21 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar
Prezidentning davlat tili masalasidagi murojaati, texnikumga aylantiriladigan kollejlar va daraxtlarni nobud qilgan ekoinspeksiya boshlig‘i — kun davomida Kun.uz'da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
“Til – hassos masala”
Bugun – O‘zbek tili bayrami kuni. Bundan roppa-rosa 35 yil muqaddam, 1989 yil 21 oktyabrda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tili davlat tili deb e’lon qilingan edi. Ma’lumot uchun, dunyoda 6 mingdan ortiq til mavjud bo‘lsa, ulardan faqat 200 ga yaqini davlat tili maqomiga ega.
Bayram munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Prezident davlat tili rivoji uchun qilinayotgan ishlar va muhim vazifalarni sanab o‘tdi. Xususan, o‘zbek tilini axborot texnologiyalari sohasidagi yirik dasturlar tili qatoriga kiritish choralarini ko‘rish dolzarb vazifamiz bo‘lib qoladi, dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki ko‘pmillatli butun xalqimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari va vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi. “Har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan bo‘lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o‘ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz”, – dedi prezident.
Davat rahbari o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni hayotga tatbiq qilishda yuksak madaniyat va o‘zaro bir-birini anglash tuyg‘usini namoyon etishga chaqirdi.
O‘zbekistonliklarni bugungi bayram bilan diplomatik korpus vakillari ham qutlamoqda. AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik o‘zbek tilida tabrik yo‘llab, tilimizni qanchalik o‘rganib olganini bozorlik qilish asnosida ko‘rsatib berdi. Elchixona tarqatgan videoda u sabzi xarid qilayotib, “nega qimmat, dollar oshdimi, kami bordi” deya savdolashganini ko‘rish mumkin.
Kollejlar texnikumga aylantiriladi
O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimi endi faqat texnikumlardan iborat bo‘ladi. Prezident farmoniga ko‘ra, kollejlar va kasb-hunar maktablari texnikumlarga aylantirilmoqda. Texnikumlarda boshlang‘ich kasbiy ta’lim 9-sinfdan keyin davlat granti asosida, o‘rta va o‘rta maxsus kasbiy ta’lim esa davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. O‘rta maxsus diplomini olgan a’lochi bitiruvchilar o‘qishini bakalavriatning yuqori kurslarida davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Texnikumlarda ta’lim jarayoniga xalqaro standartlar joriy etilishi kutilmoqda. Texnikum direktorlari ochiq tanlov asosida tanlab olinadi va ular bir qator huquqlarga ega bo‘ladi. O‘qitiladigan fanlar majmuasini 30 foizgacha o‘zgartirish, yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlari bilan to‘lov-kontrakt asosidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish, qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzish shular jumlasidan.
Eslatib o‘tamiz, bu o‘zgarishlar o‘tgan oyda prezidentga taqdimot qilingan edi. Taqdimotda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistondagi kasbiy ta’lim tizimi 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollejni o‘z ichiga oladi. Ularning negizida 600 ta texnikum tashkil etilib, qolgan 71 ta muassasaning binosini umumta’lim maktabiga aylantirish rejalashtirilgan.
Gaz qazib olish qisqarmoqda
Statistika agentligi 9 oylik yakunlari bo‘yicha sanoat statistikasini e’lon qildi. Hisobotdan ma’lum bo‘lishicha, tabiiy gaz qazib olish qisqarishda davom etmoqda. Yanvar–sentabr oylarida 35 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 mlrd kub yoki salkam 5 foizga kam.
Qazib olishning qisqarib borishi fonida import hajmi oshib boryapti. 9 oy davomida xorijdan 1,3 mlrd dollarlik gaz sotib olingan, bu – 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 3,5 barobarga ko‘p. Shuningdek, hisobot davrida gaz eksporti 16,5 foizga yoki 480 mln dollargacha oshgan.
Statistika agentligiga ko‘ra, neft qazib olish 7 foizga kamaygan, benzin va dizel ishlab chiqarish deyarli o‘zgarishsiz qolgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 4 foizga, ko‘mir qazib olish esa 19 foizga oshgan.
1 gramm oltin – $90
Jahon bozorida oltin narxlari uzoq yillik rekordlarni yangilashda davom etarkan, bu tendensiya O‘zbekistonda ham ko‘zga tashlanmoqda. Mamlakatimizda 1 gramm quyma oltin narxi 90 dollarga yetdi.
Oltin quymalar va esdalik oltin tangalarning Markaziy bank tomonidan yangilangan narxlariga ko‘ra, 1 gramm oltin narxi 1 mln 150 ming so‘mni tashkil etmoqda. Hozirda banklar orqali 5 grammli oltin quymalarni 5 mln 750 ming so‘mga, 15 grammli esdalik tangani esa 17 mln 418 ming so‘mga sotib olish mumkin. Bu – yil boshidagi narxlardan 36 foizga, bir yil oldingi narxlardan esa 45 foizga yuqori. Oddiyroq aytganda, tillaning narxi bir yil ichida salkam 1,5 barobarga qimmatlashdi.
5 ta xususiy OTM sudga berilgan
Oliy ta’lim vazirligi yil boshidan beri 5 ta xususiy universitetning litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga ariza kiritgan. Shundan 4 ta holatda sudlar arizani rad etgan, 1 ta holatda oliygohning litsenziyasi bekor qilingan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda 26 ta xususiy oliygohning faoliyati o‘rganib chiqilgan. Ularning aksariyatida xato va kamchiliklar, qoidabuzarliklar aniqlangan va bu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 1 oy muddat berilgan. Ana shu muddat ichida ko‘rsatilgan talablarni bajarmagan oliygohlarga nisbatan sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
Rasmiy xabarda qo‘shimcha qilinishicha, litsenziyasi bekor qilingan universitetlarning talabalari o‘qishini davlat yoki nodavlat oliygohlarning mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish huquqiga ega.
Daraxtkesar ekologiya boshlig‘i
Jizzax viloyati Do‘stlik tumani Ekologiya inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Fazliddin Abdusamatov qidiruvga berildi. U noqonuniy daraxtkesarlikda ayblanmoqda.
Sud ajrimida keltirilishicha, Fazliddin Abdusamatov 2024 yil 18 iyul kuni Do‘stlik tumani Navro‘z mahallasida yo‘l bo‘yida ekilgan 14 tup qimmatbaho shumtol (yasin) daraxtini qurib qolganlik vaji bilan noqonuniy ravishda, o‘zboshimchalik bilan kesib tashlagan. O‘tkazilgan sud-biologik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, kesilgan 14 tup shumtolning 3 tupi qurimagan bo‘lgan.
Tabiatga yetkazilgan zarar salkam 228 mln so‘mga baholanmoqda. Ayblanuvchi tergovdan yashiringani sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilindi.
Mavzuga oid
21:11 / 24.12.2024
24 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:14 / 23.12.2024
23 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:16 / 20.12.2024
20 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
20:30 / 19.12.2024