O‘zbekiston | 14:10 / 23.10.2024
2184
2 daqiqa o‘qiladi

Aviakompaniyalardan yo‘lovchilarning 200 mln so‘mga yaqin puli undirib berildi

Raqobat qo‘mitasiga 2024 yilning 9 oyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatayotgan aviakompaniyalarga e’tirozlar bildirilgan 200 dan ortiq iste’molchidan murojaatlar kelib tushgan. 

Foto: Kun.uz

Murojaatlar foydalanilmagan aviachipta pulini qaytarmaslik, yo‘lovchilarga parvozlar kechiktirilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida yetkazmaslik, shikastlangan bagaj uchun yuk qiymatini to‘liq qoplab bermaslik va parvozlar vaqtida yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning talab darajasida emasligi yuzasidan bo‘lgan.

Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, iste’molchilar foydasiga 195 million so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

Xususan, Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro S.Sh.dan kelib tushgan murojaat Air Samarqand aviakompaniyasi tomonidan yuzaga kelgan muammo bilan bog‘liq. Fuqaro oilasi bilan Vetnam davlatiga uchish va qaytish uchun aviachiptalarni xarid qilgan. Bulardan ikkita aviachipta biznes klass toifasiga taalluqli bo‘lib, parvoz vaqtida unga taklif qilingan qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatilmagan.

Qo‘mita tomonidan mazkur murojaat o‘rganib chiqilishi natijasida, ushbu aviakompaniya haqiqatan ham parvoz vaqtida iste’molchiga yetarli darajada xizmat ko‘rsatmagani aniqlandi va  10 million 160 ming so‘m pul aviakompaniya tomonidan fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlangan.

Mavzuga oid