Ukraina platsdarmi kesib qo‘yilgan: Rossiya armiyasining Kupyanskka yurishi haqida nimalar ma’lum?
Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti sharqida, Kupyansk shahridan janubi-sharqda ilgarilamoqda. Geolokatsiya kadrlari ular Kolesnikovo qishlog‘ining bir qismini egallaganini tasdiqlaydi, Rossiyadagi harbiylashgan blogerlar esa rossiyaliklar Kruglyakovka hududida Kupyansk - Borovaya shossesini to‘sib qo‘yganini aytishmoqda.
Rossiya qismlari Borovaya trassasiga chiqqanining rasmiy tasdig‘i yo‘q, ammo shunisi ayonki, u to‘lig‘icha zarba berish masofasida turibdi va Ukraina qurolli kuchlari undan to‘laqonli foydalana olmaydi.
Bu shuni anglatadiki, Rossiya armiyasi amalda Oskol daryosi sharqiy sohilidagi ukrain platsdarmini asosiy kuchlardan uzib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Endi Kupyanskning sharqiy chekkalarini mudofaa qilayotgan ukrain bo‘linmalari ta’minoti Chuhiyev — Svatove trassasidagi yarim vayrona holatga kelgan ko‘prik orqaligina amalga oshirilishi mumkin. Bunday logistika juda ishonchsiz va ilk aviabomba yoki raketa ko‘prik tayanchiga aniq kelib tushishi bilan u orqali harakatlanish butkul imkonsiz bo‘lib qoladi.
Shuningdek, Rossiya boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda — Kupyanskdan sharqda, janubi-sharqda va shimoli-sharqda ham hujum qilayotgani xabar qilingan.
Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov 15 oktyabr kuni «harbiy vaziyat yomonlashgani tufayli» Kupyansk shahrida, shuningdek Kondrashovka, Kurilovka va Borovaya obshchinalarida yashovchi aholi majburiy evakuatsiya qilinishini e’lon qildi.
Urushga qadar 55 mingdan ortiq kishi yashagan Kupyansk aglomeratsiyasi Xarkiv oblastining yirik shaharlaridan biri hisoblangan. Qolaversa, Kupyansk — yirik transport tuguni bo‘lib, bir necha avtotrassa hamda beshta temiryo‘l liniyasi u orqali o‘tgan.
Shahar 2022 yil fevralida, bosqinning ilk kunlaridayoq Rossiya qo‘shini tomonidan bosib olingandi. U harbiy ta’minotda muhim rol o‘ynagan, xususan, Rossiyaning Izyum atrofida jang qilgan guruhi uchun harbiy yuk va qo‘shimcha kuchlar Belgorod oblastidan aynan Kupyansk orqali yetkazilgan.
Ammo 2022 yil sentabrida Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tib, Kupyanskni ozod qiladi, natijada Izyum guruhi zudlik bilan chekinishga majbur bo‘ladi, Kupyanskdagi Rossiya qismlari esa Oskol daryosi ortidagi hudud ichkarisiga uloqtirib tashlanadi. 2023 yil yozida Rossiya qo‘shini yana Kupyansk yo‘nalishida hujumga o‘tgandi, ammo, son jihatdan ustunligi va yaxshi qurollanganiga qaramay, «Zapad» guruhi bo‘linmalarining ilgarilashi juda sekin kechdi.
Shunga qaramay, 2024 yil kuziga kelib Rossiya armiyasi Kupyansk shahriga tahdidli darajada yaqinlashdi. Shahar muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda va vayron qilinmoqda, aholining aksari evakuatsiya to‘g‘risidagi buyruqdan ancha oldinroq ketishga ulgurgan.
Hozirgi bosqichda Rossiya qo‘mondonligi Xarkivga Kupyansk tomondan hujum qilish rejasini ko‘rib chiqayotgani ehtimoli juda kam. Birinchidan, oblast markaziga qadar masofa 90 kilometr chiqadi va bu masofa yo‘lsiz va ko‘plab tabiiy to‘siqlardan iborat. Ikkinchidan, Kupyanskni to‘liq egallashning o‘zi ham muammoli ish — shaharning katta qismi daryoning qarama-qarshi sohilida bo‘lib, bu sohil sharqiy sohilga qaraganda balandroqda joylashgan, daryo ustidan o‘tgan ko‘priklar esa Rossiya qo‘shini yaqinlashishi bilan portlatilishi aniq.
Kupyansk-Uzlovoy temiryo‘l stansiyasi egallanishi ham Rossiya harbiy logistikasini osonlashtirishi dargumon. U shaharning sharqiy qismida joylashgan bo‘lsa-da, daryoga shunchalik yaqin qurilganki, g‘arbiy sohildan turib uni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qqa tutish mumkin.
Ammo Oskol daryosi sharqidagi ukrain platsdarmi tugatilishi hamda Ukraina qurolli kuchlari suv ombori ortiga surib tashlanishi Rossiya armiyasiga barqaror mudofaa barpo etish va o‘z guruhining o‘ng qanoti xavfsizligini ta’minlashga imkon beradi. Bu esa, o‘z navbatida, hujumlar yo‘nalishini o‘zgartirishga — daryo va temiryo‘l yoqalab janubga, Slovyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasi tomonga yurish boshlash uchun sharoit yaratadi.
Mavzuga oid
19:38 / 01.11.2024
Ukrainani qo‘llash yoki sotqinlik - AQShdagi saylovlardan nima kutish mumkin?
18:09 / 01.11.2024
KXDR Rossiyani «muqaddas urushda» qo‘llab-quvvatlaydi – KXDR tashqi ishlar vaziri
14:10 / 01.11.2024
Ukraina Xitoy va Braziliya tashabbuslarini ko‘rib chiqishi mumkin
09:30 / 01.11.2024