bor dunyoga ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasini namoyish etdik. Ammo, azizlarim, urush hali yakunlanmadi. Bu qiyin va bizga qimmatga tushadi», — degan u.

«Biz hali katta sinovlarni yengib o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Bizga chidamlilik, birdamlik, mardlik va qat’iyat kerak. Biz birgalikda jang qilamiz va birgalikda — xudoning yordamida — g‘alaba qozonamiz».

Netanyahu va G‘azodagi urushni qo‘llovchi isroilliklarning ko‘pchiligi bunday g‘alabaga muhtoj edi.

Binyamin Netanyahu ko‘p marta urushning asosiy maqsadi — Hamasni harbiy va siyosiy kuch sifatida yo‘q qilib, garovdagi isroilliklarni uyga qaytarish ekanini aytgandi.

Urush bir yildan ortiq davom etayotgani, kamida 42 ming falastinlik halok bo‘lgani va G‘azoning katta qismi xarobaga aylanganiga qaramay, na u va na bu maqsadga erishildi.

Garovga olingan isroilliklar hamon ozod etilgani yo‘q, Hamas esa jangni davom ettirmoqda va isroillik askarlar halok bo‘lmoqda.

Sinvarning o‘limi Isroil istagan g‘alaba bo‘ldi. Ammo hozircha Netanyahu urushning boshqa maqsadlariga erishilgani haqida ayta olmaydi, uning o‘zi ta’kidlaganidek, harbiy harakatlar davom etadi.

Yahyo Sinvar 1962 yilda G‘azo sektoridagi Xon Yunus qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Bu hudud o‘sha vaqtda Misr okkupatsiyasi ostida bo‘lgan, 1967 yilda Olti kunlik urushdan keyin Isroil nazoratiga o‘tgan.

Uning oilasi 1948 yilda Isroil davlati tuzilishiga olib kelgan urush vaqtida isroillik harbiylar tomonidan o‘z uylaridan quvilgan 700 mingdan ortiq falastinlik orasida edi.

Uning oilasi hozirda G‘azo sektorining shimoliy chegarasi yaqinidagi Ashkelon deb ataluvchi shahardan Xon Yunusga qochgandi.

Sinvar 20 yoshida Isroil hukumati tomonidan to‘rt nafar falastinlik informatorni o‘ldirishda ayblanib, qamaladi.

U qamoqdagi 22 yil davomida ivrit (ibroniy) tilini, o‘z dushmani o‘rganadi va u bilan qanday kurashish kerakligini tushungan deb hisoblanadi.

Uning qamoqda bo‘lgani Isroilda uning stomatologga tashrifi yozuvlari DNK namunasi borligini anglatadi, bu esa jasad unga tegishli ekanini tasdiqlashga imkon bergan.

Sinvar 2011 yilda isroillik askar Gilad Shalitga almashtirilgan mingdan ortiq falastinlikdan biri edi.

O‘tgan yilning 7 oktyabrida Isroilga puxta rejalashtirilgan hujumlar natijasida Sinvar va uning jangchilari Isroilga tarixdagi eng yirik mag‘lubiyatni va hozirga qadar chuqur his qilinayotgan kollektiv jarohatni yetkazgandi.

1200 ga yaqin isroillik o‘ldirilgani, askarlar va tinch aholi vakillari garovga olingani hamda falastinliklar buni bayram qilishi isroilliklarning ko‘pchiligiga Holokostni eslatib yuboradi.

Sinvar o‘z tajribasidan garovga olishning ahamiyatini bilardi.

Tel-Avivda Hamas qo‘lida asirlikda qolayotgan isroilliklarning oilalari (bu rasman 101 kishi, ammo Isroil hukumati ularning yarmi allaqachon halok bo‘lganini istisno etmaydi) bir yildan buyon shahar maydonida yig‘ilib, Isroil hukumatini o‘z qarindoshlarini uyga qaytarish uchun muzokaralarni boshlashga chaqirmoqda.

Matan ismli asirning onasi Eynav Zangauker Isroil bosh vaziriga shunday murojaat qilgan: «Netanyahu, garovdagilarni ko‘mmang. Hoziroq vositachilarga va jamoatchilikka chiqing hamda Isroilning yangi tashabbusini bildiring».

«Mening Matanim va qolgan asirlarning G‘azo tunnellaridagi vaqti tugadi. Sizda g‘alabangiz fotosurati bor. Endi kelishuv tuzing!»

«Agar Netanyahu vaziyatdan foydalanib, hatto urushni to‘xtatish evaziga ham Isroilning yangi tashabbusini taqdim etmasa — bu u urushni davom ettirish va o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun garovdagilarni tashlab qo‘yishga qaror qilganini anglatadi. Hamma qaytmagunicha biz taslim bo‘lmaymiz».

Isroilda Sinvarning o‘limi bayram qilinmoqda. Foto: AFP

Ko‘plab isroilliklarning hisoblashicha, Netanyahu Sinvar va uning jangchilari Isroilga bostirib kirishiga yo‘l qo‘ygan xavfsizlik sohasidagi muvaffaqiyatsizliklardagi roli uchun to‘lov qilinadigan kunni ortga surish, shuningdek, korrupsiya bo‘yicha jiddiy ayblovlarga oid sud jarayoni tiklanishini noma’lum muddatga qoldirish maqsadida G‘azodagi urushni cho‘zishni istaydi.

U bu ayblovlarni rad etib, faqat Hamas ustidan «to‘liq g‘alaba»ga erishib, Isroilda xavfsizlikni tiklash maqsadida ekanini aytadi.

OAVga esa G‘azo sektori chegarasidan o‘tishga ruxsat berilmaydi, faqat harbiylar nazoratidagi safarlar bo‘lishi mumkin.

Sinvarning vatani bo‘lmish Xon Yunus xarobalarida mahalliy muxbirlar BBC so‘rovi bilan olgan intervyularda falastinliklar bosh egmasliklarini aytishgan. Ular urush davom etishini ta’kidlashgan.

«Bu urush Sinvarga ham, Haniya yoki Mashalga ham, boshqa qaysidir yetakchi yoki amaldorga ham bog‘liq emas», — degan doktor Ramazon Faris.

«Bu urush Falastin xalqiga qarshi qirg‘in urushi, biz buni bilamiz va tushunamiz. Muammo Sinvar yoki boshqa kimdandir ancha chuqurroq».

«Ular ta’qib qilayotgan faqat biz emas. Ular butun Yaqin Sharqni istashadi. Ular Livanda, Suriya va Yamanda urush qilmoqda. Bu biz va yahudiylar o‘rtasida 1919 yildan, 100 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan urushdir», — deydi Adnan Ashur.

G‘azoda harbiy harakatlar davom etmoqda. Xabar qilishlaricha, anklav shimolidagi navbatdagi reyd vaqtida 25 nafar falastinlik o‘ldirilgan.

Isroil Hamas qo‘mondonlik markaziga zarba yo‘llanganini ma’lum qilgan. Mahalliy shifoxonadagi shifokorlar ular davolab kelgan o‘nlab yaradorlar tinch aholi vakillari bo‘lganini aytishgan.

AQSh Isroil G‘azoga ko‘proq oziq-ovqat mahsulotlari va insonparvarlik yordami kiritishi lozimligini ma’lum qilganidan keyin hududga havo orqali gumanitar yordam yetkazib berish tiklandi.

Mavzuga oid