Ukraina bosh prokurori «soxta nogironlik» bilan bog‘liq holatlar uchun iste’foga chiqdi
Prezident Zelenskiy amaldorlarni, jumladan prokuratura xodimlarini soxta nogironlikni olganlikda ayblaganidan so‘ng, bosh prokuror o‘z lavozimini tark etdi.
Ukraina bosh prokurori Andriy Kostin iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Bu haqda 22 oktyabr kuni Bosh prokuraturaning telegram-kanalida xabar paydo bo‘ldi.
Kostinning aytishicha, u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy «soxta nogironlik» olgan amaldorlarni tanqid qilganidan keyin iste’foga chiqishga qaror qilgan. «Ukraina prokuraturasi tizimida ko‘plab sharmandali suiiste’mol faktlari aniqlandi», dedi Kostin.
«Men Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning nafaqat nogironlik, tegishli pensiya va boshqa hisob-kitoblarni tayinlash bo‘yicha barcha noqonuniy qarorlar bekor qilinishi, balki shaxsiy javobgarlik, jumladan, siyosiy javobgarlik ham bo‘lishi kerak degan pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlayman», deb qo‘shimcha qildi Kostin.
«Men Ukraina prezidenti va Oliy Radasiga ishonch bildirgani uchun minnatdorman. Ammo shunday vaziyatda bosh prokuror lavozimini tark etishimni to‘g‘ri deb hisoblayman», dedi u.
Avvalroq, Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining «turli davlat organlari mansabdor shaxslarining nogironlik bilan bog‘liq noqonuniy harakatlari» bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. «Mansabdorlarning ko‘plab qonunbuzarliklari va soxta nogironlikni olgani aniqlandi», dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy «biz Ukraina prokuraturasi tizimidagi vaziyatni alohida ko‘rib chiqdik», dedi. Ukraina prezidenti «hozirgi vaziyat uchun javobgarlik shaxsiy bo‘lishi kerakligini» qo‘shimcha qilib, hukumatga «kadrlar bo‘yicha qarorlar» qabul qilishni topshirdi.
Andriy Kostin - ukrainalik huquqshunos va siyosatchi. U 2022 yil iyulidan beri Ukraina bosh prokurori lavozimini egallab kelgan, bungacha Oliy Rada deputati bo‘lgan.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024