Jahon | 13:29
4147
11 daqiqa o‘qiladi

Boeing’dan va Airbus’gacha: Dunyoning eng yirik aviasozlik kompaniyalari

Har yili dunyoda bir necha ming dona turli rusum va kattalikdagi yo‘lovchi tashuvchi samolyotlar ishlab chiqariladi. Ularning aksariyatini ikkita kompaniya - Boeing va Airbus tayyorlab bermoqda. Kichik o‘lchamdagi shaxsiy samolyotlar esa ko‘proq Bombardier va Embraer kompaniyalarida ishlab chiqariladi.

Foto: bombardier.com

Bugun dunyoda yo‘lovchi tashuvchi samolyotlar ishlab chiqarish sohasida ikkita kompaniya yetakchilik qilmoqda. Bular – AQShning Boeing va Yevropaning bir necha davlati hamkorlikda tashkil etgan Airbus kompaniyalari.

Bu ikki kompaniya o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab gegemonlikni o‘rnatgan va o‘shandan buyon dunyoning aksariyat aviakompaniyalari Boeing va Airbus samolyotlaridan foydalanib kelmoqda.

Ushbu materialda dunyoning eng yirik yo‘lovchi tashuvchi samolyotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalari haqida so‘z yuritamiz.

Airbus

1960-yillarda dunyoda yo‘lovchi samolyotlarini ishlab chiqarishda AQShning Boeing, McDonnell Douglas va Lockheed kompaniyalari gegemon edi.

SSSRda ham ko‘plab samolyotlar ishlab chiqarilgan, biroq ularning asosiy qismi Aeroflot uchun berilar, xorijga kam miqdorda sotilardi. Shu sababli dunyoning juda ko‘plab davlatlari samolyotlarni asosan amerikaliklardan olishardi.

A-300 samolyoti \ Foto: Shutterstock

Ana shunday sharoitda 1970 yilda yevropaliklar samolyot ishlab chiqaruvchi konsorsium tashkil etishadi. Uning dastlabki ta’sischilari Fransiyaning Aerospatiale, Germaniyaning Deutsche Airbus (keyinchalik nomi Daimler-Benz Aerospace deb o‘zgartirilgan) edi.

1971 yilda konsorsium tarkibiga 4 foizlik ulush bilan Ispaniyaning Construcciones Aeronauticas S.A. (CASA) kompaniyasi, 1979 yilda 20 foizlik ulush bilan Britaniyaning Hawker Siddeley kompaniyalari ham qo‘shiladi.

Konsorsiumning birinchi samolyoti – A300 ilk bor 1972 yilda parvoz qiladi. Uning fyuzelyaj qismi Germaniyada, dum qismi Ispaniyada, qanotlari Britaniyada tayyorlanadi.

Dastlabki samolyotlarga Britaniyaning Rolls-Royce plc kompaniyasida ishlab chiqarilgan dvigatellarni o‘rnatish reja qilinadi. Biroq buyurtmalar ko‘pligi uchun Rolls-Royce plc dvigatellar yetkazib berishni kechiktiradi.

Shundan so‘ng A300ga General Electric kompaniyasida tayyorlangan dvigatellar o‘rnatiladi. Kompaniya ikki yil ichida A300 samolyotlaridan juda ko‘p buyurtma oladi.

A-320 \ Foto: stock.adobe.com

Keyinchalik, 1978 yilda A310, 1984 yilda A320, 1990-yillar boshlarida A330 va A340 samolyotlari ishlab chiqariladi.

Shuningdek, konsorsium tomonidan A318, A319, A321, A350 va A380 samolyotlari ishlab chiqarilgan. Bulardan A330, A340, A350 va A380 keng fyuzelyajli samolyotlar hisoblanadi.

1980-yillarda konsorsium Boingdan so‘ng dunyoning samolyot ishlab chiqaruvchi ikkinchi yirik kompaniyasiga aylanadi. So‘nggi yillarda konsorsium Boing bilan birgalikda dunyoning samolyot ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalari bo‘lib turibdi.

1990-yillarda konsorsium nomi European Aeronautic Defence and Space Company NV deb o‘zgartiriladi. 2015 yilda esa u Airbus Group korporatsiyasiga aylanadi.

A-380

Bugungi kunda Airbus Group korxonalarida qariyb 100 ming odam mehnat qilmoqda. Korporatsiya so‘nggi yillarda har yili o‘rtacha 250-300 dona samolyot ishlab chiqarmoqda.

Boeing

Boeing kompaniyasi 1916 yilda Uilyam Boing tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya tashkil etilganda nomi boshqa bo‘lgan. 1917 yilda u Boeing Airplane Company nomini oladi.

Ilk samolyoti Boeing Model 1 deb atalgan va uning sinov parvozini sinovchi uchuvchi kechikkani uchun Uilyam Boingning o‘zi o‘tkazgan.

Boing-247

Kompaniyaning texnik jihatdan ilk mukammal samolyoti 1933 yilda ishlab chiqarilgan Boeing 247 edi. Ikkinchi jahon urushi paytida kompaniya ko‘proq harbiy samolyotlar tayyorlaydi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin kompaniya asosiy urg‘uni harbiy samolyotlar yasashga qaratadi va yo‘lovchi samolyotlarni tayyorlashda raqobatchilardan ortda qoladi.

Ko‘p o‘tmay rahbariyat xatoga yo‘l qo‘yayotganini anglaydi va 1954 yilda zamonaviy Boeing 367-80 samolyoti tayyorlanadi.

1957 yilda Boeing 707, 1963 yilda Boeing 727, 1964 yilda Boeing 737 samolyotlari ishlab chiqariladi. 1961 yilda kompaniya nomi The Boeing Company deb o‘zgartiriladi.

Boing-707

1966 yilda kompaniya fuqaro aviatsiyasi tarixida birinchi bo‘lib keng fyuzelyajli va ikki qavatli Boeing 747 samolyotini tayyorlaydi.

Keyinchalik, Boeing 757, Boeing 777 samolyotlari yasab chiqiladi. Aynan Boeing 777 to‘xtamasdan 21 600 km masofani uchib o‘tgan va yo‘lovchi samolyotlari orasida rekord o‘rnatgan. Hanuzgacha boshqa yo‘lovchi samolyotlari bu rekordni yangilay olishmadi.

Boing-747

1990-yillar boshlarida kompaniya korxonalarida 150 mingdan oshiq odam ishlardi. O‘shanda dunyo avtosanoatida, shu jumladan Boeing kompaniyasida ham inqiroz yuz beradi. Kompaniya ishchilarning yarmini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ladi.

Ko‘p o‘tmay kompaniya o‘zini o‘nglab oladi va 1996 yilda hali inqirozdan chiqa olmay turgan Rockwell International va 1997 yilda McDonnell Douglas kompaniyalari xarid qiladi.

Kompaniya 2004 yildan 2009 yilgacha keng fyuzelyajli Boeing 787 Dreamliner samolyotini tayyorlaydi. Ikkita dvigatel bilan uchuvchi ushbu samolyotdan juda ko‘p buyurtma tushadi.

Boeing 787 Dreamliner

Kompaniyaning shtab-kvartirasi Virjiniya shtatidagi Arlington shahrida joylashgan. Uning bozor qiymati 2022 yilda 112 mlrd dollarni tashkil etgan.

Bombardier Aerospace (Kanada)

Bombardier Aerospace (2019 yilgacha nomi Bombardier Aviation) bo‘lgan kompaniyasi 2002 yilda tashkil etilgan. Bu kompaniya asosan kichik o‘lchamdagi yo‘lovchi samolyotlar tayyorlaydi.

Kompaniya yo‘lovchi samolyotlar tayyorlashda ancha yillardan buyon Braziliyaning Embraer kompaniyasi bilan raqobatlashib keladi.

Bombardier Global 8000

Kompaniya avvaliga ikki dvigatelli va tor fyuzelyajli samolyot ishlab chiqarishga qaror qiladi. Cseries100 deb nomlangan samolyotni ishlab chiqarish cho‘zilib ketadi.

Oxir-oqibat 6 mlrd dollar sarflangan loyiha barbod bo‘ladi va kompaniya bankrotlik yoqasiga kelib qoladi.

Shundan so‘ng 2017 yilda Bombardier Aerospace o‘zi loyihalashtirgan Cseries100 samolyotini ramziy 1 dollar evaziga Airbus konserniga sotishga majbur bo‘ladi.

Airbus bu samolyotni Airbus A220 nomi bilan ishlab chiqaradi. Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra 2024 yil 31 martgacha konsern bu samolyotdan 326 dona ishlab chiqargan va uni dunyoning turli aviakompaniyalariga sotgan.

Bombardier Global 6000  \ Foto: bombardier.com

Bombardier Aerospace katta samolyotlar ishlab chiqarishni eplay olmagach asosiy e’tiborni kichik o‘lchamli samolyotlar, jumladan biznes-jyetlar tayyorlashga qaratadi.

Kompaniyaning asosiy korxonalari Kvabek provinsiyasidagi Dorval shahrida joylashgan va ularda 40 ming atrofida xodim ishlaydi.

Embraer

Embraer S.A. (to‘liq nomi Empresa Brasileira de Aeronáutica S.A.) kompaniyasi 1969 yilda tashkil etilgan. U Braziliyadagi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Braziliya juda katta mamlakat. Amazonka daryosi va uning sanoqsiz o‘zanlari tufayli bu davlatning juda ko‘plab hududlariga avtomobil yo‘llari tortilmagan.

Embraer Phenom 300e \ Foto: skiesmag.com

Shu sababli 1960-yillarda hukumat hududlar o‘rtasida aviaqatnovlarni ko‘paytirish uchun mamlakatda aviasozlik korxonasi tashkil etishga qaror qiladi.

Kompaniyaning birinchi samolyoti EMB 110 Bandeirante bo‘lgan. 1970-yillarda kompaniya harbiy samolyotlar ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan.

Ko‘p o‘tmay kompaniya AQShning Piper Aircraft kompaniyasi bilan kelishuvga erishadi va uning yengil samolyotlarini ham ishlab chiqara boshlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1974-2000 yillar oralig‘ida 2,5 ming dona Piper samolyotlarini tayyorlab sotgan.

1985 yilda turbovintli EMB 120 Brasilia samolyoti tayyorlana boshlanadi. Bu modelga xorijiy davlatlardan ham ko‘p buyurtmalar tushadi.

1994 yil 7 dekabrda kompaniya xususiy shaxslarga sotiladi. 2010-yillarda kompaniyaning 11,10 foiz aksiyasi Bozano Group, 16,40 foiz aksiyasi Previ – Braziliya pensiya fondi, 7,40 foizi Sistel kompaniyalari, qolgani boshqalar egaligida bo‘lgan.

Embraer 195 \ Foto: shutterstock.com

Kompaniya xitoyliklar bilan hamkorlikda Harbin Embraer qo‘shma korxonasini tashkil etgan. Bu kompaniya asosan Xitoy bozori uchun yengil samolyotlar ishlab chiqaradi.

Kompaniya korxonalarida 20 ming atrofida xodim ishlaydi va u har yili o‘rtacha 200-250 dona samolyot ishlab chiqarib sotadi.

Xitoy aviatsiya sanoati korporatsiyasi

Xitoy aviatsiya sanoati korporatsiyasi (Aviation Industry Corporation of China – AVIC) aslida yirikligi jihatdan dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

Korporatsiya aktivlari salkam 200 mlrd, aylanma mablag‘i esa qariyb 100 mlrd, yillik sof foydasi 1 mlrd dollarga yetadi. Uning turli korxonalarida 400 mingdan oshiq xodim mehnat qiladi.

Xitoyliklar ishlab chiqargan kichik samolyot. Nepal aviakompaniyasi sotib olgan. \ Foto: nehandaradio.com

Xitoy korporatsiyasining ro‘yxatda birinchi o‘rinni egallay olmasligiga asosiy sabab, bu korporatsiya fuqaro aviatsiya bozorida yetakchi hisoblanmaydi.

Xo‘sh, unda AVIC nima ishlab chiqaradi? Gap shundaki, Xitoy korporatsiyasining birgina Xitoyning o‘zida 100 dan oshiq shu’ba korxonasi bor. Ularda asosan Xitoy armiyasi uchun samolyotlar, vertolyotlar va ichki bozor uchun kichik samolyotlar tayyorlanadi.

Bundan tashqari, korporatsiya dunyoning boshqa davlatlarida joylashgan aviatsiya kompaniyalariga ham egalik qiladi.

Jumladan, AVIC 2010 yilda AQShdagi aviatsiya dvigatellari ishlab chiqaruvchi Continental Motors va 2011 yilda yengil samolyotlar tayyorlovchi Cirrus Aircraft kompaniyalarini sotib oladi.

Xitoyda ishlab chiqarilgan AVIC AG600 Jiaolong samolyoti \ Foto: Aviationanalysis.net

2020 yilda AVIC harbiy sanoat kompleksida ishlovchi kompaniyalar orasida 6-o‘rinni, harbiy buyurtmalar olish bo‘yicha Amerika kompaniyalarini hisoblamaganda 1-o‘rinni egallagandi.

Kompaniya ishlab chiqarayotgan samolyot va vertolyotlarning asosiy xaridori so‘nggi yillarda harbiy budjetni keskin oshirayotgan Xitoy hisoblanadi.

Fuqaro aviatsiyasi uchun tayyorlanayotgan samolyotlarni ham asosan Xitoy aviakompaniyalari xarid qiladi. Lekin korporatsiya ishlab chiqarayotgan yo‘lovchi samolyotlari uncha ommabop emas. Xitoyliklar ulardan asosan ichki qatnovlarda foydalanadi.

Yuqoridagi kompaniyalardan tashqari, AQShning Bell Aircraft, Cessna Aircraft Company, Gulfstream Aerospace Corporation, Sikorsky Aircraft kompaniyalari yengil samolyotlar va vertolyotlar ishlab chiqaradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid