Fan-texnika | 01:36 / 24.10.2024
5943
3 daqiqa o‘qiladi

Apple bosh direktori iPhoneʼga sun’iy intellekt joriy etilishi oldidan Xitoyga tashrif buyurdi

Apple Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan o‘z qurilmalariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Foto: Tim Kuk/Weibo

Apple bosh direktori Tim Kuk Amerika texnogiganti sun’iy intellekt funksiyasini iPhone smartfonlariga joriy etishga tayyorlanayotgan bir paytda Xitoyga tashrif buyurdi. Pekinga tashrifi haqida korporatsiya rahbari Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozib qoldirdi. 

Pekin ko‘chalari bo‘ylab xitoylik suratkash Chen Men bilan sayr qilgan Kuk Apple smartfonining yangi modeli yordamida suratga tushgan. Shuni viloyatidagi fermer xo‘jaligida u Xitoy qishloq xo‘jaligi universiteti va Chjetszyan universiteti talabalari bilan qishloq xo‘jaligi samaradorligi hamda barqarorligini oshirishga qaratilgan raqamli texnologiyalardan foydalanilishiga guvoh bo‘lgan.

Shuningdek, u Vanfutszin tumanidagi Apple do‘koniga tashrif buyurib, xodimlar va xaridorlar bilan muloqot qilgan.

«E’tiborli jihati, mazkur tashrif Apple o‘z smartfonlari va boshqa qurilmalariga Apple Intelligence nomli sun’iy intellekt funksiyasini qo‘shish rejasini e’lon qilgan davrga to‘g‘ri», — deyiladi xabarda.

Dunyodagi texnologik kompaniyalar foydalanuvchilar talabidan kelib chiqib o‘z mahsulotlariga SI funksiyalarini faol joriy etmoqda. Ammo Apple Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan o‘z qurilmalariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda ayrim qiyinchiliklarga duch keldi.

XXR avgust oyida Xitoy va Yevropa Ittifoqi davlatlari bozorlariga sun’iy intellektni joriy etishdan oldin tegishli qonunchilikni yaxshilab o‘rganib chiqish kerakligini ma’lum qilgnadi. Xitoy nazorat organlari joriy yilning sakkiz oyida 188 ta samarali SI xizmatlaridan foydalanishni ma’qullagan. Ammo ushbu texnologiyalarning barchasi Xitoyda joylashgan kompaniyalar tomonidan yaratilgan.

Kuk bu borada biror rasmiy uchrashuv o‘tkazish yoki o‘tkazmasligi hozircha noma’lum. Bu Apple bosh direktorining Xitoyga ikkinchi tashrifi hisoblanadi. Mart oyida Kuk Pekinga Xitoy taraqqiyot forumida ishtirok etish uchun kelgan va amerikalik tadbirkorlar bilan birgalikda mamlakat bosh vaziri Le Ketsyan bilan uchrashgan edi.

Mavzuga oid