Jahon | 13:10 / 18.10.2024
3558
4 daqiqa o‘qiladi

Tomskda Stalin qatag‘onlari qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan ustunlar buzib tashlandi

Stalinizm davrida qatl etilganlarning ismlari yozilgan yodgorlik ustunlari Tomskda bir oydan kamroq vaqt davomida turdi - shahar hokimiyati ularni demontaj qildi. Roskomnadzor qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan «Ismlarni qaytarish» aksiyasi veb-saytini blokladi.

Foto: Zoonar/picture alliance

Tomsk rasmiylari stalin qatag‘on yillarida qatl etilganlarning ismlari yozilgan yodgorlik ustunlarini demontaj qildi. Bu haqda 17 oktyabr, payshanba kuni «TV2. Novosti Tomska i Sibiri» va «Govorit NeMoskva» Telegram-kanallari xabar berdi.

Mahalliy aholining nashrlarga aytishicha, ustunlar 16 oktyabr kuni — bir kun oldin buzib tashlangan. «Na qarindoshlarning ustunlarni tinch qo‘yish so‘ralgan xatlari, na oddiy Tomsk aholisining ustunlarni tegmaslik haqidagi murojaati ham yordam bermadi», — deya o‘z suhbatdoshidan iqtibos keltirdi TV2.

«Govorit NeMoskva» 22 sentabr kuni faollar Tomskdagi Kashtak tepaligida beshta yodgorlik ustunini o‘rnatib, bu yerda qatl etilgan 30 kishining portretlari va tarixini joylashtirganini bildiradi. 11 oktyabr kuni Tomsk meriyasi ularni «ruxsat etilmagan binolar» sifatida buzishni talab qildi. Rasmiylar bilan yodgorlik ustunlarini qonuniylashtirish bo‘yicha muzokaralar hech qanday natija bermadi.

Tomsk meriyasi yodgorlik ustunlarining buzilishini izohlar ekan, Kashtachnaya tog‘i madaniy meros obekti bo‘lganligi sababli mintaqaviy muhofazaga olinishini aytdi. «U yerda biron bir bino qurish, kichik me’moriy shakllar va boshqa obektlarni ruxsatisiz o‘rnatish taqiqlanadi, shu sababli noma’lum shaxs tomonidan qo‘yilgan obektlar demontaj qilinib, saqlash uchun olib ketildi», — deya TV2 shahar hokimligi matbuot xizmati xabarini keltirgan.

1920-1930 yillarda Tomskdagi Kashtak jarlarida jami to‘qqiz mingga yaqin odam otib o‘ldirilgan, ular orasida shoir Nikolay Klyuyev, faylasuf Gustav Shpet va boshqa ko‘plab taniqli shaxslar bor.

Rossiyada Stalinga haykal qo‘yiladi

Vologdada sovet diktatori Iosif Stalin haykali o‘rnatiladi, uning hukmronligi davrida millionlab odamlar SSSRda ommaviy qatag‘on qurboniga aylangan. Qaror «jamoatchilik murojaatlari» va tegishli so‘rov mavjudligi munosabati bilan qabul qilindi, dedi Vologda oblasti gubernatori Georgiy Filimonov 11 oktyabr kuni. U «shaxs rolining noaniq talqiniga» qaramay, «buyuk yutuqlarni tan olish, mamlakat tarixini bilish, u bilan faxrlanish» zarurligini ta’kidladi.

«Yodgorlik qurilishi bo‘yicha ishlar allaqachon yakuniga yetmoqda», — dedi gubernator. Stalin haykali u 1911-1912 yillarda yashagan uy-muzey hududida o‘rnatiladi, deya xabar beriladi qo‘shimcha ravishda. Shu bilan birga, Filimonov Vologdada Ivan Grozniyga haykal o‘rnatish rejasini e’lon qildi.

«Tochka» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil holatiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida Stalinga 110 ta yodgorlik o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan 95 tasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin davrida paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, 2014 yilda Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan so‘ng, o‘rnatish tezligi ikki baravar oshdi. 40 ta mintaqa va 107 ta aholi punktida Stalinga yodgorliklar mavjud bo‘lib, ulardan 15 tasi mintaqa ma’muriy markazlari hisoblanadi, deb yozadi nashr.

Mavzuga oid