Toshkentda sudyalar uchun Germaniya va Sloveniya tashkilotlari hamkorligida seminar-trening boshlandi
O‘zbekistonda 2025 yildan boshlab tergov sudyasi instituti joriy etiladi. Oliy sud matbuot xizmatiga ko‘ra, bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish sudyalar uchun muhim ahamiyatga ega.
Toshkentda Oliy sud, «Mintaqaviy muloqot» xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti (Sloveniya) hamda Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ) hamkorligida sudyalar uchun «Sudga qadar ish yuritishda fuqarolar huquqlari himoyasi» mavzusida seminar-trening boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning iyun oyida «Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilingandi.
«Mamlakatimiz sud amaliyotida 2025 yildan boshlab tergov sudyasi instituti joriy etilayotganini inobatga olgan holda bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish sudyalar uchun muhim ahamiyat kasb etadi», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, seminarda sud, prokuratura va politsiya organlarida faoliyat yuritayotgan tajribali xorijiy ekspertlar tergov jarayonida fuqarolik huquqlari ahamiyati hamda ularni himoya qilish uslublari bo‘yicha Germaniya va Sloveniya tajribasiga doir ma’ruzalari bilan ishtirok etadi. Shuningdek, tadbir kun tartibidan ayblanuvchilarning axborot olish, ish bilan tanishish, ko‘rsatma berishdan bosh tortish va adolatli sudlov huquqiga doir mavzular muhokamasi ham o‘rin olgan.
«Umuman aytganda, seminar ishtirokchilari bo‘lmish mamlakatimiz jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining sudyalari tergov sudyasining huquq va vakolati, shuningdek, vazifa va majburiyatlari, aybsizlik prezumpsiyasi va mutanosiblik tamoyilini muhokama qilib, tergov jarayonida fuqarolik huquqlari himoyasiga amaliy yondashuvga oid amaliyot va ilg‘or tajriba bilan tanishadi.
Ikki kun davom etadigan seminar yakuni bo‘yicha xulosalar, amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.
Mavzuga oid
14:44 / 21.09.2024
Senatda Oliy sud raisiga o‘rinbosarlar saylandi
21:57 / 23.07.2024
Oliy sud fuqaroning ijtimoiy norma bo‘yicha shikoyatini qabul qilmadi
22:11 / 19.07.2024
2024 yilning dastlabki 6 oyida 10 mingdan ortiq shaxs ozodlikdan mahrum etildi
18:21 / 18.05.2024