Arne Slot rekordlarni yangilash bilan start oldi - Kloppdan keyingi «Liverpul» qanday shakllanmoqda?
«Liverpul» Arne Slot boshqaruvida hozircha faqat 10 ta uchrashuv o‘tkazdi, biroq boshqalarga yillar ham yetmayotgan bir paytda niderlandiyalik murabbiy «qizillar»ni Premer-liga turnir jadvali karvonboshisiga aylantirdi. Opta statistik ma’lumotlar portali yangi «Liverpul»ning mavsum avvalidagi o‘yinlaridan tahliliy raqamlarni havola etdi.
«Manchester Yunayted» va «Arsenal»ning ser Aleks Fergyuson va Arsen Vengerning uzoq yillik boshqaruvidan keyin yo‘liqqan muvaffaqiyatsizliklari singari, «Liverpul»ga ham Yurgen Kloppning 9 yillik erasidan so‘ng, turnir jadvalining yuqori qismidagi o‘rnini saqlab qolish qiyin kechishi taxmin qilingandi.
Ammo mana Arne Slot mersisaydliklar bilan 10 ta o‘yin o‘tkazdi: klub Angliya liga kubogida 4-bosqichda, Chempionlar ligasining liga bosqichida maksimal ochko to‘plab turibdi va Angliya Premer-ligasi turnir jadvalining birinchi o‘rnida bormoqda. 46 yoshli mutaxassis «Liverpul»dagi dastlabki 10 uchrashuvining 9 tasida g‘alaba qozongan birinchi murabbiy bo‘ldi. Umuman, mavsum boshidagi ilk 10 o‘yinda 9 ta g‘alabaga «Liverpul» o‘z tarixida 3 marta erishgan (bundan avval: 1961/62, 1990/91 yilgi mavsumlarda).
Va bu shunchaki boshlanishi ekanligini ham eslatib o‘tish joiz. Unai Emeri «Arsenal»dagi 10 ta uchrashuvining 8 tasini yutgan edi, keyin esa… «Feyyenoord»ning sobiq murabbiyi uchun ham bir zumga ogohlikni qo‘ldan boy berish mumkin emas, chunki «Liverpul» ham katta o‘zgarishlar arafasida bo‘lishi mumkin. Har holda, yetakchilardan uch nafari: Muhammad Saloh, Virjil van Deyk va Trent Aleksandr-Arnoldning klub bilan amaldagi shartnomalari kelgusi yil yozida yakuniga yetadi va hozircha ular bilan kelishuvlar uzaytirilishi borasida jiddiy gap yo‘q.
«Liverpul»ning statistikalari mavzusiga qaytamiz va ular ayniqsa, mehmondagi uchrashuvlarda ajoyib ko‘rinish olgan, zero safardagi uchrashuvlarda «Liverpul» 100 foiz natija qayd etdi. Ular orasida «Milan» va «Manchester Yunayted»ga qarshi katta o‘yinlarda erishilgan g‘alabalar ham borligi ushbu natija qiymatini oshiradi. Solishtirish uchun, «Liverpul» o‘tgan mavsumda mehmondagi 19 o‘yinning faqat 9 tasida g‘alabaga erisha olgan (7 durang, 3 mag‘lubiyat). «Liverpul»ning muvaffaqiyatli starti haqidagi raqamlarni o‘rganishda ular eng qulay taqvim asosida harakat qilganini yoddan chiqarmaslik kerak: «Ipsvich Taun», «Brentford», «Manchester Yunayted», «Nottinghem Forest», «Bornmut», «Vulverhempton» va «Kristal Pelas».
Muvaffaqiyatning asosiy sabablaridan biri «Liverpul»ning sobiq murabbiyi Yurgen Kloppning uslubi yangisinikiga juda o‘xshash bo‘lganida, deyish mumkin. Ularning har ikkisi 4 nafar himoyachi bilan harakatlanadi va qanotda katta masofa bosib o‘tib, raqib hududiga yorib kirish qobiliyatiga ega vingerlardan unumli foydalanadi. Yarimhimoyadagi uslub biroz farq qilsa-da, har ikki murabbiyning talabi ham markazdagi futbolchilardan jamoaning qolgan qismi uchun ham «qora mehnat» qilishiga asoslanadi.
TNT Spors kanaliga mavsum avvalida bergan intervyusida Arne Slotning o‘zi ham ushbu masalaga to‘xtalib o‘tgandi: «Menimcha, siz ham mavsumoldi yig‘inda o‘tkazgan uchrashuvlarimizda qurayotgan uslubimiz Yurgen Kloppnikiga juda o‘xshash ekaniga guvoh bo‘ldingiz. Biz xuddi Yurgen davrida bo‘lganidek to‘pga egalik qilishni xohlaymiz va to‘psiz harakat qilgan vaqtimizda intensiv pressing amalga oshirishga harakat qilamiz. Yurgen davrida jamoa to‘p bilan ham juda intensiv harakat qilardi, lekin men to‘p nazorati bizda ko‘proq saqlanib qolinishiga qarshi emasman. Balki, Yurgen ham to‘p nazoratini ushlab turishga qarshi bo‘lmagandir, lekin mening uslubimda biz to‘pni ko‘proq o‘z ixtiyorimizda saqlab turishga urinamiz».
«Liverpul»ning mavsum boshidan hozirgacha bo‘lgan statistikasiga qaralsa, Arne va’da qilgan o‘zgarishlarni, darhaqiqat, payqash mumkin. Ammo, liga miqyosida liverpulliklarning yana 31 ta uchrashuvi bor va hali kampaniya yakunigacha raqamlar o‘zgarishi mumkin. «Qizillar» har bir uchrashuvda 2,0 xG — gol kutilmasi qayd etmoqda va Klopp davrida faqatgina 2021/22 va 2023/24 yilgi mavsumlarda bundan yaxshiroq natija qayd etilgan. O‘z navbatida, o‘tkazib yuborilishi kutilgan gollar ko‘rsatkichi o‘tgan mavsumdagidan (1,22) sezilarli pasaygan — 0,74. Yurgen Kloppning eng yaxshi mavsumida ham ko‘rsatkich 0,76 xG’ni tashkil etgani inobatga olinsa, ushbu natijani ajoyib deyish mumkin.
Vaholanki, «Liverpul»ning xG’dagi yaxshilanishi zarbalar soni ko‘paygani bilan bog‘liq emas. O‘tgan mavsumda ular har bitta uchrashuvda o‘rtacha 20,8 tadan zarba bergan bo‘lsa, joriy mavsumning hozirgacha bo‘lgan davridagi o‘yinlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 15,3 tani tashkil etmoqda. Klopp so‘nggi mavsumida darvozasi tomonga berilgan zarbalarning o‘rtacha hisobini 10,9 taga tushirib, o‘z davri rekordini o‘rnatgandi. Hozirgacha bo‘lgan davrdagi Arnening natijasi (9,1) esa bu natijani ham yaxshilamoqda.
Lekin bir jihatdan «Liverpul»ning yangi murabbiyi xohlayotgan jihat statistikada aks etmayapti, u ham bo‘lsa — to‘p nazorati. Uning jamoasi har o‘yinda o‘rtacha 570,1 tadan uzatma amalga oshirmoqda va bu Klopp ushbu klubda to‘liq mavsum o‘tkazgan istalgan mavsumidan past ko‘rsatkich. Ammo shunda ham ushbu uzatmalarning aniqlik ko‘rsatkichi (86,6 foiz) germaniyalik hamkasbi klubda qayd etgan barcha mavsumlardagi raqamlardan yaxshiroq ko‘rinish olgan. «Liverpul»ning o‘rtacha 60,3 foiz to‘p nazorati klubning 2015/16 yilgi mavsumdan beri eng yomon ko‘rsatkichi, lekin shunda ham ushbu statistika bo‘yicha APLda «Manchester Siti» (63,5) va «Tottenhem»dan (62,4) keyingi uchinchi pog‘onani band etib turibdi.
«Liverpul»ning o‘yini Yurgen davrida hujumda xaos yuzaga keltirish orqali amalga oshirilardi, turli pozitsiyalar vakillari o‘zaro o‘rin almashish orqali himoyalanayotgan jamoalarni shoshirib qo‘yardi. Eng turfa pozitsiyalarda harakat qiluvchi futbolchi sifatida Trent Aleksandr-Arnoldni ko‘rsatish mumkin. Klopp uni yarimhimoyada ham o‘ynata boshlagan, hujumga qo‘shilishida anchagina erkinlik berilgandi. Ushbu mavsumda esa Slot Trentdan sof o‘ng qanot himoyachisi rolida foydalanyapti. Buni uning har 90 daqiqa hisobidan o‘rtacha to‘pga teginishlari farqidan ham payqash mumkin. O‘tgan mavsumda 90 daqiqada o‘rtacha 100 bor to‘pga tegingan futbolchining joriy mavsumdagi teginishlari soni qariyb 77 tani tashkil etmoqda. Quyidagi faol zonalar xaritasida uning bajarayotgan ishlari ko‘lami haqida ham umumiy ma’lumot olish mumkin:
Bu tashabbus Slot tomonidan ilgari surilgan, Trentning jamoa o‘yini qurilishidagi ishtiroki, ahamiyatini pasaytirish va mish-mishlari ko‘payib qolgan ehtimoliy transferi holatiga tayyorlanish harakati sifatida ko‘rilishi mumkin.
Liverpulliklar o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasida jami 41 ta gol o‘tkazib yuborgandi, Slot bilan esa 7 ta uchrashuvda atigi ikki bor o‘z darvozasidan to‘p olib chiqdi. Undan keyingi eng yaxshi natijani ligada «Arsenal» va «Nottinghem Forest» (6) qayd etib turibdi.
Xo‘sh, ular to‘psiz qanday harakat qilmoqda? Axir, biz Klopp jamoasini to‘psiz o‘yinda tengsiz deb bilardik. Yurgenning assistenti Pep Laynders ko‘pincha jamoani «pressing monstrlari» deb atashi bejiz emasdi. Qayd etish kerakki, Slot jamoasi sobiq murabbiy davridagidan ancha kam agressiya namoyish etmoqda, ya’ni ular raqib to‘pni qabul qilgan zahoti unga tashlanib, yuqori zonalarning o‘zida ularga bosim o‘tkazmayapti. Aksincha, yangi «Liverpul»da bu jarayon shoshmasdan, ma’lum tartib asosida amalga oshmoqda. Raqibga «nafas olishga berilayotgani» statistikada ham aks etgan. O‘tgan mavsumda «Liverpul» to‘pni oldirib qo‘ygach, raqiblari o‘rtacha 8,9 ta uzatma amalga oshirishga muvaffaq bo‘layotgandi. Joriy mavsumning hozirgi vaqtgacha bo‘lgan qismida «qizillar» qayta to‘pni yutib olgunicha qarshi tomon o‘rtacha 10,4 marta pas berishga ulgurmoqda. Shunda ham Slot jamoasi bu ko‘rsatkich bo‘yicha ligada to‘rtinchi o‘rinda («Tottenhem» – 8,0; «Arsenal» – 8,9; «Brayton» – 9,4).
Bu yerda hech qanday hayron qoladigan jihat yo‘q: bu — Slotning uslubi. O‘tgan mavsum u boshqargan «Feyyenoord» xuddi shu statistika bo‘yicha 10,1 ko‘rsatkich qayd etgan. Shuningdek, «Liverpul» o‘tgan mavsumdagidan farqli ravishda kamroq hisobda ortda qolgan holatda o‘ynamoqda. Jamoa bu borada ham ligada yetakchi.
O‘tgan mavsum mersisaydliklar 16 ta bahsda birinchi bo‘lib darvozasidan to‘p olib chiqqandi, joriy mavsumda esa 7 ta uchrashuvning faqat bittasida shunday vaziyat kuzatildi. Va nihoyat, «Liverpul» futbolchilari joriy mavsumda barcha duellar (yelkama-yelka kurash)larning o‘rtacha 51,3 foizida ustun kelmoqda va bu Klopp davridagi har qanday mavsumdagidan yaxshiroq ko‘rsatkichdir.
Albatta, yuqoridagi barcha statistikalar, avval ham ta’kidlab o‘tilganidek, kichik davr ichida erishildi va ushbu natijalar qayd etilgan o‘yinlarda «Liverpul»ning taqvimi ancha qulay edi. To‘ydan oldin nog‘ora chalish niyatida emasmiz, biroq tan olish ham kerakki, mersisaydliklar yangi murabbiy qo‘l ostida yaxshi start olishdi. Oldinda esa mavsumning mashaqqatli qismi kutib turibdi. Unda jarohatlar, omadsiz o‘yinlar, jamoa ichidagi inqirozli vaziyatlarga duch kelish holatlari ham bo‘ladi. Balki, mavsum davomida butkul boshqa raqamlar aks etgan maqola bilan yana «Enfild»ga qaytarmiz...
Opta ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi
Mavzuga oid
14:28 / 28.10.2024
«Arsenal» jarohatlar girdobida, Italiya derbisida yangi yulduz porladi. Kun o‘yinlari
13:56 / 21.10.2024
Gvardiolada to‘purar himoyachilar, «Barsa» raqiblarga dahshat solmoqda. Kun o‘yinlari
17:00 / 19.10.2024
«Liverpul», «Barsa» va «Yuve» uchun jiddiy sinov. Dam olish kunlarida tavsiya etiladigan 4 uchrashuv
11:22 / 03.10.2024